Obid Xakimov: Davlat mablag‘larini samarali yo‘naltirish bo‘yicha kambag‘allikning ko‘p mezonli o‘lchovi juda ham muhim ahamiyatga ega (+video)

Obid Xakimov: Davlat mablag‘larini samarali yo‘naltirish bo‘yicha kambag‘allikning ko‘p mezonli o‘lchovi juda ham muhim ahamiyatga ega (+video)

Kambag‘allikni qisqartirish, insonlar yashash darajasini va hayot farovonligini oshirish har bir davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ushbu masalalar davlat rahbarlarining ko‘plab chiqishlarida va xalqaro tashkilotlarning kun tartibida aks ettirilgan.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75 va 76-sessiyalarida qilgan murojaatida, ayniqsa, pandemiya davrida va undan keyin kambag‘allikka qarshi kurashda global sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini alohida ta’kidlab o‘tdi. 2020 yil boshida Prezident kambag‘allikni qisqartirish masalasini davlat siyosatining asosiy vazifasi sifatida belgilab berdi. Shu maqsadda oldimizga qo‘yilgan vazifalarni samarali bajarish, ya’ni kambag‘allikni qisqartirish, insonlar hayoti sifatini oshirish, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yuzasidan mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalarni dunyo va mintaqa ekspertlari bilan birgalikda muhokama qilish hamda fikr almashish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida, joriy yilning 26-27 may kunlari Buxoro shahrida ilk bor “O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish xalqaro forumi” o‘tkazilyapti. Unda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov ham ishtirok etmoqda.

"Ushbu forumda, ikki kundan beri O‘zbekistonning navqiron shahri Buxoroda butun dunyodan kelgan iqtisodchilar global masala bo‘lib turgan kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha o‘z fikrlarini almashishyapti. Jahon tajribasini o‘rganish bilan bir qatorda 2020 yildan beri davlatimiz rahbari tomonidan kambag‘allikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar va uning natijalari ham muhokama qilinyapti.

Kecha, Turkiya Respublikasining sobiq Moliya vaziri Lyutfi Elvan tomonidan, “O‘zbekistondagi ish yaratish siyosati - bu kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha bo‘layotgan eng unumli vositalardan biri”, deya e’tirof etildi.

Bundan tashqari “Har bir oila tadbirkor” dasturlarimiz, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va boshqa manzilli ishlar amalga oshirilishi natijasida kambag‘allikka qarshi kurashishda olib borilgan ishlar ham muhokama qilinyapti. Bularning samaradorligi xalqaro ekspertlar tomonidan ham e’tirof etilyapti.

Kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha innovatsiyalarni qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekistonda ham 2020 yildan beri o‘ziga xos bir qancha innovatsiyalar tadbiq etildi. Bu innovatsiyalarni berayotgan mevalari hozirda konfrensiyaning eng dolzarb muhokama qilinayotgan mavzularidan bittasi.

Masalan, birgina hokim yordamchilari tizimining e’lon qilinishi va bularning qisqa vaqtda bizga bergan natijalari ham xalqaro ekspertlar tomonidan juda ham qiziqish bilan baholanmoqda. Bugun xalqaro ekspertlar tomonidan joylarga chiqqan holda hokim yordamchilarining ishlari bilan tanishishlari kutilyapti.

Kambag‘allikka qarshi kurashish haqida gapirar ekanmiz, 2022 – 2026 yillarda kambag‘allikni ikki barobar kamaytiramiz deb o‘z oldimizga maqsad qo‘yganimizni ta’kidlab o‘tishim kerak.

Kambag‘allikni o‘lchashning o‘z metodlari bor:

- Moliyaviy metodlar - bu pul bilan o‘lchanadigan kambag‘allik.

- Yana ham rivojlangan usullar – ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni o‘lchash mezonlari.

Bu borada BMTTD, YuNISEF bilan birgalikda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazimiz tomonidan pilot tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu pilot tadqiqotlarda faqatgina oilaning daromadi emas va uning ta’lim jarayoniga, sog‘liqni saqlash borasidagi, kammunal xizmatlarga bo‘lgan imkoniyatlari va xuddi shunday inson hayoti uchun muhim bo‘lgan bir qancha imkoniyatlar bilan birgalikda ularning kambag‘allik darajasini o‘lchash bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Mana shu tadqiqot bir qancha mamlakatlarda qilingan, hozirda yuzdan ortiq mamlakatlarning ko‘p o‘lchovli kambag‘allik o‘lchovlari bor. Buni eng muhim tarafi davlat siyosatini to‘g‘ri yo‘naltirish. Davlat mablag‘larini samarali yo‘naltirish bo‘yicha kambag‘allikning ko‘p mezonli o‘lchovi juda ham muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish masalasi so‘nggi yillarda davlat siyosati kun tartibidagi eng muhim masalaga aylanganligi, shuningdek, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va qisqa davrda erishilgan natijalar ko‘pchilik xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning Forumga qiziqishini uyg‘otmoqda.

Koronavirus pandemiyasi katta tajriba va dars bo‘lib xizmat qildi hamda kambag‘allikka qarshi kurash siyosatining keyingi yo‘nalishlari yuzasidan xulosa chiqarish imkoniyatini yaratdi. Dunyo yana bir bor inson kapitali, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimiga investitsiyalar kiritilishi, shuningdek, bunday kutilmagan jarayonlarga qarshi tura olish uchun moliyaviy va iqtisodiy zaxiralar mavjudligi muhim ekanligining guvohi bo‘ldi.

Xususan, mavjud makroiqtisodiy zaxiralar ko‘p jihatdan O‘zbekistonga qisqa muddatda zarur resurslarni jalb etish va Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasini shakllantirishga yordam berdi. Bu mamlakatimizga uchta asosiy yo‘nalishda ishlash imkonini berdi.

  1. Sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash (yangi shifoxonalar qurish, koykalar sonini ko‘paytirish, yangi tibbiy asbob-uskunalar, dori-darmonlar va vaksinalarni sotib olish, tibbiy xodimlarni rag‘batlantirish va boshqalar).
  2. Ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish (shu jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni, shuningdek, pandemiyadan zarar ko‘rgan aholini davlat yordami bilan qamrab olishni kengaytirish).
  3. Soliq imtiyozlari va ta’tillarni taqdim etish, kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirish, shuningdek, moliyaviy vositachilikning boshqa turlari orqali iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qo‘llab-quvvatlash.

Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish hamda samarali tashkil etish maqsadida “Temir daftar” tizimi shakllantirildi.

O‘tgan davr mobaynida “Temir daftar”ga kiritilgan 651,0 ming oila, ularning 2,7 mln nafardan ortiq a’zolarining 705,2 ming nafar mehnatga layoqatli ishsizlari bandligini ta’minlash orqali 601,3 ming oila “temir daftar”dan chiqarildi. Daftarga kiritilgan oilalarning doimiy daromad manbaini yaratish choralari ko‘rildi. Xususan, 96,6 ming nafar fuqarolar doimiy ishga joylashtirildi, 34,7 ming nafar fuqarolar tadbirkorlik foaliyatini yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, 16,5 ming nafar fuqarolar kasb-hunarga o‘qitildi.

Boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi mavjud ijtimoiy yordamga muhtoj oilalardagi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.

Ma’lumot uchun: 20,0 ming boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand oilalar, 38,0 ming nogironligi mavjud ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar ro‘yxatga olindi. Natijada uy-joyini ta’mirlashga muhtoj 2,4 ming guruh nogironi bor oilalarning 1,8 ming tasining (75,0 foizi) uy-joyi ta’mirlab berildi.

Shuningdek, daftarga kiritilgan oilalarga doimiy tibbiy, psixologik hamda huquqiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Xususan, 14,5 ming tibbiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand oilalardan 13,6 ming oilalar a’zolari (93,8 foizi) tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Hozirga qadar “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Temir daftar”ga kiritilgan 293,2 ming oilaga 279,7 mlrd.so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi.

Shu bilan bir qatorda, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi dasturni amalga oshirishning asosiy institutsional asoslarini yaratish va mustahkamlash ustida ish olib borildi. Xususan, 2020-2021 yillarda davlat byudjeti hisobidan nafaqa oladigan oilalar soni 2 barobardan ziyod oshdi, ularning ulushi qariyb 15 foizga yetdi.

Kambag‘allik darajasini belgilashda yangi mezon – minimal iste’mol xarajatlari joriy etildi. Bu ijtimoiy to‘lovlar va imtiyozlarning minimal darajasini qayta ko‘rib chiqishga imkon berdi. Masalan, 2021 yilda nogironlar, shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan oilalar uchun eng kam pensiya va nafaqa turlari miqdori 10-50 foizga oshdi.

Shuningdek, bir qator mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro samarali hamkorlik qilish pandemiya oqibatlarini kamaytirish uchun zarur choralar va qarorlar qabul qilish jarayonida muhim rol o‘ynadi.

O‘zbekiston 2022-2026 yillarda "Yangi O‘zbekiston" Taraqqiyot strategiyasini faol amalga oshira boshladi, bu birinchi navbatda "Inson sha’ni va qadr-qimmati uchun" tamoyillariga asoslanadi. Iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalar 2026 yilgacha kambag‘allik darajasini ikki barobar qisqartirish maqsadidan kelib chiqadi. Bunda belgilangan maqsadlarga erishishning asosiy sharti sifatida makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishni ta’minlash etib belgilangan.

Xususan, aholi jon boshiga YaIM darajasini joriy 2000 dollardan 2026 yilda 2800 dollargacha oshirish maqsad qilingan. Bu 2030 yilda o‘rta daromadli mamlakatlarning yuqori guruhiga kirish uchun asos yaratadi. Belgilangan vazifalar doirasida davlat korxonalari va banklarni o‘zgartirish va xususiylashtirish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, iqtisodiy o‘sishning yashil modeliga o‘tish, tadbirkorlik faoliyati uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, xususiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish, yer munosabatlarini isloh qilish kabi boshlangan iqtisodiy islohotlarni davom ettirish oldinda turgan asosiy maqsadlar hisoblanadi.

Mamlakatimizda islohotlarning davomi sifatida joylarda iqtisodiy boshqaruv tizimini takomillashtirishning yangi yo‘nalishlaridan biri - har bir mahallaga biriktiriladigan hokim yordamchilari institutini joriy etilganligidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbusning asosiy maqsadi aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko‘maklashish, daromad keltiruvchi mehnat bilan bandligini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish va kambag‘allikni qisqartirishdir.

Yangi strategiyada inson kapitalini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda maktabgacha va oliy ta’lim qamrovi qariyb ikki barobarga oshdi. Ushbu sohada maktabgacha ta’lim qamrovini 2026 yilda 80 foizgacha (hozirgi vaqtda 69%) va oliy ta’limni 50% (28%)ga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Taraqqiyot strategiyasiga ko‘ra, 1 million band bo‘lmagan aholini (ayniqsa, ayollar va yoshlar) 2026 yilgacha bo‘lgan davrda kasb-hunarga o‘qitish rejalashtirilgan.

Barqaror iqtisodiy o‘sish kambag‘allikni qisqartirish asoslaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish, aholi farovonligini yaxshilashning yagona yo‘li yuqori, barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlashdan iborat, deb hisoblaydi.

Shu o‘rinda 2015 yilda O‘zbekiston BMT tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishini o‘z zimmasiga olganligini ta’kidlash lozim. Ushbu maqsadlarga erishish, shubhasiz, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi, bu esa, o‘z navbatida, mamlakatdagi kambag‘allik darajasini bosqichma-bosqich kamaytirishga olib keladi. Umuman olganda, so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning aksariyati asosan BRMga erishishga xizmat qilmoqda.

Yuqorida qayd etilgan dolzarb masalalar, xususan, soha yuzasidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan hamda istiqboldagi rejalar muhokamasi va o‘zaro fikr almashish maqsadida tashkil etiladigan “O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish xalqaro forumi”da 250 ga yaqin qatnashchilar, shu jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga a’zo, kuzatuvchi va hamkor davlatlar, xalqaro rivojlanish institutlari, akademik doiralar va boshqa xorijiy mamlakat va tashkilotlarning jami 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdilar.

Xususan, forumda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) Bosh kotib o‘rinbosari va yordamchi ma’muri Usha Rao-Monari, Jahon Bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Lalita Murti, Turk siyosatchisi, Turkiyaning sobiq Moliya va g‘aznachilik vaziri Lutfi Elvan, Jorj Vashington universiteti xalqaro biznes amaliyoti professori Denni Leypsiger, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min, Kambag‘allik va inson taraqqiyoti bo‘yicha Oksford tashabbusi direktori Sabina Alkayr, Xitoy xalqaro kambag‘allikni qisqartirish markazi direktori Lyu Junvenning qatnashdilar.

Shuningdek, tadbirda Birlashgan millatlar tashkiloti, Islom taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, YuNISEF, Fransiya taraqqiyot agentligi, Osiyo taraqqiyot banki, BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Global yashil o‘sish instituti kabi xalqaro tashkilot va moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.

Shu bilan birga forumda mahalliy tadbirkorlar, xususan, ushbu sohada muvaffaqiyatga erishgan yoshlar ishtirokida motivatsion panel sessiyasi tashkil etildi. Ushbu tadbirda ilg‘or tajribadan o‘rnak olish va o‘rganish, kelajakka ishonishning ahamiyati, ishtiyoq, ijobiy fikrlash va optimistik xatti-harakatlar yuzasidan fikr almashildi.

Forumda o‘tkazilishi rejalashtirilgan 10 ta panel sessiyalarida, xususan, ishtirokchilar “O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish strategiyasiga eng samarali xalqaro tajribalarni joriy qilish” sessiyasida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha umumlashtirilgan dalillar, strategik rejalashtirishning o‘ziga xos jihatlari, maqsadlarni belgilash, o‘sish va ijtimoiy rivojlanish o‘rtasidagi muvozanat, mahalliy resurslarni maqsadlar bilan bog‘lash, jamoatchilik va boshqa manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, strategiyalarni qabul qilish yuzasidan fikr almashdilar.

“Yashil va barqaror rivojlanish: kambag‘allikni qisqartirish kun tartibidagi muammolar va imkoniyatlar” mavzusiga bag‘ishlangan panel sessiyasida kambag‘allik va atrof-muhit o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, global iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatish va xavfsizlik tarmoqlari tizimlari, yashil va barqaror o‘sish va ish o‘rinlarini yaratish, energiya ta’minotining kambag‘alikka ta’siri masalalari muhokama qilindi.

“Hududiy rivojlanishning kambag‘allikni qisqartirishga ta’siri” mavzusidagi muhokamalarda urbanizatsiya va hududiy rivojlanish o‘rtasidagi muvozanat, geografik yo‘naltirilgan strategiyalar, hududiy uyg‘unlik va tengsizlikni qisqartirish, muvozanatli hududiy rivojlanish, rivojlanmagan hududlarda taraqqiyot strategiyalari, mahalliy hamjamiyatlarning hukumat tashabbuslariga hissa qo‘shishini rag‘batlantirish yuzasidan so‘z yuritildi.

“O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi taraqqiyotini qayta ko‘rib chiqish: orttirilgan tajribalardan xulosa chiqarish” yo‘nalishidagi sessiya davomida ekspertlar ijtimoiy ta’minot, bandlik, tadbirkorlik, malaka oshirish, qishloq xo‘jaligi islohotlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash, sanitariya-gigiyena, yashil rivojlanish, gender tengligi yo‘nalishlarida olib borilayotgan davlat dasturlarning samaradorligini baholash, muvaffaqiyatli tajribalar, hamkorlik bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.

“ShHT hududida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish va hamkorlikdagi yondashuvlarni ishlab chiqish” mavzusidagi uchrashuvda kambag‘allik darajasini o‘lchash usullari, yangi yondashuvlar va mexanizmlar, ijtimoiy farovonlik uchun qo‘llangan amaliy dasturlar, uy xo‘jaliklarini o‘rganish, maqsadli kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida o‘lchovlar, tajriba almashish va ilg‘or tajribalar va boshqalar muhokama etildi.

“Inson kapitalini rivojlantirish va inklyuziv o‘sish, axborot texnologiyalarini qo‘llash orqali samarali kasb-xunar dasturlarini ishlab chiqish” ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni qisqartirish, profilaktika siyosati, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga yordam berish, “ijtimoiy lift”, hamma uchun teng imkoniyatlar, tibbiy sug‘urta tizimi, ta’lim sifati, o‘quv markazlari, IT sektorida bandlik salohiyati yuzasidan fikr almashildi.

“Bandlik, xususiy va kichik, o‘rta tadbirkorlik hamda investitsiya muhitini oshirish” panelida munosib ish o‘rinlarini yaratish, ayollar va yoshlar bandligi dasturlari, mehnat bozorining moslashuvchanligi, migratsiya siyosati, xususiylashtirish va ijtimoiy siyosat, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun biznes muhitini rivojlantirish yuzasidan so‘z bordi.

“Qishloq xo‘jaligini transformatsiya qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror ish o‘rinlarini ta’minlash” mavzusidagi davra suhbatida oziq-ovqat narxlarining o‘zgarishi, kelajakda salbiy oqibatlarni yumshatish choralarini ko‘rish, yer islohoti, qishloq xo‘jaligi agregatorlarini yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

“Ijtimoiy himoya dasturlarini loyihalashtirish va rag‘batlantirish o‘rtasida muvozanat” yo‘nalishidagi sessiyasida ijtimoiy himoya dasturlari, ijtimoiy sug‘urta, ijtimoiy xizmatlar va bandlik dasturlari samaradorligi, kambag‘allikni maqsadli aniqlash usullari, ijtimoiy himoya tizimlarining to‘liq shakllanishi yuzasidan fikr almashdilar.

Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan shaxslarni bandligini ta’minlash, mavjud imkoniyatlar va xorijiy tajriba (nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun imkoniyatlar, ish o‘rinlarini yaratish va moslashtirish hamda nogironlar uchun yaratilgan sharoitlar bo‘yicha xorijiy tajribalar), qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish (qishloq joylaridagi ayollar va yoshlar uchun imkoniyatlar: raqamli ko‘nikmalar, startaplar, tadbirkorlik, yashil ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkor ayollar uchun psixologik va boshqaruv bo‘yicha amaliy darslarni tashkil etish) hamda ko‘p o‘lchovli kambag‘allik (xalqaro tajriba, kambag‘allikni qisqartirish siyosatini ishlab chiqish, O‘zbekistonda kambag‘allikni ko‘p o‘lchovli hisoblash bilan bog‘liq muammolar va imkoniyatlar) yuzasidan davra suhbatlari tashkil etildi.

Bundan tashqari, tadbir davomida bir qator hamkorlik hujjatlarini imzolash hamda hamkorlikdagi yangi loyihalarni e’lon qilish tadbirlari, xususan, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Xitoy kambag‘allikni qisqartirish Xalqaro markazi o‘rtasida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan kambag‘allikni qisqartirish hamkorlik dasturini imzolash marosimi hamda O‘zbekistonning Metan emissiyasini kamaytirish bo‘yicha global majburiyat to‘g‘risidagi tashabbusga qo‘shilishi bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tdi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar