O‘zbek avtomobil bozorida jadal o‘sish kuzatildi – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhi

O‘zbek avtomobil bozorida jadal o‘sish kuzatildi – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan avtomobil bozorida savdolar o‘zgarishi muntazam tahlil qilib kelinmoqda.

2022 yil fevral oyida 128,4 ming dona avtotransport vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, bu o‘tgan yilning fevral oyiga (51,5 ming) nisbatan 149,2%ga va 2020 yil yanvar oyiga (57,5 ming) nisbatan esa 123,2%ga ko‘paydi. Shu bilan birga, 2022 yil yanvariga nisbatan o‘sish sur’ati 13,4%ni tashkil etdi.

Ekspertlar avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazishlar sonining jadallik bilan o‘sishini o‘tgan oydan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘imning to‘liq bekor qilinishi hamda oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat bojini bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida belgilanishi bilan izohlashmoqda. Jumladan, O‘zbekistonga avtotransport vositalarini sotib olish va/yoki vaqtinchalik olib kirishda to‘lanadigan yig‘im 2022 yilgi davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga asosan bekor qilindi.

1-rasm. Ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillar sonini o‘zgarishi

Joriy yilning fevral oyida birlamchi bozordan sotib olingan avtomobillar soni 28,8 ming donani tashkil etdi. Avtomobil savdosi yanvar oyiga nisbatan 3,2%ga oshdi. Ikkilamchi bozorda ushbu ko‘rsatkich 99,6 ming donani tashkil etdi (o‘sish 16,8%).

Yangi avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishlar soni o‘tgan oyga nisbatan Toshkent (63,2%), Qashqadaryo (38,1%) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (15,9%) sezilarli darajada oshgan bo‘lsa, Sirdaryo (-27,8%), Farg‘ona (-22,3%), Namangan (-16,9%), Buxoro (-6,2%), Surxondaryo (-6,1%), Samarqand (-4,8%), Jizzax (-1,9%) viloyatlari va Toshkent shahrida (-6,6%) kamayish kuzatildi.

2 rasm. Birlamchi va ikkilamchi bozorlarda sotilgan avtomobillar

Chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar oldi-sotdi shartnomalari soni 2,4 ming donani tashkil etib, bu yanvar oyiga nisbatan 26%ga ko‘paydi (2021 yil fevral oyiga nisbatan o‘sish 2,7 barobar).

3-rasm. Ichki bozorda sotilgan yangi yengil avtomobillar

Ikkilamchi bozordan sotib olingan avtotransport vositalarini rasmiylashtirishlar soni eng ko‘p bo‘lgan hududlar Samarqand – 12,5 ming (yanvar oyida - 9,7 ming), Farg‘ona - 11,8 ming (9 ming), Andijon - 10,2 ming (7,2 ming), Namangan - 9,4 ming (8,1 ming), Qashqadaryo-8,3 ming (6,4 ming) viloyatlari va Toshkent shahri - 11,7 ming (13,6 ming) bo‘ldi.

Xalilulloh Hamidov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Sektor mudiri

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Jamaotchilik bilan ishlash bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar