Zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimida “mintaqa–mintaqa” formatidagi hamkorlik tobora ommalashib bormoqda. Xavfsizlik, barqaror iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy barqarorlik sohalaridagi dolzarb muammolar nafaqat davlatlar va alohida mintaqalarning faol ishtirokini, balki mintaqalararo o‘zaro hamkorlikning rivojlanishini ham talab etmoqda. Bu kabi format xalqaro maydonda yangi tendensiyalarni shakllantirishga hamda ko‘p bosqichli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bunday hamkorlikning yorqin misollaridan biri – Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi muloqot bo‘lib, u Yevroosiyo makonida tobora muhim tendensiyaga aylanmoqda. 2021 yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Muammolar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya mazkur jarayonning boshlang‘ich nuqtasiga aylanib, mintaqalararo hamkorlikka yangi turtki bergan edi. Joriy yil may oyiga rejalashtirilgan Termiz muloqoti esa bu jarayondagi yangi bosqich bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu muloqot doirasida O‘zbekiston va Pokiston alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ikki mintaqa o‘rtasida yaqinlashuv va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda asosiy aktorlar sifatida namoyon bo‘lishi kutilmoqda.
Nega aynan O‘zbekiston va Pokiston?
“Markaziy – Janubiy Osiyo” formatidagi mintaqalararo hamkorlik dunyodagi ko‘plab yetakchi davlatlar tomonidan katta qiziqish bilan kuzatilmoqda. Dastlab ushbu tashabbus AQSh tomonidan mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash vositasi sifatida ilgari surilgan edi. Biroq 2021 yilda Amerika qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketgach, Vashingtonning mazkur formatni ilgari surishdagi faolligi sezilarli darajada pasaydi.
Bugungi kunda Xitoy va Rossiya mazkur tashabbusga nisbatan katta qiziqish bildirmoqda. Ularning nuqtai nazaridan, ushbu format Yevroosiyoda o‘z ta’sirini kengaytirish uchun samarali vosita bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, ularning ishtiroki asosan siyosiy va deklarativ darajada bo‘lib, aniq moliyaviy majburiyatlar hamda amaliy loyihalar bilan to‘ldirilmagan.
Hindiston va Eron esa hamkorlik g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashsa-da, o‘z e’tiborini dengiz yo‘llariga, xususan, Chobahor va Mumbay portlariga qaratishmoqda. Ular bu yo‘nalishlarni Afg‘oniston orqali o‘tadigan quruqlik koridorlariga nisbatan istiqbolliroq deb hisoblashadi.
Shunday qilib, “Markaziy – Janubiy Osiyo” formatidagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitishda eng katta qiziqish va faollikni aynan O‘zbekiston va Pokiston namoyon etmoqda. Ushbu davlatlar mazkur formatning asosiy manfaatdor ishtirokchilariga aylanib, iqtisodiy va transport loyihalarini aniq investitsiyalar va institutsional tashabbuslar bilan rivojlantirmoqda. Kelgusida aynan ularning faol ishtiroki, siyosiy irodasi va moliyaviy tayyorligi mintaqalararo hamkorlikning sur’ati va samaradorligini belgilab beradi.
Geoiqtisodiy manfaatlar ustuvorligi
Hozirgi bosqichda O‘zbekiston va Pokiston o‘z tashqi siyosat strategiyasidagi e’tiborni geosiyosiy ustuvorliklardan geoiqtisodiy manfaatlar sari burmoqda. O‘zbekiston pragmatik va ko‘p vektorli tashqi siyosatni amalga oshirmoqda hamda Yevroosiyo qit’asini qamrab olgan yirik infratuzilmaviy va logistika loyihalarida faol ishtirok etishga intilmoqda. Mamlakat ishtirok etayotgan asosiy tashabbuslar qatorida “O‘rta koridor”, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi, “Shimol – Janub” xalqaro transport koridori hamda Transafg‘on yo‘lagini alohida ta’kidlash mumkin.
Bu kontekstda Janubiy Osiyo mintaqasiga alohida ahamiyat qaratilib, Toshkent ushbu hududni, jumladan Afg‘oniston va Pokistonni, istiqbolli bozor sifatida ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, Afg‘oniston va Pokiston hududi orqali dengiz portlariga chiqish imkoniyati O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega, chunki mamlakat quruqlikda joylashgan (landlocked) davlat hisoblanadi. Bunday loyihalarni amalga oshirish nafaqat respublika iqtisodiyotini global qiymat zanjirlariga integratsiya qilishga, balki uni Markaziy Osiyo va Rossiya Federatsiyasi uchun muhim tranzit markaziga aylantirishga xizmat qiladi.
Pokiston ham o‘z tashqi iqtisodiy siyosatini geoiqtisodiy manfaatlar asosida shakllantirmoqda. Uning asosiy yo‘nalishlaridan biri – Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusida, xususan, Xitoy–Pokiston iqtisodiy koridori (CPEC) doirasidagi ishtirokidir. Shuningdek, Islomobod Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikni, ayniqsa qishloq xo‘jaligi sohasida, chuqurlashtirishga intilmoqda. Rossiya bugungi kunda Pokistonga asosiy bug‘doy yetkazib beruvchilardan biriga aylangan. Pokiston Markaziy Osiyoni yangi bozor va Yevroosiyoning shimoliga olib boradigan tranzit yo‘li sifatida ko‘rmoqda.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Pokiston tashqi iqtisodiy yondashuvlarda o‘zaro o‘xshashlik namoyon etmoqda. Ikkala davlat ham o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, infratuzilma va bozorlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ular o‘z ishtirokini Yevroosiyo integratsiyaviy va tranzit loyihalarida kengaytirishga qaratilgan ko‘p vektorli siyosat yuritmoqda va bu holat “Markaziy – Janubiy Osiyo” formatidagi hamkorlikda ularning o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Afg‘oniston omili
Afg‘oniston masalasi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan birini tashkil etadi. Ikkala davlat ham Afg‘onistonning qo‘shnisi va iqtisodiy hamkori sifatida uning ijtimoiy-iqtisodiy sohasini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda, gumanitar yordam ko‘rsatmoqda. Xalqaro yakkallanish va sanksiyalar bosimi sharoitida qolgan Afg‘oniston qo‘shni davlatlardan doimiy va tizimli qo‘llab-quvvatlashga muhtoj.
Talibon harakati so‘nggi uch yildan buyon hokimiyatda bo‘lishiga qaramay, hozirgacha xalqaro tan olishga erishmagan. Shuningdek, mamlakatning tashqi aktivlari hamon muzlatilgan holatda qolmoqda. Shunga qaramasdan, mamlakatda tiklanish va modernizatsiya jarayonlari boshlangan: giyohvand moddalar va korrupsiyaga qarshi kurash olib borilmoqda, soliq tizimi joriy etilmoqda, malakali mutaxassislar boshqaruvga qaytarilmoqda va ta’lim sohasiga e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu jarayonda O‘zbekiston va Pokiston Afg‘onistonda barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlovchi faol ishtirokchilar sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu boradagi eng muhim infratuzilmaviy tashabbuslardan biri – Transafg‘on transport koridorini barpo etishdir. 2023 yildan boshlab Toshkentda mazkur yo‘nalishni amalga oshirishni muvofiqlashtiradigan loyiha ofisi faoliyat yuritmoqda. Ushbu yo‘lak O‘zbekiston uchun Pokistonning Karachi va Gvadar portlariga chiqish imkoniyatini ochadi, Pokiston esa Markaziy Osiyo bozoriga yo‘l oladi. Afg‘oniston esa ushbu loyihada muhim tranzit bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida ishtirok etadi.
Ta’lim va inson kapitali rivojini ta’minlash ham ustuvor vazifalardan biri bo‘lishi lozim. Bu yo‘nalishda allaqachon amaliy qadamlar tashlanmoqda: jumladan, O‘zbekiston Mozori-Sharif shahrida 1000 o‘quvchiga mo‘ljallangan madrasa qurmoqda. Bunday tashabbuslarni yanada kengaytirish, jumladan, afg‘on talabalari uchun stipendiyalar va ta’lim dasturlarini joriy etish zarur. Bu Afg‘onistonda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga va mintaqadagi xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Chaqiriqlar
Mintaqa davlatlari o‘rtasida tarixiy aloqalarni tiklash bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarga qaramay, o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirishga to‘sqinlik qiluvchi qator muammolar hanuz saqlanib qolmoqda.
Birinchidan, xalq diplomatiyasi vositalari yetarli darajada rivojlanmagan. O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar asosan davlatlararo darajada cheklangan bo‘lib, qo‘shma ta’lim va madaniyat sohalaridagi tashabbuslar amalda yo‘q. Xususan, bu mamlakatlardan hech biri qo‘shma universitetlarga ega emas, bu esa akademik va yoshlar almashinuvini cheklab qo‘yadi. Shu tufayli, yoshlar va talabalar uchun qo‘shni davlatlar madaniyati, tili va jamiyatdagi jarayonlarni o‘rganish imkoniyatlari tor bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, o‘zaro tushunishni ilgari surishga qaratilgan axborot markazlari tashkil etilmagani jurnalistlar va ekspertlar hamjamiyati o‘rtasidagi hamkorlik darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ikkinchidan, mamlakatlar o‘rtasidagi transport bog‘lanishlar hanuz yetarli emas. Aviaqatnovlar faqatgina cheklangan reyslar bilan ifodalanadi, jumladan, Toshkent – Kobul va Toshkent – Lahor yo‘nalishlari. Mintaqaviy logistikani yaxshilashga qaratilgan Transafg‘on transport koridori hozircha qurilish bosqichida. Hozirgi kunda mamlakatlar o‘rtasidagi yuk tashish asosan avtomobil yo‘llari orqali amalga oshiriladi, bu esa savdo hajmi va aholi harakatchanligini cheklaydi.
Uchinchidan, transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish bilan bog‘liq masalalar hal etilmagan holda qolmoqda. Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida Kunar daryosining suvlaridan foydalanish bo‘yicha qarama-qarshiliklar mavjud. Afg‘oniston mazkur daryoda GES qurmoqda. Afg‘onistonning qishloq xo‘jaligi va energetika sohalarini rivojlantirishga intilishini qo‘llab-quvvatlagan holda, O‘zbekiston va Pokiston xalqaro ekologik va suv standartlariga rioya qilish muhimligini alohida ta’kidlamoqda.
To‘rtinchidan, radikalizm va ekstremizm muammosi hanuz jiddiy xavf sifatida saqlanib qolmoqda. Afg‘oniston hududida IShID-Xuroson va Texrik-ye-Talibon Pokiston (TTP) kabi ekstremistik guruhlarning mavjudligi butun mintaqa xavfsizligi uchun tahdid solmoqda hamda terrorizmga qarshi choralarni muvofiqlashtirishni talab etmoqda. Bu borada Termiz muloqoti va Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) kabi platformalar mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda kompleks yondashuvni shakllantirish uchun muhim maydoncha bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Xulosa va tavsiyalar
Xalqaro jarayonlar o‘zaro bog‘liqlik va dinamikasi oshib borayotgan bugungi sharoitda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu format “mintaqa – mintaqa” tamoyili asosidagi hamkorlik modeli sifatida barqaror rivojlanish, xavfsizlik va o‘zaro manfaatli integratsiyaga xizmat qiluvchi mexanizmga aylanishi mumkin. Biroq, ushbu imkoniyatlarni to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun mintaqalararo aloqalarni institutsionallashtirish zarur.
1. Bu yo‘nalishda istiqbolli maydonchalardan biri sifatida Termiz muloqotini ko‘rsatish mumkin. U nafaqat siyosiy, balki ekspertlar darajasida ham muhim masalalarni muhokama qilish uchun ko‘p bosqichli platforma vazifasini bajarishi mumkin. Formatga davlat organlaridan tashqari, akademik doiralar va biznes vakillarini jalb etish maqsadga muvofiq bo‘lib, amaliyotga yo‘naltirilgan yechimlarni ishlab chiqishga yordam beradi. Mintaqalararo hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish maqsadida Termiz muloqotiga o‘xshash tarzda Peshovar va Kobul muloqotlarini yo‘lga qo‘yish taklifi dolzarbdir. Bunday tashabbuslar muloqotni markazlashmagan holda tashkil etishga va turli aktorlarning faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu orqali transport, energetika, ta’lim va xavfsizlik sohalarida loyihalarni muvofiqlashtiradigan barqaror mintaqalararo institutlar yuzaga keladi.
2. Xalq diplomatiyasi, gumanitar aloqalar va ta’lim almashinuvini rivojlantirish uchun xorijiy stipendiya dasturlarini kengaytirish tavsiya etiladi. Ayniqsa, pedagogika, muhandislik, tibbiyot va ilmiy tadqiqotlar kabi ustuvor sohalarda. Bu xalqlar o‘rtasida o‘zaro tushunishni mustahkamlab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun kadr salohiyatini shakllantiradi.
3. Yana bir muhim tashabbus – Termiz shahrida Markaziy va Janubiy Osiyo Qo‘shma universitetini tashkil etishdir. Universitet ushbu ikki mintaqadan kelgan talabalar, o‘qituvchilar va tadqiqotchilar uchun akademik xabga aylanadi. U nafaqat ta’limiy hamkorlik markazi, balki transchegaraviy ilmiy tadqiqotlar, innovatsion loyihalar inkubatori sifatida barqaror rivojlanishga hissa qo‘shishi mumkin.
4. Bundan tashqari, Lahor shahrida Janubiy va Markaziy Osiyo xalqlari muzeyini tashkil etish madaniy yaqinlashuv, tarixiy merosni saqlash va mintaqaviy birlik g‘oyasini targ‘ib etishga xizmat qiladi. Muzey ko‘rgazma, anjuman va madaniy dasturlar o‘tkazish uchun maydoncha bo‘lib, jamiyatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va qiziqishni rivojlantiradi.
Xulosa qilib aytganda, institutsional mexanizmlarni shakllantirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlash va ta’lim sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni barqaror mintaqalararo sheriklik modeliga aylantirishning asosiy shartlaridir.
Islomxon Gafarov,
Katta ilmiy xodim, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori,
Afg‘oniston va Janubiy Osiyoni o‘rganish markazi,
Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
Izoh qoldirish