UzAuto Motors 2021 yilning 28 dekabridan Ozarbayjonning Hajigabul shahrida Damas, Labo, Lacetti, Tracker va Malibu avtomobillarini yig‘ish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Ishlab chiqarish «Azermash CP» MChJ QK zavodining ishlab chiqarish quvvatlarida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu yerda joriy yilning sentyabr oyidan buyon Chevrolet Nexia va Cobalt avtomobillari ishlab chiqarilayotgan edi.
Barcha mahsulotlar General Motors (AQSh) tomonidan o‘rnatilgan jahon standartlariga muvofiq ishlab chiqarilishi qayd etiladi.
"Ushbu yo‘nalishda keyingi qadam Ozarbayjondagi Chevrolet avtomobillari portfoliosini yangi perspektiv avtomobil modellari bilan to‘ldirish shuningdek, kelgusi yillarda ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich oshirish: 2022 yil oxiriga kelib, yiliga kamida 5000 ta avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga erishish rejalashtirilgan", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors kompaniyasi avvalroq O‘zbekistonda 2022 yil 1 fevralga qadar to‘rtta avtomobillarini sotish bo‘yicha yangi arizalar qabul qilishni to‘xtatgandi.
Izoh qoldirish