O‘n yilga ozodlikdan mahrum etilgan sobiq IIV xodimi qayta ishga tiklandi

O‘n yilga ozodlikdan mahrum etilgan sobiq IIV xodimi qayta ishga tiklandi

Xorazm viloyatida fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Prezident xalq qabulxonalari, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari va Davlat bojxona qo‘mitasi rahbar xodimlari ishtirokida uch kun davomida ommaviy qabullar o‘tkazildi.

Qo‘shko‘pir tumanidagi jarayonlarni kuzatar ekanmiz respublika mutasaddilariga joyida yuzma-yuz murojaat qilish imkoniyati olis hududlardagi ko‘plab insonlar qalbida rozilik tuyg‘ularini uyg‘otdi. Qabullar nafaqat Qo‘shko‘pirliklarga balki xududga yondash Xiva shahri va Xiva tumani ahliga ham qulay imkoniyat bo‘ldi.

Masalan, Qo‘shko‘pir tumaning “Xadra” qishlog‘ida yashovchi Hayitboy Rajabov 2011-2019 yillarda “Sanjarbek Zafarbek” fermer xo‘jaligini boshqargan. O‘z vaqtida sug‘urta badallarini amalga oshirib kelgan. Uning aytishicha 2018 yilda suvsizlik muammosidan fermer katta talofat ko‘rgach sug‘urta kompaniyasiga murojaat qiladi. Ammo to‘lanishi zarur bo‘lgan mablag‘ni o‘z vaqtida ola bilmagani fermerni qarzdorlik botqog‘iga botirgan. Xayitboy Rajabov nihoyat ommaviy qabulda sudlar ko‘magi bilan najot topdi. Ya’ni 82 mln so‘m mablag‘ endilikda sobiq fermer foydasiga undirilib beriladigan bo‘ldi.

Ixtiyor Rahimov Qo‘shko‘pir tumani “Yangilik” mahallasida istiqomat qiladi. U ommaviy qabulda ichki ishlar vaziri o‘rinbosariga ish haqini undirish masalasida murojaat qildi. Gap shundaki tumandagi Parrandachilik klasterida ishlagan yosh yigit 6 oylik mehnat haqqini mana 1 yildirki ololmasdan kelmoqda. Ommaviy qabul tugamasdan uning masalasi hal bo‘ldi.

Yangibozor tumanidagi so‘lim go‘sha hudud aholisi bilan birga Shovot, Gurlan tumanida yashovchi murojaatchilar keldilar. Bosh prokuror o‘rinbosariga yuzlangan Shovotlik Muyassar Obidxo‘jayeva chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari. 110 bosh nasildor qoramoli bo‘lgan fermer xo‘jaligining ekin yer maydonlariga ehtiyoji bor edi. Fermer ayolning bu borada prokuratura organlariga qilgan murojaati javobsiz qolmadi. Unga ozuqa yetishtirish uchun tuman hokimi qarori bilan 50 gektar yer maydoni ajratildi.

Birinchi guruh nogironi G‘anisher Saidov va uning turmush o‘rtog‘i yengil konstruksiyali shoxobcha barpo etish maqsadi borligini bildirishdi. Murojaatchilarning nafaqat bu masalasi, balki Bog‘ot tumani “Nurafshon” mahallasidagi kommunal sohaga oid muammolarini ham hal etish uchun nazoratga olindi.

Orombek Masharipov Urganch tumani hududidan tugallanmagan bino sotib oladi. Biroq Urganch tumani prokurori tomonidan tuman hokimi qarorini bekor qilish haqida protest keltirilgan. Urganch tumani hokimligi ushbu protestni qanoatlantirgach, fuqaro o‘zining buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida ma’muriy sudga murojaat qildi. Sudda shaxsning qonuniy manfaatlari himoya qilinishi ta’minlandi.

Jasurbek Ibragimov Xorazm viloyatida o‘tkazilgan oldingi ommaviy qabulda Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga murojaat qilgan edi. Gap shundaki, 2004 yildan viloyat ichki ishlar boshqarmasida turli lavozimlarda xizmat qilgan yurtdoshimiz 2010 yilda ichki ishlar tizimidan bo‘shatilgan. O‘sha paytda jinoyat ishi ochilib, ozodlikdan mahrum etilgan sobiq xodim kun kelib yana xizmat formasini kiyishini xayoliga ham keltirmagan edi. Biroq aybsizligi tufayli qalbidagi zarracha umid sira so‘nmadi. Jasurbek Ibragimov 2020 yilda sud hukmi bilan to‘la oqlandi. Bir paytlar kamdan kam sodir bo‘ladigan bunday holat Jasurbek Ibrohimovga yana bir karra ishonch bag‘ishladi. Arizalar va ommaviy qabullardagi yuzma-yuz murojaatlar sabab u ichki ishlar tizimiga ishga tiklandi.

Farruh Aminov oldingi Urganch buyum bozorida buzilishga tushgan 80 kv metr bo‘lgan do‘koni o‘rniga berilgan yer maydoniga egalik qilolmasdan ovora edi. Ommaviy qabulda tadbirkorga tuman hokimi qarori chiqarib berildi.

Shuningdek, fermer Xushnud Jabborov xususiy firma bilan oldi-berdi hisobida 74 mln so‘m pulni ololmayotgani borasida murojaat qildi. Unga ushbu mablag‘ qabulning o‘zidayoq undirib berildi.

Uch kun kun davom etgan ommaviy qabullarda 1004 nafar fuqarodan 1008 ta masalalari bo‘yicha murojaatlar qabul qilindi. Shulardan 153 nafar fuqaroning murojaati joyida ijobiy hal qilindi, 85 nafar fuqaroga huquqiy maslahat, 314 nafariga asoslantirilgan tushuntirishlar berildi, 456 ta murojaat qat’iy nazoratga olindi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar