Bugungi sinovli kunlarda barqarorlikni saqlab qolayotgan sanoqli mamlakatlar orasida O‘zbekiston ham bor. Koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqiroz sharoitiga qaramay, O‘zbekistonning bu boradagi muvaffaqiyatlari faol, ochiq hamda pragmatik ichki va tashqi siyosat sharofatidandir, deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, iqtisodchi Nodir Jumayev.
Dunyoda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat hamon og‘irligicha qolyapti. Garchi qator mamlakatlarda aholini emlash sur’atlari oshib, ko‘lami kengaygan bo‘lsa-da, vaziyat tez orada barqarorlashadi, deb aytishga hech qanday asos yo‘q. Boz ustiga, virusning yangi mutatsiyalari paydo bo‘lishi tufayli infeksiya tarqalishining yangi o‘choqlari yuzaga kelish xavfi hamon yuqoriligicha qolyapti.
Shunday bir sharoitda qator mamlakatlar iqtisodiy inqirozdan o‘zini endigina o‘nglab olayotgan bo‘lsa, boshqalarida ishlab chiqarish tushkunligi hukm suryapti.
Jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqiroz sharoitida O‘zbekistonda faol, ochiq hamda pragmatik ichki va tashqi siyosat, manzilli ijtimoiy va iqtisodiy dasturlar natijasida barqarorlik saqlanib turibdi, muhim o‘sish nuqtalari kengaymoqda.
Pandemiya hali-beri tugamaydi
Buni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Gebreyesusning quyidagi fikri ham tasdiqlaydi:
“Jahon miqyosida koronavirusga chalinish bilan bog‘liq yangi holatlar va o‘lim ko‘rsatkichida eng yuqori darajani ko‘rmoqdamiz. O‘tgan hafta 5,4 milliondan ortiq yangi yuqtirish holati va 90 mingga yaqin o‘lim qayd etildi. Afsuski, bu juda yomon”.
Tokio universitetining jamoatchilik sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha mutaxassisi Xaruka Sakamoto fikricha, hamma xavfsizlikda bo‘lmaguncha hech kim xavfsiz emas.
Uning aytishicha, infeksiya qancha uzoq davom etsa, shtammlarning mutatsiyaga uchrash xavfi shuncha yuqoriligicha saqlanib qoladi, bu holat aholisini vaksinatsiya qilib bo‘lgan mamlakatlarga ham tahdid solishi mumkin. Sababi, vaksinalar yangi tipdagi mutatsiyalarga qarshi samara bermayapti.
JSST vakili Deyl Fisher ayrim davlatlar vaksina va an’anaviy tibbiyotni uyg‘unlashtirgan holda epidemiologik vaziyatni yaxshilashga erishgan bo‘lsada, bu pandemiya yakuniga yetganini anglatmasligini ta’kidlaydi.
“Ko‘plab mamlakatlarda emlash darajasi hamon pastligicha qolmoqda. Shuning uchun kasallikka chalinish holati o‘sib borayotgan dunyoning katta qismi koronavirus qarshisida kuchsiz bo‘lib qolyapti”, deydi u.
Italiya farmakologik tadqiqotlar instituti direktori Mario Remutssi ham shu kabi fikr bildirgan:
“Garchi Yevropada kovidning hozirgi to‘lqinini ommaviy emlash orqali yoz o‘rtalariga kelib nazoratga olish umid qilinayotgan bo‘lsada, pandemiya hali tugagani yo‘q. Aksincha, oxirgi haftalarda u, ayniqsa, Osiyo va Janubiy Amerikaning ayrim hududlarida kuchaymoqda”.
Hindiston va Braziliyadagi bugungi holatni kuzatib, vaziyat naqadar ayanchli ekanini anglash mumkin.
Bunday murakkab vaziyat qator mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Ishsizlik, narx-navo oshib ketishi, ijtimoiy kayfiyat buzilishi, ruhiy tushkunlik, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi faoliyatning sekinlashishi yoki to‘xtab qolishi shular jumlasidandir.
Zanjirdagi uzilish - jiddiy muammo
Bu, o‘z navbatida, hayot uchun zarur mahsulotlar taqchilligi va ularni yetkazib berish zanjirlarida uzilishlarga olib kelyapti. Natijada bu xalq xo‘jaligi va turmush tarzidagi eng jiddiy muammolardan biriga aylanmoqda. Masalan, Germaniyadek ilg‘or mamlakatda tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda respondentlarning yarmi o‘z mahsulotlari va xizmatlarini yetkazib berish tizimi izdan chiqib ketganini bildirgan. Bu oxirgi 30 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Mazkur holat “tojdor virus” tarqalishining oldini olish uchun qo‘yilgan cheklov choralari, iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabning keskin oshib ketishi, konteyner tashuvchi va aviatashuvlarning qisqarishi bilan bog‘liq, albatta.
Xitoyda ham shunga o‘xshash holat. Masalan, uning iqtisodiyoti uchun yarim o‘tkazgichlar juda muhim. Mazkur tovarning yetishmovchiligi sabab XXR Tayvan bilan siyosiy jihatdan keskin munosabatda bo‘lishiga qaramay, u bilan iqtisodiy murosa qilishga majbur bo‘lyapti. Natijada joriy yilning birinchi choragida Tayvandan Xitoy va Gonkongga yarimo‘tkazgichlar eksporti 47 foizgacha o‘sdi.
Gap shundaki, hozir dunyoda elektron tovarlar, maishiy texnika va avtomobillarga bo‘lgan talab oshib ketishi natijasida mikrosxemalar tanqisligi kuzatilyapti. Boz ustiga, Xitoy kompaniyalari mikrosxemalarni kelajak uchun yig‘ib qo‘ymoqda. Ular AQSh tomonidan qo‘llaniladigan sanksiyalarning salbiy ta’siridan xavotirga tushib, shunday qilyapti.
Zanjir halqalaridagi uzilishlar esa mobil telefonlar, avtomobillar va maishiy texnikani global miqyosda yetkazib berishga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning narxini oshirib yubormoqda. Bu muammoni 2022 yilgacha hal etish imkoni yo‘q, deyishmoqda ekspertlar.
Vaqtinchalik tiklanish effekti
Yevropa iqtisodiyoti esa markazda ham, chekka hududlarda ham kovidning yangi to‘lqini bilan kurashmoqda. Bu emlash dasturlaridagi to‘xtalishlar, qo‘llashdagi mavhumliklar va siyosiy kursning mavjud emasligi fonida davom etyapti.
Buyuk Britaniya esa 2020 yilda pandemiya va “breksit” orqali ikki karra kuchli zarba qabul qilib, hamon uning jiddiy asoratlarini boshidan o‘tkazmoqda.
AQSh va Yaponiyadagi tiklanish ham mavhum bo‘lib turibdi. Aholini ommaviy qo‘llabquvvatlash choratadbirlariga qaramay, iste’molchilar ishonchi hamon kuchsizligicha qolyapti, eksportda katta o‘sish kuzatilayotgani yo‘q.
Hindistonda virusning qayta avj olishi endi endi oyoqqa turayotgan ishlab chiqarish sektori oyog‘iga bolta urishi, qolaversa, davlat qarzi yuqori darajadaligi va inflyasiya o‘sishi vaziyatni yanada jiddiylashtirishi mumkin.
Neft narxi barqarorlashuvi Rossiya, Saudiya Arabistoni va Nigeriya iqtisodiyotiga vaqtinchalik nekbinlik baxsh etishi aytilayotgan bo‘lsada, bu borada qat’iy tasdiq yo‘q.
Braziliyada esa virus tarqalishi nazoratdan chiqib ketgan, siyosiy rahbariyat qabul qilayotgan samarasiz choratadbirlar esa xalqqa hech qanday naf keltirayotgani yo‘q. Turkiyada ham bugunga kelib shunga o‘xshash holat kuzatilyapti. Vaholanki, mamlakatda 2020 yilda ijobiy o‘sish qayd etilgan edi.
Universal retsept bormi?
2020 yilda AQSh dollari kursi sezilarli tushgan edi. Joriy yilda esa, aksincha, mustahkamlanmoqda. Ekspertlar AQSh obligatsiyalari daromadliligi oshayotgan bir paytda shakllanayotgan bozorlar va katta valyuta qarzdorligiga ega rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yoqimsiz holatlarni bashorat qilyapti. Zero, moliya bozorlariga bosim kuchayishi ortidan zaif iqtisodiyotlarda o‘sish yanada sustlashadi.
Binobarin, bugun dunyo siyosati qarorlar qabul qilishning muhim burilish nuqtasida turibdi. Masalan, ko‘plab davlatlar virus tarqalishi davom etayotganiga qaramay, o‘z iqtisodiyotini ochib yuborishga harakat qilmoqda. Boshqalar qo‘shimcha makroiqtisodiy rag‘bat berish yo‘lidan boryapti. Bu esa ularni qisqa muddatli foyda va uzoq muddatli zaiflik o‘rtasidagi arosat yo‘lda qoldiradi. Xullas, noaniqliklar ko‘p, xatar yuqori. Qat’iyatsiz siyosat esa nisbatan zaif rivojlangan davlatlarda iste’molchilar va biznes ishonchiga ta’sir o‘tkazib, iqtisodiy tushkunlikni keskinlashtirmoqda.
Xo‘sh, kuchli va barqaror tiklanishning universal retsepti bormi? Bu borada hammaga birdek mos keladigan model yo‘q, albatta. Lekin oqilona yechim variantlarida, albatta, virusga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlarni muvozanatlashtirilgan pul-kredit va soliq imtiyozlari bilan uyg‘un olib borish birinchi o‘ringa chiqadi. Bunda, eng avvalo, talab va ishlab chiqarish qo‘llab-quvvatlanadigan siyosatga urg‘u berish kerak, deb o‘ylaymiz.
Sanoqli mamlakatlar o‘rtasida
Quvonarlisi, davom etayotgan sinovli kunlarda har ikki frontda barqarorlikni saqlab qolayotgan sanoqli mamlakatlar orasida O‘zbekiston ham bor. Jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqiroz sharoitiga qaramay, O‘zbekistonning bu boradagi muvaffaqiyatlari faol, ochiq hamda pragmatik ichki va tashqi siyosat sharofatidandir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Taniqli xalqaro tashkilotlar, tajribali ekspertlarning fikri ham shunday.
Masalan, Osiyo taraqqiyot banki mamlakatimizda YaIM o‘sishi 2021 yilda 4 foiz, 2022 yilda 5 foizni tashkil etishini prognoz qilmoqda.
“Pandemiya va unga bog‘liq cheklovlar 2020 yilda O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishini qisqartirishga olib kelgan bo‘lsada, joriy va kelgusi yilda o‘sish davom etishi kutilmoqda, biroq o‘z vaqtida emlash va qat’iy choralar mamlakat iqtisodiyoti tiklanishi uchun muhim bo‘lib qolmoqda, — deydi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Sindi Malvichini. — O‘zbekiston uzoq muddatli o‘sishni ta’minlash uchun xususiy sektor kapitalini davlat va xususiy sheriklik uchun safarbar etishi kerak”.
Qayd etilishicha, hukumatning sanoat ob’yektlarini modernizatsiya qilish, ijtimoiy va shahar infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan sa’yharakatlari tufayli investitsiyalar o‘sishning asosiy omili bo‘lib qolishi kutilyapti. O‘z navbatida, xususiy iste’mol yuqori ish haqi va inflyasiyaning sekinlashishi natijasida 7 foiz o‘sishi, elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari barqarorligi ortidan inflyasiya 2021 yilda 10 foiz, 2022 yilda 9 foizgacha pasayishi bashorat qilinmoqda.
Birinchi chorak natijalari qanday?
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yurtimiz iqtisodiyoti inqirozgacha bo‘lgan dinamikaga qaytishga faol intilayotgani, bu yalpi ichki mahsulotning o‘tgan yil birinchi choragiga nisbatan 14 foiz o‘sganida o‘z ifodasini topganini alohida ta’kidlagan.
Joriy yilning dastlabki 3 oyida yalpi ichki mahsulot (YaIM) 3 foiz oshib, 128,6 trillion so‘mni tashkil etgani (2020 yilda bu ko‘rsatkich 110,5 trillion so‘m edi) buning tasdig‘idir.
Prezidentimiz raisligida hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillikdagi ustuvor vazifalar yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida birinchi chorakda yalpi ichki mahsulot 3 foizga, sanoat — 3,8 foizga, qishloq xo‘jaligi — 3,1 foizga o‘sgani ma’lum qilindi.
Iqtisodiy o‘sish uchun asosiy energoresurslar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish lozimligi ta’kidlandi. Qayd etilishicha, birinchi chorakda tabiiy gaz qazib chiqarish 1,7 foizga kamaygani oqibatida 600 ming tonna sement, 55 ming tonna mineral o‘g‘itlar, 330 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmlari ta’minlanmagan. Shu bois ikkinchi chorakda birinchi chorakdagi 9 milliard kub metr tabiiy hamda 165 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni so‘zsiz ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga kelganda, inflyasiya darajasi pasayishda davom etyapti. Narxlarning ko‘tarilishi esa birinchi chorakda 2,5 foizni, 2020 yilning shu davriga nisbatan esa 2,8 foizni tashkil etgan. Qolaversa, birinchi chorakda o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan sanoat mahsulotlari hajmi 3,8, xizmatlar 5,8, chakana savdo tovar aylanmasi 2,8, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi 3,1, qurilish ishlari 0,5 foiz o‘sdi.
Eksport, import, tashqi savdo aylanmasi va asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarda pasayish kuzatilgan.
Sababi, O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga global inqiroz ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.
Keskin tebranishlarsiz vaziyatdan chiqish yo‘li
Muhimi, davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy va moliyaviy sektorlarni qo‘llabquvvatlash bo‘yicha o‘z vaqtida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida asosiy ehtiyoj mahsulotlari narxining keskin ko‘tarilib ketishi, jiddiy sotsial tebranishlarning oldi olinyapti.
Shularga mos ravishda yurtimizda ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘smoqda. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ma’lum qilishicha, masalan, mart oyida ushbu ko‘rsatkich 1187 birlikni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,7 foiz oshgan va pandemiya boshlangandan buyon o‘z maksimumiga yetgan. Bular:
- xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning bank hisobvaraqalaridagi operatsiyalari soni 15,7 foiz;
- faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar bo‘yicha komponent 8,1 foiz;
- tovar xomashyo birjasida xomashyo sotib olish jadalligi 10,2 foiz;
- tovar belgilari bo‘yicha komponent 44,4 foiz oshganida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Hududlar kesimida Qoraqalpog‘iston Respublikasida eng yuqori o‘sish qayd etilgan.
“Yo‘lbars" bo‘lish uchun nima qilish kerak?
Bugun barchamiz ham ijtimoiy, ham iqtisodiy, ham psixologik jihatdan og‘ir va sinovli kunlarni boshdan o‘tkazyapmiz. Bunday sharoitda vaziyatni birdaniga iziga solishning imkoni yo‘q, aksincha, ko‘z ochib yumguncha barcha yutuqlar qo‘ldan boy berilishi mumkin. Qaltis va nozik paytda tezkorlik bilan oqilona yechim topish esa igna bilan quduq qazish, keskir dor yo‘lidan yiqilmay o‘tib olishdan ko‘ra qiyinroqdir.
Shunday paytda nafaqat mo‘’tadillikni saqlab qolish, balki o‘sishga erishish va oldinga qarab olg‘a intilishni tasavvur qilavering endi. Bunda, birinchi navbatda, ma’rifat va bilimga tayanish kerak. O‘zbekistonni nega navbatdagi “Osiyo yo‘lbarsi”ga mengzashayotganining boisi ham shunda. Quyida aniq faktlarni keltiramiz:
“Sovkombank” “Nima uchun O‘zbekiston Janubisharqiy Osiyodan estafetani olib, navbatdagi “yo‘lbars”ga aylanishiga amin bo‘lishimiz kerak?” degan savolga bunday javob beradi:
“Barcha “yo‘lbarslar”ni bitta muhim narsa — chet el kapitalining kirib kelishi va inson salohiyati sifatining yaxshilanishi birlashtiradi. Ayniqsa, so‘nggi bir necha yil ichidagi aynan shu omillar bugungi O‘zbekistonga xos.
...Umuman olganda, O‘zbekiston yiliga YaIMning 56 foizini ta’limga sarflaydi — bu nafaqat MDHda, balki butun dunyoda eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir, masalan, AQShda ham ta’limga shuncha sarflanadi.
...O‘zbekiston resurslar va inson kapitaliga boy mamlakat, respublika nisbatan kichik tashqi qarzga ega va islohotlarni davom ettirishga qaratilgan zamonaviy ilg‘or hukumati mavjud. “Yo‘lbars”ni muntazam ravishda sekinlashtiradigan yoki to‘xtatishi mumkin bo‘lgan hech qanday omillar yo‘q”.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z tajribasiga ega bo‘ldi. Bu kuchli va samarali boshqaruv tizimiga, bir yoqadan bosh chiqarib yashaydigan aholining matonatiga uyg‘undir. Shular asosida harakatlanishda davom etsak, iqtisodiy-ijtimoiy barqarorlikni ta’minlagan holda, koronavirus degan baloni, albatta, yengib o‘tamiz. Zotan, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Bugungi murakkab sharoitda yurtimizda boshlangan keng qamrovli islohotlar, yangi O‘zbekistonni barpo etish sari tashlayotgan dadil qadamlarimizning bardavom bo‘lishini ta’minlash eng asosiy vazifamiz bo‘lishi shart”.
Izoh qoldirish