O‘zbekiston va Pokiston ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish zarur

O‘zbekiston va Pokiston ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish zarur

2022 yil 13 iyun kuni O‘zbekiston tahlil markazlari va Janubiy Osiyo va Pokiston xalqaro tadqiqotlar markazi o‘rtasida "Pokiston-O‘zbekiston ikki tomonlama munosabatlari: tashqi siyosatga nazar" mavzusida videokonferensiya bo‘lib o‘tdi, unda ikki mamlakat ekspertlari ishtirok etishdi.

Ushbu vebinarda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi Edvard Romanov "Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda O‘zbekiston-Pokiston hamkorligining rivojlanishi va uning istiqbollari" mavzusida ma’ruza qildi.

Ekspert o‘z nutqida 2019 yil oktyabr oyida O‘zbekistonda Prezident farmoni bilan "Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi" tasdiqlanganini ta’kidladi. Ushbu Strategiyada alohida bob aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasiga bag‘ishlangan. Unda ta’kidlanishicha, oziq-ovqat xavfsizligining to‘rt tarkibiy qismlari oziq-ovqatning mavjudligi, uni xarid qilish qobiliyati, undan foydalanish va uning barqarorligi bo‘yicha oziq-ovqat xavfsizligining davlat siyosati ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Hujjatda qayd etilishicha, aholini barqaror narxlardagi xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash mamlakatimizning ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Ushbu maqsadga erishish uchun xalqaro darajada tan olingan uslubiyatlar va ilg‘or tajribalar asosida oziq-ovqat xavfsizligini baholash tizimini joriy qilish hamda doimiy monitoring qilish kabi tegishli vazifalar belgilab olindi.

Ma’ruza davomida O‘zbekiston “Global oziq-ovqat xavfsizligi” indeksida 2021 yilda 113 ta mamlakat orasida 53,8 ball bilan 78-o‘rinni egallagani ta’kidlandi. Ushbu reytingda bu oziq-ovqat xavfsizligining "o‘rtacha darajasi" degan ma’noni anglatadi. Darvoqe, Pokiston reytingda 75-o‘rinni egallab, oziq-ovqat xavfsizligi "o‘rtacha darajada" bo‘lgan mamlakatlar guruhiga kiritildi.

Ushbu reytingda O‘zbekistonning asosiy yutuqlari qatorida "iqtisodiy qulaylik" parametri alohida ta’kidlangan bo‘lib, unga ko‘ra O‘zbekiston o‘z mavqeini 15 punktga, xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importi bo‘yicha tariflarni pasaytirish orqali yaxshiladi (qishloq xo‘jaligida o‘rtacha import tarifi 19,1%dan 11,4%gacha pasaydi).

Har yili 135 mamlakat o‘rtasida Amerika xalqaro oziq-ovqat siyosati ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tuziladigan "Global ochlik indeksi" ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2021 yilda 5,9 ball to‘pladi, bu ushbu toifadagi maqbul 9,9 ball bilan "past daraja" degan ma’noni anglatadi (2012 yilda 9,5 ballni tashkil etgan).

Shuningdek, O‘zbekistonning oziq-ovqat importi tarkibida don mahsulotlari (23%), o‘simlik moylari (18%), shakar va shakar xom ashyosi (12%), go‘sht mahsulotlari (6%), shuningdek, eksport tarkibida meva-sabzavot mahsulotlari (60%), un va don sanoati (19%) eng katta ulushni egallaydi.

Ekspert O‘zbekistonning Pokiston bilan o‘zaro savdosi haqida gapirar ekan, ikki mamlakat o‘rtasida amalga oshirilmagan eksport salohiyati mavjudligini ta’kidladi.

Xususan, so‘nggi 5 yilda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tashqi savdo hajmi 2016 yildagi 35,6 mln dollardan 2021 yilda 181,5 mln dollargacha 5,1 baravar oshdi. Shu bilan birga, ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida O‘zbekistonning Pokistonga eksporti 13 baravarga ortib, 10 mln dollardan 130 mln dollarga yetdi. Pokistondan import hajmi esa 25,5 mln dollardan 51 mln dollargacha 2 baravar oshdi.

2021 yilda O‘zbekistonning Pokistonga eksporti tarkibida 62,3 mln dollarlik dukkakli ekinlar (eksport hajmining 48%), shuningdek, 59,2 mln dollarga teng kalava iplari (46%) yetakchilik qildi.

O‘zbekistonga Pokistondan import qilinadigan mahsulotlarning asosiy ulushini 21,6 mln dollarlik kartoshka (import hajmining 42%) va 18,8 mln dollarlik dori vositalari (37%) tashkil etdi. Shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, ko‘rsatilgan hajmdagi kartoshka importi faqat 2021 yilda kuzatilgan bo‘lib, dori vositalari kabi Pokistondan keltiriladigan an’anaviy import tovari hisoblanmaydi.

Ma’ruza davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi eksport va import tarkibida mahsulot hajmining deyarli yarmini oziq-ovqat mahsulotlari tashkil etishi qayd etildi. Bu O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ikki mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi hamkorligidan dalolat beradi.

Ekspert fikricha, O‘zbekiston eksporti tarkibini Pokiston importi tarkibi bilan qiyosiy tahlil qilish mahalliy mahsulotlarni Pokiston bozoriga eksport qilishni kuchaytirish uchun yaxshi imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.

Masalan, O‘zbekiston tashqi bozorlarga eksport qiladigan ba’zi tovarlarni Pokiston quyidagi hajmlarda import qiladi: dukkakli mahsulotlar $466 mln, uzum $85 mln, piyoz $73 mln, pomidor $42 mln, yong‘oq $19 mln va boshqa mahsulotlar.

O‘z navbatida, Pokiston O‘zbekistonga kartoshka, yangi va quritilgan sitrus mevalar hamda guruch eksportini ko‘paytirishi mumkin.

Bundan tashqari, O‘zbekiston asosan Braziliyadan shakarqamish xom ashyosini O‘zbekistonda shakar ishlab chiqaradigan zavodlar uchun xom ashyo sifatida sotib oladi. Pokiston esa katta hajmda shakarqamish ishlab chiqaradi va xom qamish shakarini O‘zbekistonga eksport qilishi mumkin.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning Pokistonga eksporti hajmini oshirish yo‘lidagi asosiy to‘siq, yuqorida aytib o‘tilganidek, mamlakatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l aloqalarining yo‘qligi hisoblanib, bu transport xarajatlarining oshishiga va Pokiston bozoriga yetkazib berishda mahalliy eksport mahsulotlarining raqobatbardoshligi pasayishiga olib keladi.

Ekspert “Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar” temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirish ushbu muammoni hal qilishi mumkinligini ta’kidladi. O‘zbekiston ushbu mamlakat ishtirokida transafg‘on temir yo‘l yo‘nalishini qurish bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan.

O‘zbekiston va Pokiston eksporti asosan to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘z ichiga olgan o‘xshash tuzilmaga ega ekanligini hisobga olib, o‘zaro savdo hajmlarini oshirish maqsadida tayyor mahsulotlarni uchinchi davlatlar bozorlariga eksport qilish bo‘yicha qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil qilish zarur.

Xususan, O‘zbekiston va Pokiston ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida kooperatsiya tashkil etishga ko‘maklashish zarur. Masalan, O‘zbekistonda qo‘shma sholi klasterini (Pokiston dunyoda guruch yetishtirish bo‘yicha 10-o‘rinda) yoki qo‘shma baliqchilik xo‘jaliklarini (Pokistonda baliq eksporti 2019 yilda 350 mln dollarni tashkil etdi) tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqish kerak. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi 180 ga yaqin korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida Pokistonning yirik kompaniyalarini jalb qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish lozim.

Xulosa o‘rnida vebinar ishtirokchilari Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasida katta istiqbollar mavjudligi va ular ustida ishlashni davom ettirish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldilar.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar