O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari (MIX) birinchi marta e’lon qilindi. Bu ko‘rsatkich kambag‘allik chizig‘ini aniqlash va aholi ehtiyojlarini hisobga olish uchun ishlatiladi.
MIX kishi boshiga oyiga 440 ming so‘mni tashkil etadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, iqtisodchi Nodir Jumayev minimal iste’mol xarajatlari uchun nega o‘zgaruvchan yoki to‘lqinli, balki qat’iy optimal qiymat belgilanishi xususida izoh berdi.
Ma’lumki, koronavirus pandemiyasi mamlakatimiz uchun ham haqiqiy sinovga aylandi. Bunday murakkab holat iqtisodiy faollikka, odamlarning ro‘zg‘origa, ijtimoiy hayot tarziga jiddiy ta’sir o‘tkazdi. Ayniqsa, bunday sharoitda mehnatga layoqatsiz, vaqtincha ishsiz qolgan, daromad manbasini yo‘qotgan va og‘ir ahvolda kun kechirayotgan aholini qo‘llab-quvvatlash, ularga yordam qo‘lini cho‘zish dolzarb vazifa hisoblanadi.
O‘tgan qisqa davrda O‘zbekistonda aholining ijtimoiy himoyasiga bo‘lgan yondashuv tubdan o‘zgargani ana shunday og‘ir davrni yengib o‘tishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etyapti.
Xususan, yurtimizda kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan qishloqlarga vazirlik va idoralar biriktirilib, muhtojlarga ko‘maklashish tizimi yaratildi, oilaviy tadbirkorlik, tomorqachilik va kooperatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha samarali ishlar olib borilyapti.
Xo‘sh, minimal iste’mol xarajatlari uchun nega o‘zgaruvchan yoki to‘lqinli, balki qat’iy optimal qiymat belgilanmoqda? Nega uni oshirib yoki kamaytirib bo‘lmaydi?
Birinchidan, bu borada yagona etalon yaratilishi davlat ijtimoiy siyosat samaradorligini ta’minlab beradi. Shu asosda nafaqalar ko‘rinishidagi manzilli yordamning aholining eng muhtoj va zaif qatlamlariga yetib borishiga erishiladi. Pirovardida ko‘makka haqiqatdan ham muhtoj qatlamlar qo‘llab-quvvatlanadi.
Ayrimlarda “Agar yordam miqdori eng maqbul qiymatidan yuqori qilib belgilansa-chi?” degan savol tug‘ilishi ham mumkin. Agar shunday qilinsa, u holda ushbu yordamni olishni istaydiganlar (ko‘makka muhtojlar nazarda tutilmayapti) soni keskin ko‘payadi va bu o‘z navbatida aholi o‘rtasida boqimandalikni keltirib chiqarishi mumkin.
Ikkinchidan, bu borada imtiyozlar soliq tushumlari hisobidan to‘lanishini ham inobatga olish zarur. Imtiyozlar qancha ko‘paytirilsa, bu soliqlarni shuncha oshirishni taqozo etadi. Bu esa jamoatchilik orasida norozilikni kuchayishiga olib kelishi mumkin. Soliq yig‘ishning hozirgi darajasi bilan band aholining atigi 35 foizi daromad solig‘ini to‘laydi, xolos.
Mazkur omillarning o‘ziyoq minimal iste’mol xarajatlarining optimal qiymati belgilanganligi naqadar oqilona yechim ekanligini anglatadi.
Umuman olganda, shu asosda minimal iste’mol xarajatlarini amaliyotga joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Xususan, eng kam pensiya va nafaqa miqdorlarini ularning tarkibiga non va un uchun kompensatsiya pulini qo‘shgan holda bosqichma-bosqich qayta ko‘rib chiqish boshlandi. Shu maqsadda joriy yil 1 iyulidan boshlab belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy etilmoqda.
Aholini ijtimoiy muhofaza qilish masalasiga bu kabi manzilli yondashuv esa o‘zining optimalligi, xalqona aytganda, sixni ham, kabobni ham kuydirmasligi bilan ahamiyatlidir.
Mamlakatimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikka qarshi kurash masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilyapti. Ushbu dolzarb vazifani amalga oshirishda har bir ijtimoiy qatlam bo‘yicha alohida yondashuv yanada kengaytirilmoqda.
Prezidentimiz g‘oyasi va tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan mahallabay va xonadonbay ishlash tizimi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” mexanizmi qisqa vaqt ichida o‘z samarasini ko‘rsatgani buning yorqin tasdig‘idir.
O‘z navbatida, aholining real daromadlari, ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlar miqdorini hududlar kesimida “Iste’mol savatchasi”ga mutanosibligini bosqichma bosqich ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan ishlar olib borilyapti. Buning uchun zarur tashkiliy-huquqiy hamda institutsional baza zamon talablaridan kelib chiqib takomillashtirilmoqda.
Bugungi kunda ushbu sohada xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda chuqur tahlil asosidagi hisob-kitoblar davom ettirilmoqda. Bunda aholining minimal iste’mol xarajatlari miqdorini belgilash asosiy vazifa hisoblanadi.
Xo‘sh, u qanday hal etilyapti?
Avvalo, qayd etish joizki, bu boradagi dunyo tajribasi chuqur o‘rganildi va ularning orasidan Jahon banki ko‘magida ilmiy tan olingan metod tanlab olindi. Ya’ni endilikda respublikamizda kambag‘allik chizig‘i minimal iste’mol xarajatlaridan kelib chiqib belgilanadi. Bunday usul Latviya, Ozarbayjon kabi davlatlarda amalda muvaffaqiyatli qo‘llanib kelinayotgani ham inobatga olindi, albatta.
Bu borada minimal kaloriya iste’moli (Hindiston, Pokistonda), o‘rtacha daromadga nisbatan (odatda 30 — 60 foiz, Yevropa Ittifoqida) hisoblash tizimlari tahlil qilinganini ham qayd etish joiz.
Yakunda esa aytib o‘tganimizdek, nufuzli xalqaro moliya tashkiloti tavsiyasi bilan O‘zbekiston sharoitlariga mos tushadigan eng maqbul mezon qabul qilindi.
Izoh qoldirish