O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘tmishi va kelajagi haqida qiziqarli kitob

O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘tmishi va kelajagi haqida qiziqarli kitob

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng mamlakatimiz hayotida yangi davr – mustaqil taraqqiyot davri boshlandi. Juda qisqa tarixiy davr mobaynida xalqimiz demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida katta muvaffaqiyatlarga erishdi, iqtisodiy taraqqiyot muammolarini xalq manfaatlaridan kelib chiqqan holda hal qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mustaqillik yillarida yurtimizda boy tariximizni ro‘yobga chiqarish, milliy qadriyatlarimizni tiklash, ularni zamon talablari asosida rivojlantirish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi.

Prof. M.M.Muxammedov tomonidan tayyorlangan ushbu monografiya juda katta tarixiy davr mobaynida, xususan mustaqillik yillarida O‘zbekiston iqtisodiyotining taraqqiy etish jarayonlari tarixini o‘rganishga bag‘ishlangan.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng, o‘zining boy tarixini, yutuq va muammolarga to‘la ibratli o‘tmishini ob’yektiv asosda o‘rganishga qiziqish kuchaydi. Ayniqsa, inson hayoti va turmushining eng muhim jabhasi – iqtisodiyotning o‘tmishi, boy tarixi, mamlakat bosib o‘tgan iqtisodiy tarqqiyotning bosqichlari, xususiyatlari, ziddiyatlari, diqqatga loyiq jihatlari, yutuq va kamchiliklarini chuqur tadqiq etish o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etadi. Iqtisodiyotning turli sabab-oqibatlarga to‘la taraqqiyot yo‘lini o‘rganish, shunchaki, shu sohaga oid muayyan bilimlar jamlash yoki mamlakat o‘tmishi haqida faktlar bilan dalillangan tasavvur hosil qilish uchungina emas, balki o‘tmishdan saboq olish va undan bugungi kunda iqtisodiy taraqqiyot chorrahalarida adashmaslik, har qanday murakkab vaziyatda ham bexato va to‘g‘ri yo‘lni tanlashda o‘rinli foydalanish uchun juda zarur.

Mazkur kitob aynan ana shunday g‘oyani amalga oshirish uchun xizmat qiladi, u nafaqat nazariy jihatdan, balki amaliy jihatdan ham keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirayotgan va iqtisodiy taraqqiyotning dolzarb mummolarini hal etayotgan Yangi O‘zbekiston uchun zarur va muhimdir.

Monografiyada Amir Temur davridan tortib to hozirgi kungacha O‘zbekistonning iqtisodiy hayotida ro‘y bergan tarixiy voqealar, iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida yuzaga kelgan muammolar ilmiy jihatdan mahorat bilan bayon etilgan. Ushbu kitobning alohida ahamiyati shundaki, u orqali muallif mamlakatimizning hayotida Amir Temur davridagi iqtisodiy yuksalishni hozirgi kundagi murakkab vaziyatda iqtisodiyot sohasida sodir bo‘layotgan tub o‘zgarishlar davri o‘rtasida parallel o‘tqazilgan.

Monografiya kitobxon ongida inson kapitali uchun eng muhim bo‘lgan yuksak ma’naviy fazilatlarni shakllantirish jarayonida milliy ong va sog‘lom fikrni uyg‘otish, uni Vatanga sadoqat hamda millatparvarlik ruhida tarbiyalashga, o‘z taqdiri va kelajagini barpo etadigan yosh avlodni yangi jamiyatni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan g‘oyalar asosida voyaga yetqazishga qaratilgan.

Monografiyada Amir Temurning Movoraunnahr markazlashgan davlatini tashkil etish orqali mamlakat ishlab chiqarish kuchlarining ravnaqi va uning iqtisodiy yuksalishidagi ulkan xizmati, kichik va tarqoq feodal davlatlarni birlashtirish asosida turli toifalardagi aholi keng qatlamlari iqtisodiy manfaatlarini uyg‘unlashtirish va ularni bir maqsadga yo‘naltirish imkoniyatlari paydo bo‘lganligi va ushbu omil Amir Temur imperiyasining gullab yashnashida asosiy rol o‘ynaganligini muallif batafsil yoritib bergan.

Kitobda muallif tomonidan Amir Temurning Movoraunnahr iqtisodiyotini yuksaltirishdagi xizmatlari birma-bir asoslab berilgan. U haqli ravishda Amir Temur iqtisodiy siyosatining yutuqlarini Sohibqiron tomonidan qattiqqo‘llik bilan amalga oshirilgan soliq tizimidagi adolat, jangchilar hamda davlat xizmatchilarini moddiy rag‘batlantirishda qo‘llanilgan samarali tizim, davlatni boshqarishdagi intizom, saltanatning dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi obro‘yi, davlatning shahar va qishloqlarni obodonlashtirish, sug‘orish inshootlarini ta’mirlash, tashqi savdo va hunarmandchilikni rivojlantirish borasidagi amaliy ishlari bilan bog‘laydi.

Lekin Amir Temurning tinimsiz harakatlari va aql-zakovati tufayli barpo etilgan qudratli davlat, uning ulkan iqtisodiy salohiyati Sohibqiron vafotidan keyin asta-sekin o‘z mavqeini yo‘qota boshladi va oxir – oqibatda inqirozga uchradi.

Amir Temur taxtining vorislari ichida u boshlagan iqtisodiy yuksalish jarayonlarini davom ettirishga qodir munosib shaxs topilmadi. Bu bilan muallif Amir Temur va Temuriylar misolida ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirishda tarixiy shaxsning rolini ochib berishga harakat qilgan va bunga erishgan desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Kitobda Temur imperiyasining parchalanishi va uning o‘rniga bir necha xonliklarning vujudga kelishi iqtisodiy taraqqiyotga katta salbiy ta’sir ko‘rsatganligi mantiqiy ketma-ketlikda izchil bayon etilgan. Iqtisodiy jihatdan zaiflashib, kuchsizlanib qolgan xonliklar rus mustamlakachilari tomonidan osonlik bilan bosib olinganligi, o‘tmishda shuncha katta iqtisodiy qudratga ega bo‘lgan Movoraunnahr keyinchalik Rossiyaning koloniyasiga aylanganligi tarixiy manbalarga asoslangan holda bayon etilgan. Rossiya kolonial siyosatining mamlakat iqtisodiyotiga, aholi turmush darajasiga ta’siri masalalariga katta e’tibor qaratilgan, uning salbiy oqibatlari asosli dalillar bilan izohlangan holda bayon etilgan.

Monografiyada Movoraunnahr hududdidagi barcha xonliklar chor Rossiyasi mustamlakachiligidan xolos bo‘lgandan keyin, ixtiyoriy ravishda Sovet Ittifoqi tarkibiga kirganligi, uning sabab va oqibatlari keng ko‘lamda va batafsil yoritilgan. Bunda muallifning qariyb yetmish yil davomida O‘zbekiston iqtisodiyotida sodir bo‘lgan katta o‘zgarishlar, ularning ijobiy hamda salbiy jihatlari xususidagi xolisona fikr- mulohazalari e’tiborga molik.

Kitob muallifining rasmiy statistik ma’lumotlar bilan dalillangan fikrlariga muvofiq, sovet tizimi O‘zbekiston iqtisodiyotiga ikki tomonlama ta’sir ko‘rsatgan. Birinchidan, u sobiq SSSR tarkibida qoloq agrar mamlakatdan sanoati rivojlangan agrar-industrial mamlakatga aylangan, shu davr mobaynida aholi hayot farovonligida ham jiddiy ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘lgan. Ikkinchi tomondan esa, yagona markaz tomonidan amalga oshirilgan iqtisodiy siyosatda O‘zbekiston manfaatlariga mos kelmaydigan ayrim qarorlar qabul qilingan, rejali iqtisodiyotga xos nuqson va kamchiliklar milliy iqtisodiyot taraqqiyotida noxush tendensiyalar va negativ jarayonlarning vujudga kelishiga sabab bo‘lgan.

Darhaqiqat, O‘zbekiston mustabid tuzumning xomashyo bazasi bo‘lmish markaz manfaatlariga qat’iy bo‘ysunuvchi yagona tizim zanjiriga qo‘l-oyog‘i, har bir hujayrasi bilan chambarchas bog‘lab tashlangan edi. O‘tgan asrning 90-yillarida mamlakatimizda vujudga kelgan murakkab ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy tanglik hamda ma’naviy parokandalik davlat va jamiyat boshqaruvini talab etardi.

Monografiyada O‘zbekiston o‘z mustaqilligining dastlabki yillaridanoq bozor iqtisodiyotiga o‘tishning o‘ziga xos yo‘lini, uni izchil amalga oshirishi natijasida hamda milliy va iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlash strategiyasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi boshqa ko‘plab mamlakatlardan farqli ravishda, ishlab chiqarish va aholi turmush darajasining keskin pasayib, davlatning ichki va tashqi qarzlari haddan ziyod oshib ketishiga yo‘l qo‘yilmaslikka erishgan mamlakatlar qatoriga kirishini asoslovchi ko‘rsatmalarini bergan.

Kitobda O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi va uning mamlakat milliy iqtisodiyotini yangi, bozor iqtisodiyotiga xos iqtisodiy munosabatlar asosida rivojlanishi uchun katta imkoniyatlar yaratganligi, o‘tish davri qiyinchiliklari, ularning birinchi Prezident tomonidan olib borilgan oqilona siyosat vositasida uzil-kesil bartaraf etilganligi mantiqiy ketma-ketlikda va statistik raqamlar bilan dalillangan. Ayniqsa, mamlakat Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan va bevosita rahnomoligida mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyati xususidagi muallif fikrlari o‘zining ilmiy asoslanganligi bilan diqqatga sazovor.

Bugungi kunda xorijiy davlatlarning ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmon, ekspert, madaniy-gumanitar va jamoatchilik doiralari vakillari O‘zbekistonda ta’minlanayotgan tinchlik, yuritilayotgan oqilona ichki va tashqi siyosatini munosib baholamoqda. Ularning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston tarixan qisqa davr ichida tom ma’nodagi yangi, mustaqil davlatga aylandi.

Yuqoridagilarni hisobga olib, kitobda muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan izchil hayotga tadbiq etilishi Yangi O‘zbekistonda yangi iqtisodiy siyosatning bugungi kunda mamlakatda sodir bo‘layotgan batamom yangi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardagi roli, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategisi Davlat dasturini bajarish yakunlari chuqur va har tomonlama tahlil qilingan. Tahlil natijalaridan kelib chiqqan holda, inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirish bo‘yicha tegishli xulosalar berilgan.

Shu bilan birga, monografiyada 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasining mazmun-mohiyati, Yangi O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning butkul yangi bosqichiga olib chiqishdagi roli va ahamiyati, ya’ni Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida birinchi o‘ringa shaxs, inson qadri yuqori o‘ringa qo‘yilib, «inson – jamiyat – davlat» degan yangi tamoyil asosida davlat va jamiyat boshqaruvini tashkil etadi. Bir so‘z bilan aytganda, amaliy natija, inson manfaati, uning qadr-qimmati bosh maqsadga aylangani haqida batafsil ifoda etilgan.

Shuningdek, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyot va siyosat ilmiy rivojini aks ettirgan ilg‘or iqtisodiy va siyosiy tafakkur hosilasidir. Ushbu ta’limot negizini milliy iqtisod, makroiqtisodiy jarayonlarni tartibga solish, bozor iqtisodiyotining rolini bo‘rttirmaslik, hatto davlatning iqtisodiyotga aralashuvi borasida me’yoriy chegaradan chiqmaslik, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash ishlab chiqarish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiyasini ta’minlash, milliy iqtisodiyotning real va moliya sektorini qo‘llab-quvvatlash, oqilona monetar fiskal siyosat, o‘tkazish, ya’ni pul muomalasi buzilishlarining oldini olish, inflyasiyani jilovlash, antiinflyasion siyosatni asoslash, xullas, mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy xavfsizligini ta’minlash kabi nazariy g‘oyalar tashkil qiladi. Bu g‘oyalar Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy xavfsizligini ta’minlash va mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muallif O‘zbekiston iqtisodiyotining tarixini yoritish bilan bir qatorda, uning kelajagi xususida e’tiborga molik fikr-mulohazalarni ilgari surgan, mamlakat milliy iqtisodiyotining ravnaqi omillarini va unga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan to‘siqlarni asoslab berishga harakat qilgan. Monografiya juda ravon va qiziqarli tilda yozilgan bo‘lib, mamlakatimizda iqtisodiyot sohasida yaratilgan nodir asarlardan biri deb hisoblayman. Uni Yangi O‘zbekiston imidjini ko‘tarishning muhim vositasi sifatida O‘zbekiston iqtisodiyotini o‘rganishga qiqziquvchi xorijiy kitobxonlar uchun ham uni xorijiy mamlakatlarda ham chop etish maqsadga muvofiq deb o‘ylayman.

Ushbu monografiya inson kapitalining ma’naviy dunyosini ham ochib berishga qaratilgan bo‘lib, tarixdagi barcha buyuk ishlar yurtga, xalqqa, ummuma’noda aytganda insoniyatga muhabbat negizida dunyoga kelganligini ham ko‘rishimiz mumkin.

Shuningdek, monografiyada Yangi O‘zbekistonni va Uchinchi renessans poydevorini barpo etish borasida amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar va islohotlarning mazmun mohiyati haqida so‘z yuritilgan bo‘lib, u ko‘pchilik ilm-ahli, iqtisodchilar, ta’lim sohasi fidoiylari hamda keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi
Qalandar Abdurahmonov

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar