Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish omillari haqida (+video)

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish omillari haqida (+video)

Tahlillarga ko‘ra, 2017 yildan buyon O‘zbekistonda har yili 5%dan kam bo‘lmagan barqaror iqtisodiy o‘sish qayd etilyapti. Mamlakatimizda eng yuqori iqtisodiy o‘sish pandemiyadan keyin 2021 yilda 7,4%ni tashkil etdi. Pandemiyadan keyingi eng yaxshi natija 2024 yilda 6,4%ga o‘sish kutilmoqda, bu ham mamlakat iqtisodiyotidagi ijobiy dinamikadan dalolat beradi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2024 yilning 1-yarim yilligida 6,4%ga ko‘paygan. Ushbu davrda sanoat 7,8%ga, qurilish 10,1%ga, xizmatlar 12,9%ga va qishloq xo‘jaligi 3,8%ga oshgan.

Jahon iqtisodiyoti qisqarayotganini hisobga olsak, 6,4%lik o‘sish yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Yil boshidan 3 mingta loyiha ishga tushib, 76 mingta yuqori daromadli doimiy ish o‘rni tashkil etilgan yoki 600 ming aholi biznesga jalb qilingan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov “O‘zbekiston24” telekanaliga bergan intervyusida mamlakatimiz ushbu natijalarga nimalar hisobidan erishayotgani borasida o‘z tahlillarini keltirdi.

“2017 yildan buyon olib borilayotgan islohotlarni iqtisodiy o‘sishni barqaror o‘sishiga sababchi bo‘layotgan eng asosiy omil sifatida ko‘rsak bo‘ladi. Masalan, hozirgi vaqtda butun jahondagi geosiyosiy chigalliklar, transport marshrutlarining qiyinchiliklari, savdo bozorlarida kuzatilayotgan murakkabliklar tufayli dunyo mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari pasaymoqda. Shunga qaramasdan, O‘zbekistonning iqtisodiyoti 2-chorakda 6,4%ni, sanoat 7,8%ni, qishloq xo‘jaligi esa 3,8%ni tashkil etgani islohotlarimiz barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlab berayotganini anglatadi.

2017-2018 yillarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ushbu davrda O‘zbekiston iqtisodiyoti 50 mlrd dollardan ortiqroq edi. 2023 yil yakunlarida biz 91 mlrd dollar YaIMga erishdik. Bu 1,6 barobar o‘sish degani. 2024 yilgi prognozlarimiz bo‘yicha oladigan bo‘lsak, O‘zbekiston iqtisodiyoti 100 mlrd dollarlik ko‘rsatkichdan o‘tadi. Bu degani, O‘zbekiston iqtisodiyoti dunyodagi eng yirik 60-70 talikka kiruvchi iqtisodiyot bo‘ladi.

Shu bilan mamlakatimiz juda ham katta iqtisodiyotga ega va o‘zini islohotlari tufayli jahondagi boshqa bir rivojlangan mamlakatlar bilan teppa teng bo‘lgan davlat sifatida o‘zini ko‘rsatyapti.

Davlat rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan, O‘zbekistonning 6 oylik natijalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda shunday xulosa qildim, islohotlarimiz zo‘r, natijasi bizning raqamlarda ko‘rinyapti. Buni XVJ, JB kabi xalqaro tashkilotlar e’tirof etishmoqda. Lekin dunyodagi vaziyat chigallashyapti, dunyodagi muhit qiyinlashyapti, biz shunga qarab iqtisodiyotimizni hozirdan bunga moslashtiryapmiz. Ya’ni, oldimizga qo‘ygan maqsadimiz, 2030 yilgacha yuqori-o‘rta daromadli mamlakatlar qatoriga kirish yoki bo‘lmasa eng asosiy vazifalarimizdan biri, kambag‘allik darajasini keskin pasaytirish. Kambag‘allik darajasini pasaytirish bo‘yicha dunyodagi eng tez natijalarga erishgan mamlakat qatorida mana shu natijalarni yana bir necha yillarga saqlab qolib, aholi faravonligini oshirish bo‘yicha hozirdan iqtisodiy siyosatda nima o‘zgartirishlar kiritish kerak va mana shu iqtisodiy siyosatda qilinadigan barcha o‘zgarishlarni davlatimiz rahbari birma bir sanab o‘tdi.

Bu uchta kompleks bo‘ladigan bo‘lsa, ular iqtisodiy kompleks, qurilish va infratuzilma kompleksi, investitsiya kompleksi bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan iqtisodiy siyosatning eng ustuvor talablaridan biri 2017 yildan boshlab sanoatni rivojlantirish, ya’ni investitsiyalarni, resurslarni yurgizdik. Mana shu natijasida sanoat sohasi 7,8%ga o‘sdi.

Sanoat mahsulotlari bu eng yaxshi daromadli ish o‘rinlari, mehnat unumdorligini uzoq muddatda o‘sishi, eksport va yangi bozorlar va raqobatbardosh iqtisodiyot degani”, dedi Obid Xakimov.

Markaz direktori har bitta viloyatda tashkil etilayotgan Barqaror rivojlanish markazlari faoliyati borasida ham gapirib berdi.

“Iqtisodiy rivojlanish jarayonida Prezidentimiz tomonidan har doim ilgari qo‘yiladigan vazifa ilm va ilmiy asoslangan siyosatni ishlab chiqarish. Davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilayotgan bugungi talab, har bitta viloyat o‘zining rivojlanish strategik hujjatlarini amalga oshirgan chora-tadbirlarini ilmiy asoslangan metodlar asosida ishlab chiqsin, bu orqali samaradorlikni oshirsin.

Bizning iqtisodiyotimiz juda ham tez o‘sdi. Bundan buyog‘i davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilayotgan eng asosiy talab samaradorlikni oshirish. Shuning uchun har bitta viloyatda Barqaror rivojlanish markazlari tashkil etilyapti.

Barqaror rivojlanish markazlarining eng asosiy vazifalari har bitta viloyatning o‘zini imkoniyatlarini, ustunliklarini aniqlab berish va kelayotgan investorlarga ularni tushuntirib berishdan iborat. Shu bilan birga har bir tuman va mahallaning ixtisoslashuvini aniqlab berish, aholida bo‘layotgan, biznesni rivojlanishini o‘rganib, xulosa berish. Bunda eng asosiysi har bir so‘mni sarflanishida katta samara olamiz”, dedi Markaz direktori O.Xakimov.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar