Nodir Jumayev: Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lib kirish yoki kirmaslik uchun “yetti o‘lchab, bir kesiladi”

Nodir Jumayev: Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lib kirish yoki kirmaslik uchun “yetti o‘lchab, bir kesiladi”
Foto: evrasia-volga.com

O‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga a’zo mamlakatlar yetakchilari O‘zbekiston Respublikasiga tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish to‘g‘risida bir ovozdan qaror qabul qildilar. Qayd etish kerak, ayni paytda deputatlik korpusi, keng jamoatchilik ushbu qarorni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Nodir JUMAYeV bilan mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan muloqotini rivojlantirishdan kutilayotgan natijalar, istiqboldagi rejalar xususida “Xalq so‘zi” gazetasi suhbat qildi.

— Nodir Jumayev, bilamizki, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi yirik xalqaro tashkilot. Shunday ekan, avvalo, ushbu tuzilmaning maqsad va vazifalariga to‘xtalib o‘tsangiz.

— Darhaqiqat, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi — 2014 yilda Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Bu ittifoqqa 2015 yilda Armaniston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi a’zo bo‘lib kirgan, 2018 yildan e’tiboran Moldova kuzatuvchi maqomiga ega. Shuningdek, YeOII Vetnam, Xitoy, Eron kabi davlatlar bilan erkin savdo kelishuvlarini imzolagan bo‘lib, mohiyatan mazkur davlatlar bilan yagona tashqi savdo siyosatini amalga oshirilishini anglatadi.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining maqsadi — a’zo davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish borasida barqaror rivojlanish uchun sharoitlar yaratish, tuzilma doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va o‘zaro kooperatsiyani rivojlantirishdir.

Shu o‘rinda YeOIIning iqtisodiy tashkilot ekanligini alohida ta’kidlash joiz. Bu jihat YeOIIga a’zo davlatlar suverenitetiga ta’sir etmasligi, davlatlarning biri tomonidan boshqasiga hatto iqtisodiy tazyiq o‘tkazilishi mumkin emasligidan dalolat beradi.

— Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lish yoki bo‘lmaslik masalalari joriy yil boshida parlamentda qizg‘in muhokama qilingan, qarama-qarshi fikrlar bildirilgan edi. Sizningcha, tashkilot huzurida kuzatuvchi davlat maqomini olishda deputatlik korpusining hissasi qanday bo‘ldi?

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida parlament palatalari oldiga mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, asoslangan xulosalarni taqdim qilish vazifasini qo‘ygan edi. Biz, albatta, ushbu jiddiy masalaga, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib yondashdik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lish yoki bo‘lmaslik qay darajada manfaatli, degan savol keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinganda, agar eslasangiz, tarafdorlar YeOIIga a’zo bo‘lish bugungi globallashuv paytida iqtisodiy taraqqiyotimizni ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlashgan bo‘lsa, bunga qarshi fikr bildirganlar esa, bu jarayon sezilarli darajada iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkinligini aytishgandi. Umuman olganda, har ikki tomon ham, avvalo, mamlakatimiz manfaatlariga mos qaror qabul qilinishi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirib, takliflar kiritgan edi.

Ochig‘ini aytishim kerak, aholiga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida ushbu masalalar chuqur o‘rganildi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashida, yalpi majlisida atroflicha ko‘rib chiqildi. Har tomonlama olib borilgan o‘rganishlardan so‘ng, mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat maqomida hamkorlik qilishi to‘g‘risidagi taklif Oliy Majlis tomonidan ma’qullandi.

Albatta, bu xulosaga keng muhokamalar natijasida kelindi. Xalqimiz va saylovchilar fikri inobatga olindi. Shuningdek, iqtisodchilar, huquqshunoslar, iqtisodiyot tarmoqlari va jamoatchilik vakillari, siyosiy partiyalar tomonidan bildirilgan yakuniy xulosada ham bu masalani chuqur o‘rganish, hozirgi sharoitda kuzatuvchi maqomida bo‘lish eng maqbul holat ekanligi bildirib o‘tildi. Asosiysi, xalqimiz an’analariga muvofiq, katta ish oldidan ko‘pchilik bilan kengashib olindi. Takror aytishim kerak, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, ularning xohish-irodasiga tayanildi.

Shubhasiz, bu boradagi ishlarimiz shu bilan to‘xtab qolmaydi. Bu masala parlamentning doimiy e’tiborida bo‘ladi. Ayni paytda kuzatuvchilik maqomida o‘zimizga salbiy ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha aniq strategiyani belgilab olishimiz, “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqishimiz maqsadga muvofiq.

— O‘zbekiston uchun kuzatuvchilik maqomi qanday afzalliklar beradi yoki qanday majburiyatlar yuklaydi?

— O‘zbekiston o‘zining kuzatuvchiligi davomida bir qator imkoniyatlarga ega bo‘lishi alohida ahamiyatga ega. Eng avvalo, ittifoqning barcha sammitlarida ishtirok etish va joriy islohotlardan bevosita xabardor bo‘lish, a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarini tartibga solish mexanizmini kuzatish, a’zo mamlakatlarning o‘zaro ziddiyatli iqtisodiy munosabatlarning hal etilishi jarayonini kuzatish kabi imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Kuzatuvchi maqomi mamlakatimiz uchun iqtisodiy majburiyatlar va salbiy holatlarni yuzaga keltirmaydi. Aksincha, YeOII a’zo davlatlarining yagona qarorlarini o‘rganish va ularni bevosita kuzatish imkoni vujudga keladi. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari majlislari ma’lumotlarini bevosita olish (kerak bo‘lsa, bevosita ishtirok etish) va uni O‘zbekiston sharoitidagi makroiqtisodiy jihatdan tahlilini amalga oshirish uchun birlamchi manba yuzaga keladi.

Kuzatuvchi maqomidagi ishtirokimiz qaror qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etmasak-da, bizga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining hamma ishchi organlarida bemalol fikr bildirish huquqini beradi.

Yana bir muhim jihat, kuzatuvchilik davridagi vaqt mobaynida ma’lum yo‘nalishlarda ortda qolgan islohotlarni izchil yo‘lga qo‘yib olish, a’zo mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish, muqarrar raqobat sharoitiga aniq maqsadlar bilan tayyorgarlik ko‘rish hamda xalqaro bozorda o‘z o‘rnimizni topish choralarini kuchaytirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Shuningdek, xalqaro moliya bozori, investorlar, donor mamlakatlarning investitsion loyihalarini yoki mablag‘larini jalb qilishda qisqa, o‘rta va uzoq muddatli davrgacha strategik maqsadlarni hisobga olishimiz zarur bo‘ladi.

— Kuzatuvchilik maqomidan so‘ng YeOIIga a’zo bo‘lib kirish yoki kirmaslik majburiyati mavjudmi? Sizningcha, mazkur pozitsiyada O‘zbekiston qanday namoyon bo‘ladi?

— Davlatimiz rahbari shu yil 11 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bugungi muhim bosqichida O‘zbekiston barcha xalqaro sheriklar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni izchil kengaytirib borish, shu jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan muloqotni rivojlantirish tarafdori ekanini alohida qayd etdi. Shuningdek, YeOII mamlakatlari, eng avvalo, O‘zbekistonning asosiy, tabiiy savdo sheriklari ekani, keyingi yillarda yurtimizning tashkilot davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar ortgani ta’kidlab o‘tildi. Bu YeOII bilan hamkorlikning O‘zbekiston uchun ahamiyatini ko‘rsatib beradi.

Fikrimizcha, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi ham O‘zbekistonning hamkor bo‘lishidan manfaatdor. Chunki O‘zbekiston kabi salmoqli va Markaziy Osiyodagi yetakchi davlat bilan hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilishi YeOIIning ham nufuzini oshiradi.

Kuzatuvchilik maqomidan so‘ng Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lib kirish yoki kirmaslik majburiyati mavjud emas. Bunda, albatta, xalqimiz ta’biri bilan aytganda, “yetti o‘lchab, bir kesiladi”.

Qayd etish kerak, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakat sifatida qo‘shilishi ayrim murakkabliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Xususan, import qilinuvchi mahsulotlar narxining tushishi natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bozordagi o‘rnini saqlab qolishi qiyinlashadi. Ayniqsa, monopol xususiyatga ega bo‘lgan tarmoqlarning bozordagi o‘rni xavf ostida qoladi. Shu bilan birga, ittifoq doirasida umumiy bojxona tariflarining o‘rnatilishi ortidan ba’zi tovarlarning qimmatlashishi yuzaga kelishi mumkin.

Ishchi kuchining chiqib ketishi yanada jadallashadi. Chunonchi, O‘zbekiston va YeOIIning yirik iqtisodiyotlari o‘rtasida ish haqi hajmi bo‘yicha sezilarli tafovutlar borligi tufayli mamlakatimizda ishchi kuchining xorijga ko‘chishi yuzaga keladi. Bu esa qishloq xo‘jaligi sohasida xizmat qiluvchilarga mehnatga haq to‘lashning qimmatlashuviga olib keladi.

Shuningdek, geosiyosiy maydondagi o‘zgarishlar natijasida YeOIIga a’zo mamlakatlarning biriga iqtisodiy sanksiyalarning qo‘llanilishi O‘zbekiston iqtisodiyotini chetlab o‘tmasligiga sharoit yuzaga keladi. YeOIIning yirik iqtisodiyotlari mazkur sharoitda demping siyosati orqali o‘z mahsulotlarini ittifoq mamlakatlariga sotishga harakat qiladi. Natijada bizning mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligiga ta’sirlar jiddiylashadi.

Ushbu murakkabliklar bilan birga, boshqa ehtimoliy xatarlar ham mavjud bo‘lishi mumkin.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining jahon iqtisodiyotidagi ulushi 3 foizdan ortiq bo‘lib, bu taxminan Germaniya iqtisodiyotiga teng ekanligini anglatadi. Shunday bo‘lsa-da, jahon eksportyorlari ichida Xitoy va AQShdan keyingi uchinchi mamlakat hisoblanib, Germaniya dunyo eksportida 9 foizni amalga oshirishi bilan ajralib turadi. Qayd etish lozim, mazkur davlatning asosiy savdo hamkorlari Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bo‘lib, Germaniya eksportining salkam 70 foizini tashkil qiladi. Bu shundan dalolat beradiki, har qanday mamlakat o‘z atrofida joylashgan va masofaviy jihatdan yaqin bo‘lgan iqtisodiyotlar bilan savdo munosabatlarini yo‘lga qo‘yishi manfaatlidir. Mazkur qoida dunyo iqtisodchi olimlari tomonidan “mamlakat yalpi ichki mahsulotida tashqi savdoning ulushi uning savdo hamkorlari bilan o‘rtadagi masofalarga teskari proporsional ekanligi” asoslab berilganligi bilan izohlanadi.

O‘z navbatida, O‘zbekistonning YeOIIga a’zo sifatida kirib borishi qator afzalliklarga egaligini qayd etish kerak.

Ayonki, mamlakatimiz eksportida yengil sanoat va to‘qimachilik mahsulotlari tabiiy resurslar va rangli metallardan keyin uchinchi tashqi savdo yo‘nalishi hisoblanadi. Shu bois YeOIIga a’zo mamlakatlarda ushbu tarmoqda yetakchining aniq emasligi O‘zbekistonga bu boradagi nisbiy ustunlikni taqdim etadi. Bu esa mazkur yo‘nalishni yanada raqobatbardosh qilish zaruratini keltirib chiqaradi. Boshqa jihatdan, YeOII Turkiya bilan erkin savdo kelishuvi mavjud emasligi va istiqbolda shartnoma tuzish nazarda tutilmaganligi mamlakatimizning bozordagi o‘rniga ijobiy ta’sir etadi. Lekin 2015 yildan boshlab, Xitoy va YeOII o‘rtasida erkin savdo kelishuvi mavjudligi inobatga olinsa, O‘zbekistonda yengil sanoat sohasida qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarga yetib borishga bo‘lgan zaruratni keskinlashtiradi.

O‘zbekiston importining 1/3 qismini mashinalar, uskunalar va mexanizmlar tashkil etishini inobatga olsak, YeOII mamlakatlaridan qilinayotgan import mahsulotlar hajmi yuqori emasligi ma’lum bo‘ladi. Importning asosiy qismini tashkil etuvchi ushbu yo‘nalishdagi asosiy hamkor, bu — Xitoy ekanligi inobatga olinsa, mazkur tovarlarning narxi tushishi va natijada import xarajatlarining kamayishiga erishilishi mumkin.

O‘zbekistonliklarga qulay viza rejimining taqdim etilishi nafaqat ittifoq mamlakatlariga mehnat qilish uchun, balki yashash uchun ham joylashishlariga yengilliklarni vujudga keltiradi. Bu esa nisbatan zich demografik joylashuvga ega bo‘lgan O‘zbekistonga aholi sonini YeOII davlatlariga samarali taqsimlash imkonini beradi. Shuningdek, o‘zbekistonliklar boshqa mamlakat fuqarolari bilan teng sharoit va huquqlar bilan mehnat qilishning to‘laqonli a’zosiga aylanadi.

Bu, birinchidan, fuqarolarimizda mehnat qilish malakasi va tajribasi oshishiga imkoniyat yaratadi. Ikkinchidan, to‘lov balansining joriy operatsiyalar balansi, xususan, transfertlar bo‘yicha vaziyatning barqarorlashuviga olib keladi. Uchinchidan, o‘zbekistonliklar o‘z oilasini birgalikda olib ketishi uchun sharoit yaratilishi natijasida turli ijtimoiy kelishmovchiliklarning yuzaga kelishi kamayadi.

— YeOIIni umumiy bozor, deb hisoblasak, unga a’zo mamlakatlar o‘z iqtisodiy salohiyatining samaradorligi va o‘sishini oshirishdan manfaatdor bo‘ladi. Bunday aylanmadagi mahsulotlarning xavfsizligi texnik reglamentlarni qo‘llash orqali ta’minlanadi. Bu nima uchun kerak?

— Avvalo, texnik reglamentlarni realizatsiya qilish vositalarini takomillashtirish mahsulot sifatini oshirishga hamda zamonaviy raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqilishini rivojlantirishga imkon beradi.

YeOII mamlakatlarida hozirgi paytda 48 ta texnik reglament amal qiladi. Ulardan 5 tasi O‘zbekiston Respublikasining tegishli texnik reglamentlari bilan aynan o‘xshash talablarga ega, 14 ta texnik reglamentda farqlar mavjud, 28 ta reglamentga aynan o‘xshashi O‘zbekistonda mavjud emas.

Hozirgi kunda mamlakatimizda 44 ta texnik reglament qabul qilingan. Texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturiga muvofiq, 2023 yilgacha yana 42 ta texnik reglament qabul qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, ulardan 13 tasi 2020 yilda qabul qilinadi. Shu bois xalqaro me’yor va qoidalar bilan uyg‘unlashtirish maqsadida bugungi kunda amaldagi texnik reglamentlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Yangi texnik reglamentlar ishlab chiqilishida ham xalqaro talablar hisobga olinadi.

Mazkur chora-tadbirlar O‘zbekistonda YeOII texnik reglamentlari me’yorlarining bosqichma-bosqich qabul qilinishi va joriy etilishi korxonalarimizning iqtisodiy maydonda raqobatga tayyorligini oshiradi va uchinchi davlatlarning bozoriga chiqish imkoniyatini yaratadi.

A’zo davlatlar o‘z hududlarida YeOIIning texnik reglamentlari talablariga javob beradigan mahsulotlar, unga qo‘shimcha talablar qo‘ymasdan va qo‘shimcha muvofiqlikni baholash protseduralarini o‘tkazmasdan aylanishini ta’minlaydi.

YeOIIda texnik reglamentlar yoki milliy majburiy talablar faqat Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan yagona ro‘yxatga kiritilgan mahsulotning muayyan turiga nisbatan qo‘llaniladi. Ittifoqning barcha a’zo davlatlarida reglamentlar kuchga kirgan paytdan boshlab tovar undan chiqarib tashlanadi.

Shunday qilib, YeOII doirasidagi texnik jihatdan tartibga solish ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida savdoni rivojlantirishning muhim vositasidir. Biroq Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida texnik jihatdan tartibga solish tizimining yaratilishi hali yakunlanmagan.

Aholining turmush darajasini va tashqi savdoni rivojlantirish darajasini oshirish uchun texnik jihatdan tartibga solish imkoniyatlaridan foydalanish, texnik jihatdan tartibga solish milliy standartlarini xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish, tizimdagi o‘zgarishlar to‘g‘risida mahalliy biznesni xabardor qilishni rivojlantirish talab etiladi.

Ushbu chora-tadbirlarning barchasi texnik to‘siqlarni minimallashtirishga va YeOII a’zo mamlakatlari o‘rtasida savdo qilish uchun qulay sharoitlar yaratishga yordam beradi.

Shu nuqtai nazardan aytganda, davlatimiz rahbari sammitdagi nutqida mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarining ulkan salohiyatidan to‘liq hajmda foydalanish, savdo munosabatlaridagi to‘siq va g‘ovlarni birgalikda bartaraf etish, o‘zaro sa’y-harakatlar bilan yangi bozorlarni shakllantirishga chaqirgani bejiz emas.

Umuman aytganda, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tarkibida kuzatuvchi davlat maqomini olishi har jihatdan keltirilayotgan argumentlarni tubdan, asosli, ilmiy o‘rganish imkonini beradi.

Ziyoda AShUROVA

«Xalq so‘zi» muxbiri

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar