Jahon banki o‘zining “Ayollar, biznes va qonun” yillik hisobotini e’lon qildi. Unda huquqiy sohada gender tenglikka erishish yo‘lidagi jahon taraqqiyoti baholanadi. Hujjat 190 ta davlatda, jumladan, O‘zbekistonda ayollarning ahvolini 10 ta ko‘rsatkich: “xavfsizlik”, “harakatlanish erkinligi”, “bandlik”, “mehnatga haq to‘lash”, “nikoh”, “ota-onalik”, “bolalarni parvarishlash”, “tadbirkorlik”, “mulkni boshqarish” va “pensiya ta’minoti” bo‘yicha baholovchi indeksni o‘z ichiga oladi.
“Ayollar, biznes va qonun” hisobotining oxirgi nashri 2022 yil 1 oktyabrdan 2023 yil 1 oktyabrgacha bo‘lgan davrda mamlakatlar qonunchiligidagi tegishli o‘zgarishlarni baholaydi. Bu davrda dunyodagi atigi 18 ta davlat yoki indeksda baholangan davlatlarning 10 foizidan kamrog‘i yuqoridagi ko‘rsatkichlar doirasida ayollarning mavqeini yaxshilagan huquqiy islohotlarni amalga oshirdi.
Umuman olganda, ushbu 18 ta mamlakat gender tengligiga erishishga qaratilgan 47 ta islohotlarni amalga oshirdi. Xususan, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi beshta mamlakat, jumladan O‘zbekiston, Armaniston, Ozarbayjon, Kipr va Moldovada to‘qqizta shunday islohot amalga oshirildi.
O‘zbekiston Iordaniya, Malayziya, Serra-Leone va Togo bilan birgalikda eng katta muvaffaqiyatga erishgan besh davlat qatoridan joy oldi. 2022 yil oktyabr oyidan buyon mamlakatda xotin-qizlarning mavqeini oshirishga qaratilgan to‘rtta muhim huquqiy islohotlar amalga oshirildi.
Ushbu islohotlar, xususan ikkita asosiy ko‘rsatkich – “mehnatga haq to‘lash” va “nikoh” doirasida mamlakatning reytingdagi o‘rnini yaxshilashga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu O‘zbekiston reytingining 11,9 punktga ko‘tarilishiga olib keldi va mamlakat “Ayollar, biznes va qonun 2024” indeksida maksimal 100 balldan 82,5 ball to‘plagan. O‘zbekiston Singapur, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan bir xil ball to‘pladi, shuningdek, Markaziy Osiyoda eng yaxshi natijalarni ko‘rsatdi.
Xususan, O‘zbekistonda ayollarga erkaklar bilan bir xil qiymatdagi mehnat uchun teng haq to‘lashni kafolatlovchi me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Shuningdek, ayrim sohalarda ayollar mehnatidan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilindi. 2022 yil oktyabr oyida mehnat huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlar va konvensiyalarga mos keladigan ushbu qoidalarni o‘z ichiga olgan yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda ayollarni oiladagi zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. 2023 yil aprel oyida Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga oiladagi zo‘ravonlikka, jumladan, oilaviy munosabatlardagi jismoniy, ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritildi. Shuningdek, ushbu turdagi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
“Jahon banki “Ayollar, biznes va qonun” hisobotining oxirgi nashrida ta’kidlangan O‘zbekistonning gender tenglikni ta’minlash borasida erishgan yutuqlarini olqishlaydi. Yaqinda amalga oshirilgan huquqiy islohotlar ayollarning fuqarolik, mehnat va iqtisodiy huquqlarini sezilarli darajada kengaytirdi”, - dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova. “Biz hukumatga zarur moliyaviy va tahliliy ko‘mak ko‘rsatish orqali ushbu islohotlarni amalga oshirishga mamnuniyat bilan o‘z hissamizni qo‘shdik. O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi keyingi sa’y-harakatlar, jinsidan qat’iy nazar barcha fuqarolar uchun bir xil imkoniyatlar yaratadigan yanada adolatli va farovon jamiyat barpo etishga xizmat qiladi”.
Ta’kidlash joizki, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot ishlaydigan va o‘z-o‘zini band qilgan ayollarning umumiy soni 5 foizga ko‘paygan taqdirda aholi jon boshiga daromad 2,5 foizga oshishini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, xotin-qizlar uchun tadbirkorlik imkoniyatlari kengaytirilishi aholi jon boshiga YaIM hajmini 3 foizga oshiradi, o‘zini-o‘zi band qilgan xotin-qizlar imkoniyatlari kengaytirilganda bu ko‘rsatkich 1,3 foizga ortadi.
Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, erkaklar va ayollarning o‘rtacha oylik ish haqi hamda erkaklarning o‘rtacha oylik maoshidagi foizli farq ulushi sezilarli nomuvofiqlikni namoyon etmoqda – 2022 yilda 34% (2019 yilda 36,2%).
Gender ish haqi tafovutining asosi: ayollar mehnatiga etarlicha yuqori baho bermaslik va onalikning aspektlari.
Ayollarning eng ko‘p ulushiga ega bo‘lgan ikkita sektor kam haq to‘lanadigan sohalar - ta’lim, sog‘liqni saqlash (tarbiyachilar va hamshiralar) va ijtimoiy sektordir. Ayollar parvarishlash sohalarida haddan tashqari ko‘p. Ish bilan band bo‘lgan ayollarning yarmidan ko‘pi ushbu sohalarda ishlamoqda. Qishloqdagi ayollar yanada cheklangan va unumdorligi past yoki uy ishlarida band.
Jahon banki hukumatga zarur tahliliy va moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish orqali “Ayollar, biznes va qonun 2024” hisobotida ta’kidlangan O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatladi. Bu Bank tomonidan turli ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi muhim islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2021 va 2023 yillarda amalga oshirilgan mamlakatda rivojlanish siyosatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha operatsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Izoh qoldirish