Jurnalistika sohasida O‘zbekiston-Yevropa tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi (+video)

Jurnalistika sohasida O‘zbekiston-Yevropa tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi (+video)

Bryussel xalqaro press-klubi "O‘zbekiston haqida eng yaxshi maqola" uchun Press-klublar xalqaro tarmog‘i a’zolari bo‘lgan media-loyiha – yevropalik jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblarini e’lon qildi.

Tanlov Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining Belgiya Qirolligidagi elchixonasi ko‘magida o‘tkazildi.

Tanlov g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi joriy yilning 21 sentyabr kuni Bryusselda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Belgiyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan qabul doirasida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda YeI va Benilyuks mamlakatlari siyosiy, ekspert-tahlil, ishbilarmon doiralari, diplomatik korpus vakillari hamda Yevropa mamlakatlarida yashovchi vatandoshlar ishtirok etdi.

Taqdirlash marosimida Bryussel press-klubi ijrochi direktori Loran Brixay, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sektor rahbari Nozimjon Ortiqov va bosh ilmiy xodim Hasanjon Majidov ishtirok etishdi.

Loran Brixay o‘z nutqida O‘zbekistonda so‘z va axborot erkinligini ta’minlash sohasidagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etib, tanlovning maqsad va vazifalari haqida so‘zlab berdi, unda Yevropaning turli ommaviy axborot vositalarida chop etilgan 20 dan ortiq maqolalar taqdim etildi.

Yevropaning yetakchi ekspertlaridan tashkil topgan hakamlar hay’ati kelib tushgan maqolalarni o‘rgangan holda «Eurocontinent» axborot-tahliliy veb-sayti prezidenti, doktor Pera-Emmanuel Tomanning "O‘zbekiston Markaziy Yevroosiyoda barqarorlik tayanchi sifatida" nomli maqolasi tanlov g‘olibi deb e’lon qilindi. G‘olibga maxsus diplom va 2000 yevro miqdorida pul mukofoti topshirildi.

«Eurocontinent» axborot-tahliliy veb-sayti prezidenti doktor Pera-Emmanuel Tomann O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga eng ezgu tilaklarni tiladi.

- Ishonchim komilki, O‘zbekiston Respublikasi mamlakatni modernizatsiya qilish yo‘lidagi transformatsiya jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tdi.

2007 yildan beri O‘zbekistonga 10 marta borish nasib etgan. Har tashrifida aniq rivojlanishni ko‘rish qiyin emas. Birinchi navbatda bu – infratuzilma loyihalariga – tijorat markazlariga tegishli. Qayd etish kerakki zamonaviy innovatsion arxitetura uslublari milliy qadriyatlar bilan uyg‘unlashgan. Umumiy qilib aytganda, rivojlanishning o‘zbek modelining yagonaligi shundaki, u o‘zbek xalqining an’analarini saqlagan holda innovatsiyalarga qo‘l urishni nazarda tutadi - deydi doktor Toman.

Bryussel Press-klubining tashqi aloqalar bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i Gregor Kupper loyihaning maqsadi O‘zbekiston-Yevropa munosabatlarini chuqur va har tomonlama yoritib bera oladigan maqolani tanlash ekaniligini ta’kidladi.

- O‘tgan besh yil ichida O‘zbekiston-Yevropa munosabatlari qanchalik chuqur rivojlanganini ko‘rsatish. Bundan tashqari, ushbu maqolalar o‘zaro munosabatlarning haqiqiy ko‘lamini baholashga imkon beradi. Yevropaning katta auditoriyasi uchun ilgari yetarlicha ochiq bo‘lmagan mamlakat sifatida O‘zbekiston bugungi kunga kelib o‘ziga xos go‘zal tarixiy joylari tufayli eng jozibador joylardan biriga aylanmoqda. Mamlakatga qiziqish nafaqat yevropalik jurnalistlar, shuningdek, biznes va sayyohlik hamjamiyati vakillari orasida ham ortdi.

Bryussel press-klubiga ushbu mukofotga ega bo‘lish istagidagi yevropalik jurnalistlardan juda qiziq mavzuda maqolalar muntazam kelib turdi. Bularning barchasi O‘zbekistonga bo‘lgan katta qiziqishdan dalolat beradi. Mamlakatda sodir bo‘layotgan so‘nggi ijobiy o‘zgarishlar yevropalik o‘quvchilar uchun juda katta qiziqish uyg‘otib, bu ularni O‘zbekiston bo‘yicha so‘nggi yangiliklarni faol kuzatuvchisiga aylantirdi, - dedi Janob Kupper o‘z chiqishida.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi esperti Nozimjon Ortiqov mazkur tanlovni o‘tkazish bo‘yicha Markaz g‘oyasini qo‘llab-quvvatlab, uni muvaffaqiyatli tashkil etilishida katta hissa qo‘shgan O‘zbekiston Respublikasining Belgiya Qirolligidagi elchixonasi va Bryussel xalqaro press-klubiga Markazning minnatdorchiligini bildirdi.

Tanlov doirasida Markaz tomonidan qo‘shimcha ravishda 2 ta keyingi eng yaxshi maqola tanlab olingani va ularga maxsus sovrinlar ajratilganini aytib o‘tdi.

Shunday qilib, “O‘zbek to‘yi” maqolasi uchun Marlen Tyutenelga («O‘zbekistan – Buyuk Ipak Yo‘lining marvaridi” to‘plamida chop etilgan) va “Nima uchun O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi uchun dolzarb” maqolasi uchun Vite Kobiyelaga maxsus sertifikatlar va qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.

Malumot uchun: Tanlovda Yevropa Ittifoqining 27 mamlakati, Buyuk Britaniya, Shveysariya va Norvegiya ishlaydigan, Yevropa ommaviy axborot vositalari jurnalistlari ishtirok etdi. Hakamlar hay’ati press-klub a’zolari tarkibidagi taniqli jurnalistlar, ekspertlar bo‘lib, ular tanlov g‘olibiga mukofotni belgiladi.

Bryussel xalqaro press klubi 2010 yilda Bryusselda joylashgan xalqaro jurnalistlar tashabbusi bilan tashkil etilgan. U Xalqaro press-klublari assotsiatsiyasi raisi. 1000 dan ortiq jurnalistni birlashtiradi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar