UZEX birjasi Dubayda xorijiy hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi

UZEX birjasi Dubayda xorijiy hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi

Birja vakillari dastlab Dubay ko‘p tarmoqli tovar va xom ashyo markazi (DMCC) hamda Dubay oltin va tovar birjasi (DGCX)ning rahbarlari va mutaxassislari bilan muzokaralar o‘tkazishdi. Uchrashuv doirasida tomonlar birja savdolarining zamonaviy tendensiyalari va joriy etilayotgan yangi savdo mexanizmlarini rivojlantirish masalalarini keng muhokama qildilar.

Xususan, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi tovar bozorlarida joriy etilgan elektron savdo tizimlari, uning infratuzilmasi va istiqboldagi rejalari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazdi.

O‘z navbatida, Dubay oltin va tovar birjasining mutaxassislari birjada tashkillashtirilgan tovar derivativlari, shu jumladan, oltin bozorining o‘ziga xos xususiyatlari, afzalliklari, huquqiy asoslari va soliq ma’murchiligiga doir batafsil ma’lumotlar berishdi.

Shuningdek, muzokaralar chog‘ida, dunyoning eng nufuzli erkin iktisodiy zonasi sifatida tan olingan Dubay ko‘p tarmoqli tovar va xom ashyo markazi, ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro birjalararo hamkorlikni rivojlantirish va tashqi savdo hajmlarini oshirishga ko‘mak berishga tayyor ekanligini bildirdi.

Tashrifning ikkinchi kunida Freedom Finance xalkaro investitsion kompaniyasi tomonidan tashkillashtirilgan biznes nonushtada BAA tadbirkorlari uchun O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirda tashrif buyurgan nufuzli ishbilarmonlar bilan tashqi savdo va fintech, ya’ni moliyaviy texnologiyalar sohalarida hamkorlik qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Ma’lumot o‘rnida: Dubay ko‘ptarmoqli tovar-xom ashyo markazi (DMCC), 2002 yilda Dubayda ishbilarmonlikni strategik rivojlantirish maqsadida erkin iqtisodiy zona sifatida tashkil topgan. Ayni paytda markazda 21 mingdan ziyod kompaniyalar, shu jumladan brokerlar, banklar, tovar birjalari va konsalting agentliklari ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Dubay oltin va tovar birjasi (DGCX) Dubay ko‘ptarmoqli tovar-xom ashyo markazining tarkibiy tuzilmasi bulib, 2005 yilda Yakin Sharqda tashkil topgan birinchi derivativ birjasi hisoblanadi. Birjada tovar va moliyaviy vositalar bo‘yicha birja savdolari o‘tkaziladi.

Freedom Finance Freedom Holding Corp. xoldingning tarkibiga kiruvchi xalkaro investitsion kompaniya. Kompaniya brokerlik, bank, dilerlik va depozitarlik faoliyatlarini yuritadi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar