Ikki hafta mobaynida olib borilgan uzluksiz bunyodkorlik ishlari natijasida poytaxt viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘ir bo‘lgan olis qishlog‘i ahli endi yangicha hayot kechiradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yurtdoshlarimiz hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlariga asos bo‘ldi.
Mazkur muhim hujjatlarda mahallalarda ijtimoiy muhitni yaxshilash, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish, ravon yo‘llar, sifatli muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy ko‘makka muhtoj aholi qatlamlariga ko‘mak berish va albatta, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha zarur sharoitlarni hozirlash kabi masalalar yuzasidan ham aniq vazifalar aniq belgilab berilgan.
Mazkur jarayonda ishlarni yangi tizim bo‘yicha tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga binoan endilikda Prezident Xalq qabulxonalari mutasaddilari fuqarolarni hokim yordamchilari bilan birgalikda qabul qiladi, ya’ni, odamlarning murojaatlarini samarali hal yetishda yaqin hamkorlikda faoliyat olib boradi.
Prezident Xalq qabulxonasi vakillari va hokim yordamchilari mahallada fuqarolar uchun qabullarni faqat alohida ajratilgan yopiq binolarda emas, balki zaruratga qarab bevosita ko‘cha va hovlilarda, ochiq maydonlarda, dala sharoitida ham tashkil etdi. Bu jarayonlarda ular bilan birga sektor rahbarlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi. Bu tizim ilk bor Toshkent viloyatining eng olis hududlari bo‘lmish “Bo‘ka” va “Cho‘lobod” mahalla fuqarolar yig‘inida joriy etilgan bo‘lsa, endilikda O‘zbekistonning barcha uzoq qishloqlarida, ayniqsa, ijtimoiy ahvoli, infratuzilmasi og‘ir bo‘lgan mahallalarda ham qo‘llanadi. Shu tariqa har bir murojaat nazoratga olinib, ko‘plab masalalar joyida hal etilmoqda.
Ularning ish kuni aholi bilan muloqot, murojaatlarni ko‘rib chiqish bilan boshlanadi va qishloq ahli ko‘targan masalalardan kelib chiqqan holda qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladi. Har bir murojaat nazoratga olinib, ko‘plab masalalar o‘z o‘rnida hal etiladi.
Bu muhim jarayonlarda Prezident Xalq qabulxonalariga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, ular tomonidan hokim yordamchilariga har tomonlama ko‘mak berilmoqda.
Ichki yo‘llarni ta’mirlash masalasi bo‘kaliklar tomonidan qabullar jarayonida o‘rtaga tashlangan eng dolzarb muammolardan biri bo‘ldi.
Bu muammoni hal qilish maqsadida mutasaddi idora va tashkilotlarning katta hajmdagi kuch va resurslari safarbar qilindi. Maxsus texnikalar, yuzlab yuk mashinalari yordamida har kuni bu yerga tonna-tonna qum-shag‘al aralashmasi keltirildi. Ish kunu-tun, qishloqning hamma hududi bo‘ylab tashkil etildi. Yo‘lsozlar tomonidan amalda o‘zining ko‘plab afzalliklarini namoyon etgan texnologiya – maxsus aralashmani uch qavat qilib yotqizish va zichlash usuli qo‘llanilib, yo‘llar ta’mirlandi. Buning natijasida paydo bo‘lgan yo‘llar nafaqat chiroyli, balki sifatli ham bo‘lib, ko‘p yillar xizmat qiladi. Ana shu asnoda ikki hafta davomida “Bo‘ka” mahallasida 12,5 kilometr yo‘l barpo etildi.
Obihayot insonning birlamchi ehtiyojlaridan biri. Mahallada esa ko‘chalardan o‘tkazilgan ichimlik suvi tarmoqlari allaqachon o‘z xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan, ayrim xonadonlarga esa suv quvurlari umuman yetib ham bormagan edi. Ikki hafta mobaynida qishloqdagi har bir ko‘chada transheyalar ochildi, yangi suv quvurlari yotqizilib, montaj ishlari olib borilishi natijasida bugungi kunga kelib, toza suv har bir xonadonga kirib bordi. Qisqa muddat davomida “Bo‘ka” mahallasida 15 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi.
Aholi murojaatlarida eng ko‘p tilga olingan muammolardan yana birini hal qilish uchun tegishli korxonalar tomonidan xonadonlarni suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Mahalladagi yana bir jiddiy muammo elektr ta’minoti bilan bog‘liq edi. Foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan eski elektr tarmoqlari, transformator hamda simyog‘ochlar tizimdagi tez-tez uzilishlarning asosiy sababi edi. Bunyodkorlik ishlari samarasi o‘laroq, bu masala ham o‘z yechimini topdi. Temir-beton ustunlar o‘rnatilib, elektr simlari va transformatorlar yangilandi, yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, 480 dona temir-beton ustun o‘rnatildi, 41 kilometrlik tarmoqlar yangilandi.
Qishloq xo‘jaligi Bo‘ka tumani iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi va o‘z-o‘zidan ushbu tarmoq bilan bog‘liq kompleks masalalar, shu jumladan, ariq va zovurlarning bir maromda ishlashi mahalliy fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun masalalarning masalasi hisoblanadi. Ammo ko‘p yillar davomida bunga yetarli e’tibor berilmagani tufayli melioratsiya va drenaj tarmoqlari loyga to‘lib, yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Shundan kelib chiqib, o‘tgan 14 kun mobaynida ishchilar ekskavatorlar yordamida kollektor va zovurlarni tozalab, tiklashdi, ularning bo‘yida tuproq eroziyasining oldini oladigan daraxt ko‘chatlari ekildi. Bu kabi xayrli ishlardan ayniqsa mahalliy fermer va dehqonlar minnatdor. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, zovurlarning benuqson ishlashi tuproq unumdorligini bir necha barobar oshirish imkonini beradi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Bo‘ka boy dehqonchilik an’analariga ega bo‘lgan tuman hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz tomonidan bu an’analarni yanada rivojlantirish uchun zarur barcha yordam ko‘rsatilmoqda. Ilgari IIV tasarrufida bo‘lgan 136 gektar yer 270 nafar yoshga ajratib berilishi bunday xayrli ishlarning ilk mevasi. Bu yerlarning unumdorligi yuqori, yoshlarning ko‘pchiligi esa usta dehqonlarning farzandlari. Yer ajratilishi barobarida dalalarni sug‘orish uchun bir nechta nuqtada quduq qazish ishlari olib borilyapti. Yangi, xorijdan keltirilgan zamonaviy qurilmalar 1200 metr chuqurlikkacha quduq qazish imkonini beradi.
Qurilish vazirligiga har bir mahallaning bosh rejasini ishlab chiqish, hududga kirib kelishda ramziy darvoza, mahalla haqida ma’lumot beruvchi stella bo‘lishi lozimligi yuzasidan topshiriq berilgan edi. Topshiriqlar ijrosi soha mutaxassislari tayyorlagan loyihalar misolida hayotda o‘z aksini topyapti. Shuningdek, vazirlik mutaxassislari odamlarga hovli-joylarning namunaviy loyihalarini tavsiya etmoqda. Ularda har bir jihat hisobga olingan, mayda detallargacha ahamiyat qaratilgan. Tandirxona qanday joylashtirilishi lozim, issiqxona qanday o‘rnatilgani ma’qul, chorva mollari uchun joy qay tartibda quriladi, hammasi hisobga olingan.
Darvoqe, qabullar jarayonida boquvchisini yo‘qotgan, og‘ir ijtimoiy ahvolda bo‘lgan oilalar, nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizdan uylarini ta’mirlashda yordam so‘rab, murojaatlar ham bo‘ldi. Ikki hafta mobaynida “Alhajar”, “Toyloq”, “Ukkiboy”, “Qatortol” hamda “Xudoyqul ovul” kabi qishloqlardagi o‘nlab ana shunday uylar ta’mirlab berildi.
Mahalla ahlining so‘rov va iltimoslari asosida bir qator ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish ishlari ham boshlab yuborildi. Tez orada hududda sun’iy qoplamali futbol maydoni, bolalar o‘yingohi, vorkaut, qishloq vrachlik punkti, bozor va maishiy xizmat ko‘rsatish o’bektlari ishga tushadi.
Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi, unda mustahkamlab qo‘yilgan Inson qadri uchun tamoyilini hayotda qaror toptirish yo‘lidagi bu kabi xayrli tashabbuslar mamlakatimizning barcha hududlarida davom ettiriladi.
Prezident Xalq qabulxonasi matbuot xizmati
Izoh qoldirish