Inson huquq va manfaatlarini ta’minlash mamlakatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida ham ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuhamedov “O‘zbekiston 24” teleradiokanalining “Axborot” yangiliklar dasturiga BMTning eng asosiy organlaridan biri bo‘lgan, Iqtisodiy va ijtimoiy kengash saylovidagi O‘zbekiston muvofaqiyati va uning ahamiyati haqida o‘zining mulohazalarini bildirdi.
“Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning BMTning mazkur Kengashiga saylanishi O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy sohada o‘tkazilayotgan izchil bunyodkorlik islohotlarining natijasi hamdir. Shu bilan birga, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida iqtisodiy-ijtimoiy sohalardagi amalga oshirilayotgan keng qamrovli transformatsiya jarayonlarini xalqaro darajada nufuzli tashkilotlar tomonidan yuksak baholanayotganligidan dalolat beradi.
O‘zbekiston mazkur tashkilotning global kun tartibiga mintaqamizdagi Markaziy Osiyo masalalarni ham baralla aytish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
Shu orqali O‘zbekistonda va mintaqa mamlakatlarida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish borasida yirik tashabbuslar va loyihalarni ishlab chiqilishiga, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga xalqaro grant va investitsiyalarni jalb qilishda ham samarali foydalanish mumkin bo‘ladi.
Shu jihatdan ushbu tashkilotga a’zolik O‘zbekistonning mintaqamizdagi yetakchiligi va mintaqadagi hamkorlikni ham mustahkamlaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning BMT EKOSOS Kengashiga saylanishi uning xalqaro maqomini mustahkamlash, BMT resurslari va tajribalaridan foydalanish, shuningdek, ulkan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi”, dedi M.Xolmuhamedov.
Boshqa mamlakatlarning muvaffaqiyatli tajribalariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Efiopiya (2017-2019) tashkilotga a’zolik davrida kambag‘allikka qarshi kurashish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha milliy dasturni amalga oshirish uchun BMT va donorlardan katta miqdorda mablag‘lar (taxminan 1 mlrd dollar) jalb qila oldi.
Bu yo‘nalishda qo‘shnimiz Qozog‘istonning tajribasini ko‘radigan bo‘lsak, 2013-2015 yillarda EKOSOS a’zosi sifatida BMTning Markaziy Osiyo uchun Ko‘p tomonlama taraqqiyot dasturini yaratishni faol ilgari surgan. Natijada ushbu dastur 2015 yildan amalga oshirila boshlagan.
Vetnam (2016-2018) tashkilotga a’zolikdan sog‘liqni saqlash, ta’lim va ijtimoiy himoya sohalarda texnik hamkorlikni kuchaytirish yo‘lida foydalangan.
Braziliya (2020-2022) esa korrupsiyaga qarshi kurash va demokratik institutlarni mustahkamlash sohalarida o‘z islohotlarini ilgari surdi.
O‘zbekiston ushbu maqsadlarga erishish uchun o‘zining mintaqaviy manfaatlaridan kelib chiqqan holda EKOSOS rezolyusiyalari va dasturlarini ishlab chiqishda faol ishtirok etishi kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, biz Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha milliy statistika va tahlillarni takomillashtirishda BMT resurslaridan foydalanishimiz, mutaxassislarimiz ilmiy salohiyatini, malakasini oshirish imkoniyatlariga ega bo‘lamiz.
EKOSOS a’zoligidan samarali foydalanish mamlakatimiz uchun ichki islohotlarni jadallashtirish hamda o‘zining mintaqaviy va global mavqeini mustahkamlashda katta imkoniyatlar eshigini ochib beradi.
Oxirgi yillarda xalqaro munosabatlar borasida O‘zbekiston yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Jahon siyosati markazlaridan biriga aylanayotgan davlatimiz ko‘plab global tashabbuslarni ilgari suryapti. Dunyoning 130 dan ortiq mamlakati bilan diplomatik aloqlar o‘rnatilgan, 100 dan ziyod xalqaro tashkilotga a’zo, turli ko‘p tomonlama hamkorlik tuzilmalari bilan sheriklik jadal rivojoanmoqda. Islohotlarga monand yana bir tarixiy voqeylik, O‘zbekiston ilk bor BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi EKOSOS a’zoligiga saylandi.
Mazkur tuzilma tizimdagi tashkilotlarning iqtisodiy va ijtimoiy faoliyatini muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan asosiy organdir. U barqaror rivojlanishning barcha 3 yo‘nalishi – iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan rag‘batlantirishga qaratilgan sa’iy harakatlari markazida turadi. Kengash tarkibiga 3 yil muddatga saylanadigan 54 ta davlat kiradi. O‘zbekiston esa o‘z tarixida ilk bor 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan EKOSOS a’zoligiga saylanib, barcha davlatlar orasida eng ko‘p – 185 ta ovoz to‘pladi.
O‘zbekistonning ushbu muhim organga saylangani yurtimiz hayotining barcha jabhalarida kuzatilayotgan izchil islohotlar, xalqaro hamjamiyat va BMTga a’zo davlatlar tomonidan keng etirof etilganidan dalolat.
Qayd etish kerakki, BTMning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashiga saylanish O‘zbekistonga global iqtisodiy-ijtimoiy farovonlikni oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilish hamda xalqaro jaryonlarda faol ishtirok etish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Shuningdek mamlakatga iqtisodiy farovonlik, ijtimoiy himoya, sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, ta’lim, gender tengligi, atrof-muhit va samarali boshqaruv kabi muhim sohalarda muvaffaqiyatli xalqaro tajribani jalb qilishga yordam beradi.
Izoh qoldirish