O‘zbekiston va Afg‘oniston 10 yil muddatga elektr energiyasini yetkazib berish to‘g‘risida bitim imzoladi

O‘zbekiston va Afg‘oniston 10 yil muddatga elektr energiyasini yetkazib berish to‘g‘risida bitim imzoladi

Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Qo‘shni davlat delegatsiyasi tarkibidan, shuningdek, Afg‘oniston prezidenti ma’muriyati, Transport vazirligi, Sanoat va savdo vazirligi va Markaziy bank rahbarlari ham o‘rin olgan.

28 avgust kuni Hanif Atmarning O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov bilan bo‘lgan uchrashuvida tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport, aloqa va boshqa sohalardagi davlatlararo hamkorlikning holati hamda rivojlanish istiqbollari muhokama qilishdi.

Afg‘oniston tashqi ishlar idorasi rahbari prezident Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik va ijtimoiy-iqtisodiy qayta qurishga erishish yo‘lidagi faol qo‘llab-quvvatlashi hamda sa’y-harakatlari uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Afg‘oniston kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport va logistika hamkorligining dolzarb masalalari, shuningdek, Afg‘onistonda energetika, temir yo‘llar qurilishi, savdo va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, «Surxon — Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasi qurilishini jadallashtirish va tegishli bitim loyihasi ustida ishlash, shuningdek, Xalqaro avtotransport bo‘yicha bitim loyihasini imzolashga tayyorlash doirasida ekspert muzokaralarini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bunda, temir yo‘l transporti sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali transport yo‘laklarini rivojlantirishda hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Savdo aylanmasini oshirish, jumladan, transchegaraviy savdoni kengaytirish va ikkala mamlakat bozorlariga xaridorgir qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini yetkazib berishni tashkil etish maqsadida tegishli infratuzilmani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Shu bilan birga, uchrashuv yakunida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ va Afg‘onistonning «Da Afghanistan Breshna Sherkat» kompaniyasi (DABS) o‘rtasida 10 yil muddatga elektr energiyasini yetkazib berish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar