Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Turkiya Respublikasiga qilgan amaliy safari yakunlari bo‘yicha qiymati 71,5 million dollarlik investitsiyaviy hamda 170,1 million dollarlik eksport kelishuvlarga erishildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, eksport hajmini oshirish, investitsion hamkorlikni rivojlantirish, hududlar o‘rtasidagi tovar aylanmasini kelgusida ikki baravarga ko‘paytirish, Farg‘ona viloyati hamda Bursa viloyatlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish borasida muzokaralar olib borildi.
Uchrashuvlar chog‘ida muhokama etilgan masalalar yuzasidan samarali kelishuvlarga erishildi. Xususan, Bursa Ulug‘dag‘ universitetining Marg‘ilon shahrida filialini ochish, «TI-NA Global» kompaniyasi bilan oliy navli va elita urug‘larini yetishtirish, «IN-CO & NRG», «Yeshil Chizgi» firmalari bilan arzon va sifatli turar va noturar bino hamda inshootlarni qurish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.
Bundan tashqari, Turkiyaning “Manas” kompaniyasi bilan Farg‘ona viloyati hamda Turkiya shaharlari, xususan, “Farg‘ona-Istanbul”, “Farg‘ona-Antaliya» va boshqa yo‘nalishlarda aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Turkiya xamkorlik va rivojlanish agentligi rahbari Serkan Qayalar bilan uchrashuvda Farg‘ona viloyatida ijtimoiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish, fermer xo‘jaliklari rahbarlarining qishloq xo‘jaligi sohasidagi malakalarini oshiradigan ta’lim markazini tashkil etish, bog‘dorchilik va sabzavotchilik fermer xo‘jaliklari rahbarlari malakasini Turkiyada oshirishlarini tashkil etish, hunarmandchilikni rivojlantirish kabi masalalarda muzokaralar o‘tkazildi. Xususan, Rishton tumanidagi tarixiy obidalarni ta’mirlashda Turkiya hamkorlik va rivojlanish agentligining ishtirok etish masalalari hal etildi.
Istanbul shahridagi tadbirkor Husameddin Sabri bilan bo‘lgan uchrashuv ham sermazmun tarzda kechdi. Turk tadbirkori bilan olib borilgan muzokaralardan keyin Farg‘ona viloyatiga 2 million dollar hajmidagi investitsiya kiritish orqali un va un mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy kelishuvlar sohasida O‘zbekiston tumanidagi «Sho‘rsuv sement» MChJ bilan Turkiyaning «Balci Nurtidin» kompaniyasi o‘rtasida innovatsion usulda qurilish materiallarini ishlab chiqish bo‘yicha 50 million dollarlik investitsion hamda Qo‘qon shahridagi «Indorama Kokand Textile» AJ QK bilan Turkiyaning «Kaviltex Teknik Tekstil Danismanlik San Ltd.STI» bilan paxta tolasi va gazlama mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha qiymati 22 million dollarlik eksport kelishuvlari kabi 39 ta bitim imzolandi.
Izoh qoldirish