Nodir Jumayev: Quyosh energiyasidan foydalanishga katta e’tibor qaratilyapti

Nodir Jumayev: Quyosh energiyasidan foydalanishga katta e’tibor qaratilyapti

O‘zbekistonda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji tobora o‘sib boryapti. Sabab tushunarli. Ishlab chiqarish quvvatlari, transport-kommunikatsiya infratuzilmalari ko‘paymoqda, yangi ish o‘rinlari yaratilyapti. Shunga monand ravishda ko‘plab energiya inshootlari barpo etilayapti, deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, iqtisod fanlari doktori Nodir Jumayev.

Kechagi chiqishimizda energetika sohasining huquqiy jihatlari haqida to‘xtalib o‘tgan edik, bugun fikrlarimizni misollar bilan izohlasak. O‘tgan yildan energetika sohasida xorijiy investorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida 6 ta yangi elektr stansiyasini barpo etish ishlari boshlandi. Ularning umumiy qiymati 2 milliard dollar bo‘lib, 2 ming 700 megavatt quvvatga ega. Xususan, quyosh energiyasidan foydalanishga katta e’tibor qaratilyapti. Zero, bu an’anaviy energiya resurslari cheklangan bugungi sharoitda va kelajakda muhim o‘rin tutadi.

Joriy yilda Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar», Fransiyaning «Total Eren» kompaniyalari tomonidan Navoiy va Samarqandda har birining quvvati 100 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushiriladi.

Fikrimizga misol sifatida yana Surxondaryo viloyatida quvvati 457 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi, 220 kVt kuchlanishli yangi nimstansiya va «Surxon» nimstansiyasiga ulanish uchun 52 kilometrlik elektr uzatish tarmog‘i barpo etilishini misol qilib keltirish mumkin.

O‘z navbatida, qator yirik tarmoqlar qatori elektr energetikasi tizimini transformatsiya qilish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan. Mazkur muhim jarayonlarga esa Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda «MakKinzi», «Boston konsalting Grupp», «Rotshild» kabi xalqaro tan olingan kompaniyalar jalb etildi. Bu elektr energiyasi yo‘nalishidagi monopol bozorlar bilan bog‘liq muammolarni hal etish imkonini beradi.

Bundan tashqari, 2021 yilda davlat va xususiy elektr stansiyalari hamda iste’molchilar o‘rtasida elektr energiyasi ulgurji bozorini shakllantirishga start beriladi.

Bunday misollarni ko‘plab keltirib o‘tish mumkin. Binobarin, sohada aniq maqsadga qaratilgan chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda. Buning hayotdagi aksini har bir fuqaro his qilayapti, deb hisoblayman.

Tan olish kerak, sohada kamchiliklar hamon ko‘p. Bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Lekin ayrim ekspertlarning «hech narsa qilinmayapti», «islohotlar to‘xtab qoldi», «o‘zgarishlar uchun yana Sardoba ro‘y berishi kerakmi?» degan iddaolari shunchaki o‘zidan «soxta qahramon» yasab olishdan boshqa narsa emas.

Elektr energetikasi xalq va davlatning buguni va kelajagiga daxldor jiddiy strategik tarmoqdir. Shunday ekan, undagi har bir chora-tadbir shu nuqtai nazardan kelib chiqib amalga oshirilyapti. Bunda energiya resurslarini sotish va sotib olish uchun erkin bozor yaratish, elektr energiyasi importini liberallashtirish, elektr stansiyalarini xususiylashtirish, elektr energiyasini uzatish tizimidan foydalanish bo‘yicha aniq va shaffof qoidalar ishlab chiqish, ma’muriy islohotlarni amalga oshirish hamda huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish masalasi ham e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q.

Hammasi yetti o‘lchab bir kesilgan holda davom ettirilmoqda.

Nodir JUMAYeV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar