4 noyabr kuni O‘zbekiston hududiga Ural mintaqalaridan sovuq havo kirib keldi. Sovuq front zonasida shamolning tezligi 12−15 m/s gacha, Buxoro, Navoiy, Jizzax viloyatlarida ayrim joylarda 20−25 m/s gacha kuchayishi kuzatildi. Shamol esishi ta’sirida yuqori qurigan tuproq qatlami ko‘tarilib, respublikaning bir qator hududlarida ko‘rishning 100−200 m gacha yomonlashishi bilan chang-qumli tuman ta’sirini yuzaga keltirdi.
SSV axborot xizmati quyidagi tavsiyalarni taqdim qildi:
- Xona yoki inshootlarning pol va tokchalari, ular ichidagi buyum hamda ashyolarni nam latta bilan tozalab turing. Uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qo‘yish chang darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, nam sochiqlarni osib qo‘ying. Bunday vaziyatda konditsioner va havoni tozalash tizimlari ham asqatadi.
- Derazalarni yopiq holda saqlang. Ayniqsa kechasi va erta tongda eshik va oynalarni zichlab yoping!
- Ko‘proq suv iching!
- Ochiq havoda harakat qilishni cheklang!
- Tez-tez dush qabul qiling! Ayniqsa, tashqaridan uyga kirgach, bu jarayon nafas olishingizni yengillashtiradi.
- Og‘iz va burun bo‘shlig‘ini tuzli eritma bilan yuvib tashlang!
- Nafas olish tizimi kasalliklariga chalinganlar tibbiy niqobdan foydalashlari va ularni har 2 soatda almashtirishlari zarur!
- Ko‘zlarni yuvish tavsiya etiladi. Ayniqsa, linzadan foydalanuvchilar uchun bu juda muhim.
- Tutunga to‘la xonalarda chekish xavfli. Chunki ifloslangan ob-havo hisobiga salomatligimizga yetadigan ziyon bir necha barobar oshib ketadi.
Agar Sizda nafas qisishi, burun bitishi, aksirish, burun oqishi, ko‘zlarda qichishish va qizarish, tomoqda kuchli qichishish, qichishish bilan kuzatiladigan yo‘tal belgilari yuzaga kelsa, tezda shifokor bilan maslahatlashing.
Izoh qoldirish