O‘zbekiston birjasi Pokiston tovar birjasi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi

O‘zbekiston birjasi Pokiston tovar birjasi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda birjalararo hamkorlikni kengaytirishdan iborat bo‘ldi. Uchrashuv davomida zamonaviy birja savdolari texnologiyalari va vositalarini rivojlantirish hamda shaffof birja mexanizmlaridan foydalangan holda ikki mamlakat o‘rtasida tashqi savdo hajmlarni oshirish masalalari bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.

O‘tkazilgan muzokaralar natijalariga ko‘ra dastlabki bosqichda birjalarning spot va derivativlari bozorlarini tashkillashtirish hamda kliring, elektron logistika va omborxonalarning yagona ekotizimini yaratish va muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi.

Shuningdek, Pokistonda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining savdo maydonchasini ochish hamda ikki birja savdo tizimlarini integratsiyalash bo‘yicha maslahatlashuvlar davom ettiriladi.

Bu, o‘z navbatida, tadbirkorlar uchun ikki mamlakat tovar bozorlariga chiqishda qulayliklar yaratib, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida: Pokiston tovar birjasi (PMEX) 2007 yildan buyon mamlakatning birinchi fyuchers birjasi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Birjada MetaTrader 5 texnologiyasi asosida risk-menejment va tovar derivativlari (oltin, bug‘doy, shakar, benzin va boshqalar) qo‘llaniladi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar