O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbuslari

O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbuslari

Ushbu muhim tadbir arafasida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan tashabbuslarni tizimlashtirgan tahliliy sharhni tayyorladi.

Tahlil shuni ko‘rsatadiki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan milliy islohotlar BMT kun tartibi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, ular O‘zbekistonning barqaror va inklyuziv taraqqiyotga erishishda, nafaqat mintaqaviy, balki global darajada ham munosib hissa qo‘shishiga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonning global BRM indeksidagi o‘rni

2025 yil iyun oyida e’lon qilingan so‘nggi global Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) indeksining natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 167 ta davlat orasida 73,1 ball ko‘rsatkich bilan 62-o‘rinni egalladi. Ushbu natija mamlakatimizda milliy va xalqaro majburiyatlarni izchil amalga oshirish jarayonini aks ettiradi, biroq ayrim yo‘nalishlarda hal etilishi lozim bo‘lgan muammo va vazifalar saqlanib qolmoqda.

BRMni amalga oshirishning asosiy bosqichlari

Mamlakatning BRMni amalga oshirish yo‘li bosqichma-bosqich va tizimli tarzda tashkil etildi. 2015 yilda O‘zbekiston rasman BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibini qabul qildi.

2018 yilda Bosh vazir o‘rinbosari rahbarligida Muvofiqlashtiruvchi kengashi tashkil etildi va 16 ta maqsad hamda 125 ta vazifani qamrab olgan milliy «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. 2019 yildan esa milliy portal — nsdg.stat.uz ishga tushirildi va aholi uchun BRM indikatorlarga ochiq kirish imkoniyati yaratildi.

2020 yilda O‘zbekiston o‘zining ilk Ixtiyoriy milliy sharhini taqdim etdi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan nazoratni ta’minlash maqsadida Parlament komissiyasi tuzildi.

2021 yilda mintaqada ilk bor 235 million dollarlik suveren SDG-obligatsiyalar chiqarildi.

2022 yilda BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan parlamentlarning roliga oid rezolyusiyani qabul qildi, 2023 yilda esa biznes vakillari, yoshlar, xotin-qizlar hamda mahalla tuzilmalari ishtirokida ikkinchi milliy hisobot tayyorlandi.

Milliy maqsad va taraqqiyot strategiyalari

2022 yilda Vazirlar Mahkamasining 83-sonli qarori bilan barqaror rivojlanish bo‘yicha milliy maqsadlar belgilandi — jami 16 ta maqsad va 125 ta vazifa. 6-maqsad «Toza ichimlik suvi va sanitariya» doirasida aniq vazifalar qo‘yilgan: aholining xavfsiz, toza ichimlik suvidan foydalanishi, sanitariyaga xizmatlaridan teng foydalanish imkoniyatini yaratish va chiqindi suvlardan xavfsiz qayta foydalanishni kengaytirish orqali suv ifloslanishini kamaytirish.

Ushbu chora-tadbirlar «2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi»da ham o‘z ifodasini topdi. Strategiyada 7 mlrd m³ suvni tejash, energiya iste’molini kamaytirish va davlat-xususiy sheriklikni joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan.

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida suv va atrof-muhitni muhofaza qilish uzoq muddatli taraqqiyotning beshta asosiy ustuvor yo‘nalishidan biri sifatida belgilab qo‘yilgan bo‘lib, ular raqamlashtirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, chang to‘zonlaridan himoya qilish va hududlarni ko‘kalamzorlashtirish bilan uyg‘unlashtirilgan.

Xalqaro hamkorlik

O‘zbekistonning tashqi yo‘nalishdagi sa’y-harakatlari ham tizimli xarakterga ega. Mamlakat suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro konvensiyalarda faol ishtirok etmoqda, «2030 – kun tartibi» doirasidagi majburiyatlarni bajarmoqda, BMTning Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari (ShEKMO), Global suv hamkorligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda. Milliy BRMlarni strategik rivojlanish hujjatlariga kiritilishi muhim yutuq hisoblanadi. BMTTD ma’lumotlariga ko‘ra, davlat byudjeti xarajatlarining o‘rtacha 71 foizi BRMga oid loyihalarga yo‘naltirilmoqda.

Yangi vositalar va moliyalashtirish

Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish samarali moliyaviy mexanizmlarsiz ilojsiz. Shu munosabat bilan O‘zbekiston yangi, innovatsion vositalarni joriy etmoqda. BMTTD bilan hamkorlikda milliy ko‘p o‘lchovli kambag‘illik indeksi (MPI)ning pilot dasturi ishga tushirildi. U kambag‘allikni baholashda faqat daromad darajasini emas, balki turli ijtimoiy-iqtisodiy omillarni ham hisobga oladi.

2021 yil iyul oyida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ilk marta BRM-obligatsiyalarini 235 million AQSh dollari miqdorida joylashtirdi. 2023 yil oktyabr oyida esa MDH hududida birinchi bo‘lib “yashil” obligatsiyalar 340 million dollar hajmida chiqarildi.

Shu tariqa, tematik obligatsiyalar chiqarishning umumiy hajmi 575 million dollarga yetdi. 2021–2024 yillarda mamlakat tomonidan chiqarilgan suveren xalqaro obligatsiyalar hajmi esa 1,2 milliard dollardan oshdi.

Jalb qilingan mablag‘lar ta’lim, suv resurslarini boshqarish, sog‘liqni saqlash, transport, ekologiya va qayta tiklanadigan energetika sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirildi. Mazkur tashabbuslar AQSh, Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqdan 50 dan ortiq investorlarning qiziqishini uyg‘otdi.

Barqaror rivojlanish xatarlari

2025 yilda erishilgan yutuqlarga qaramay, bir qator xatarlar saqlanib qolmoqda. Yuqori demografik o‘sish ish o‘rinlari yaratilishiga (8-maqsad), oziq-ovqat xavfsizligiga (2-maqsad), energetikaga (7-maqsad), shaharlashuv va infratuzilmaga (11-maqsad), shuningdek mas’uliyatli iste’molga (12-maqsad) bo‘lgan yuklamani kuchaytirmoqda. Yerlarning degradatsiyasi va cho‘llanish jarayonlari agrar sektor barqarorligi hamda ekologik holatni (15-maqsad) izdan chiqarmoqda. Jahon resurslari instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2040 yilga borib O‘zbekiston suv tanqisligi juda yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishi mumkin.

Iqlim o‘zgarishi va suv resurslari

Iqlimiy tahdidlar tobora kuchaymoqda: qurg‘oqchilik, issiq havo, beqaror yomg‘irlar va changli bo‘ronlar iqtisodiyot hamda aholi turmushiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mamlakatda suv resurslarining atigi 20 foizi ichki manbalar hisobiga shakllanadi, qolgani esa xorijdan kirib keladi. Markaziy Osiyoda so‘nggi 50–60 yilda muzliklar maydoni 30 foizga qisqargani sababli har yili suv resurslari ham kamayib bormoqda. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yilga borib Sirdaryo suv oqimi 5 foizga, Amudaryo suv oqimi esa 15 foizgacha qisqarishi mumkin. 2030 yilga kelib suv tanqisligi 7 mlrd m³, 2050 yilga kelib esa 15 mlrd m³ga yetishi ehtimol qilinmoqda, bu esa mintaqa yalpi ichki mahsulotini 11 foizga pasaytirishi mumkin.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholashlariga ko‘ra, Afg‘onistonda Qoshtepa kanali foydalanishga topshirilgandan 7 yil o‘tib, Amudaryo suv oqimi 29 foizga qisqarishi mumkin. Bu esa 2030 yilga kelib 2022 yilga nisbatan sug‘oriladigan yer maydonlarini 19 foizga qisqarishiga va dehqonchilik sohasida 250 mingta ish o‘rni yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.

Qishloq xo‘jaligiga ta’siri

Iqlim omillari hosildorlikka jiddiy tahdid solmoqda. Jahon banki prognozlariga ko‘ra, bug‘doy va kartoshka yetishtirish hajmi 57 foizga, paxta – 49 foizga, olma – 63 foizga qisqarishi mumkin.

Agrosektorda tuzilmaviy o‘zgarishlar allaqachon namoyon bo‘ldi: 2017 yilda iqtisodiyotda qishloq xo‘jaligining ulushi 32 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 19,2 foizgacha pasaydi. Shu bilan birga, agrar mahsulotlar eksporti 1,6 mlrd dollarga yetdi.

Raqobatdoshlik istiqbollari va mintaqaviy hamkorlik

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun 2060 yilga qadar 46,7–59,8 mlrd dollar miqdorida investitsiya zarur bo‘ladi. Markaziy Osiyo mintaqasi mazkur jarayonlarga nisbatan o‘ta zaif hisoblanadi. Shu bois suv xavfsizligini ta’minlash, chiqindilarni qisqartirish va uglerod neytralligiga erishish sohalarida mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Chegaralangan moslashuv imkoniyatlari iqlimiy moliyalashtirishdan kengroq foydalanish, «yashil» investitsiyalarni jalb etish va xalqaro mexanizmlarni samarali ishga solish zarurligini taqozo etmoqda.

Xulosa

Shu tariqa, O‘zbekiston BRMlarni amalga oshirishda barqaror ilgarilashni namoyon etmoqda. Bu jarayon keng ko‘lamli ichki islohotlarni faol xalqaro hamkorlik va yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish bilan uyg‘unlashtirib borilmoqda. Shu bilan birga, o‘sib borayotgan demografik bosim, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi oqibatlari milliy hamda mintaqaviy darajada tizimli chora-tadbirlarni talab etmoqda.

Markaziy Osiyoda hamkorlikni kuchaytirish, «yashil» moliyalashtirish va texnologik yechimlarni jalb qilish, shuningdek, global iqlim muzokaralarida faol ishtirok etish uzoq muddatli maqsadlarga erishishning asosiy shartlari hisoblanadi.

«2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi» va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi zarur poydevorni yaratadi, ammo ularning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi islohotlarni izchil davom ettirish va xalqaro jarayonlarga integratsiyalanishga bevosita bog‘liq.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar