Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan tuzilgan o‘ttizga yaqin vazirlik va idora rahbarlaridan tashil topgan Respublika ishchi guruhining Toshkent shahridagi uch kunlik ommaviy qabullari ham bir haqiqatni yana bir bor isbotladi: hayot davom etar ekan, inson bor ekan, murojaatlar bo‘lishi tabiiy va Prezidentimiz asos solgan xalq bilan muloqot tizimi bois ko‘plab insonlarni ancha vaqtdan beri o‘ylantirib kelayotgan masalalarga yechim topilmoqda.
“Ommaviy qabullar uch oyligi” doirasida Sergeli, Chilonzor, Yunusobod tumanlarida tashkil qilingan ochiq-jonli muloqotlar maydonida o‘ttizga yaqin vazirlik, qo‘mita va respublika tashkilotlari rahbarlari qariyb 2 ming 270 ta masalani ko‘rib chiqqan bo‘lsa, deyarli har uch masaladan bittasi joyida hal qilindi.
Ichki ishlar vazirligi mas’ullari ko‘rib chiqqan 265 ta murojaatning 137 tasi shu yerda hal qilib berildi. Aytaylik, 2013 yili ichki ishlar tizimidan ishdan bo‘shatilgan Jasur Rahimov sud-huquq sohalarida amalga oshirilgan islohotlar tufayli huquqiy maydonda o‘zining haqligini isbotlashga erishdi. Avval tashkil qilingan xuddi shunday ommaviy qabullardagi murojaatidan so‘ng uning ishi Oliy sudda ko‘rilib, oqlov hukmi chiqarilgan edi. Bu galgi muloqotlar maydonidagi murojaatidan so‘ng esa Jasur Rahimov ichki ishlar tizimiga ishga qabul qilindi. Oradagi 9 yillik uzilish uning ham xizmat muddatiga qo‘shildi.
Bu jarayonda yashnobodlik sobiq ichki ishlar xodimi Narimon Bekqulovning ham ko‘p yillik masalasiga yechim topildi. Ancha yil muqaddam ishdan tashqari vaqtda katta janjalning oldini olishga harakat qilib, buning oqibatida og‘ir tan jarohati ham olgan kapitan Bekqulov batafsil tekshiruvlarsiz ishdan bo‘shatilgan ekan. Biroq bunda uning aybdor emas, aslida jabrlanuvchi ekani inobatga olinmagan.
Ommaviy qabuldagi murojaatidan so‘ng Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bu ishni tezkor va batafsil o‘rgangach, Narimon Bekqulovni ichki ishlar tizimiga ishga tiklaydigan bo‘ldi.
Yakkasaroylik Karina Pankratovaning Bosh prokuratura mas’ullariga aytishicha, poytaxtimizdagi qurilish korxonalaridan biri ular yashayotgan Yakkasaroy tumani Mirobod ko‘chasidagi hududda qurilish qilmoqchi, biroq bu maydon aslida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga biriktirib berilgan. Bu masala Toshkent tumanlararo ma’muriy sudida ko‘rilgan va aholi foydasiga hal qiluv qarori chiqarilgan, Toshkent shahar ma’muriy sudi appelyasiya instansiyasi esa bu qarorni bekor qilgan. Karina opa va mahalladoshlari bu masalani har tomonlama chuqur, batafsil o‘rganishni va Yakkasaroy tumani qurilish bo‘limining bu boradagi ruxsatnomasini haqiqiy emas deb topishni so‘ramoqda.
Ularning bu boradagi murojaatlari asosida Toshkent shahar prokuraturasi Toshkent shahar ma’muriy sudi appelyasiya instansiyasining qarorini bekor qilish bo‘yicha protest keltirdi. Karina Pankratova mas’ullarga mazkur protest uchun minnatdorlik bildirarkan, bu masalani yana bir marta nazoratga olishni so‘radi. Ushbu protest asosida mazkur nizoli masala yaqinda Oliy sudda tomonlar va prokuratura vakillari ishtirokida qonuniy-adolatli ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.
Muloqotlar asnosida Dilorom Imomboyevaning sud hukmiga nisbatan protest keltirish, Elmurod Boyxonovning ish haqini undirish yuzasidan sud qarorini ijro qildirish, Muqaddas Sharipovaning tergovda qonuniylikni ta’minlash singari o‘rganish va muddat talab qiladigan jami 176 ta masala Bosh prokuratura nazoratiga olindi.
Chilonzorlik tadbirkor Abduraim Alimov avtomashinalar uchun import o‘rnini bosuvchi yon oynalar ishlab chiqaradi, 40 nafar kishini doimiy ish bilan ta’minlagan. Yaqinda tadbirkor aylanma mablag‘dan qiynalib, buyurtmalarni yetkazib bera olmay qolgan. Ayni shu masalaga yechim izlab kelgan tadbirkorga Toshkent shahar 2-sektori ko‘magi bilan 200 ming dollar kredit ajratilgani yana bir korxonaning barqaror ishlab ketishiga katta yordam bo‘ldi.
Qabullardagi xuddi shunday murojaatlar asosida Ozoda Toyirovaga aliment undirib berilgan bo‘lsa, Muzaffar Haydarovning kreditdan yuzaga kelgan noreal qarzdorligi bartaraf etib berildi.
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi islohotlar natijasida yashnobodlik Aziza Ashurovaning ham 2004 yili auksion orqali sotib olgan 6 sotix yer maydonida uy-joy qurish bo‘yicha loyihani tasdiqlatish bilan bog‘liq 18 yillik masalasi Qurilish vazirligi mas’ullari bilan muloqotdan so‘ng hal qilindi. Ayolning uy-joy barpo qilishga oid loyihasi tasdiqlanib, qurilishga ruxsat berildi. Umuman, Qurilish vazirligi mas’ullari bilan muloqotlardan so‘ng shu singari 33 ta masala joyida hal qilindi.
Chilonzorlik Baxtiyor Xo‘jayev esa Prezident Xalq qabulxonasiga murojaatidan so‘ng 12 yil deganda doimiy foydalanish huquqi asosida turar-joy bilan ta’minlandi.
Davlat soliq qo‘mitasi mas’ullariga murojaatdan so‘ng uchtepalik tadbirkor Muxlisa Akramovaga ortiqcha hisoblangan qo‘shimcha qiymat solig‘i qaytariladigan bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Toshkent shahridagi ommaviy qabullarida 2 ming 212 ta masala ko‘rib chiqilib, ularning 725 tasi joyida hal qilindi. 484 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo‘lsa, qolgan mingdan ziyod masalani hal qilish bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi.
Izoh qoldirish