O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbari Obid Hakimov rahbarligidagi ekspert-tahlil doiralarining delegatsiyasi Ozarbayjon Respublikasiga tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad ma’lumot almashish va olib borilayotgan iqtisodiy tadqiqotlar darajasini oshirishdan iborat.
Tashrif davomida Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiy islohotlar va kommunikatsiyalar tahlili markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Memorandum Ozarbayjon IIKTM ijrochi direktori Vusal Gasimli hamda O‘zbekiston Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) direktori Obid Hakimov tomonidan imzolandi.
Memorandumda har ikki markaz ekspertlari tomonidan birga tadqiqot va tahlillarni olib borish, seminarlar va tadbirlarni tashkillashtirish, stipendiya dasturlarini tashkil etishni o‘rganish va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Qayd etish kerakki, Markaz direktori Obid Hakimov rahbarligida Prezident Administratsiyasi delegatsiyasi, Milliy Majlis va turli davlat tuzilmalari bilan uchrashuvlari tashkil etildi.
Delegatsiya a’zolari Ozarbayjon xizmat ko‘rsatish va baholash tarmog‘i (ASAN), Barqaror va tezkor ijtimoiy ta’minot markazi (DOST), Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi kichik va O‘rta biznesni rivojlantirish agentliklari (KOBIA), Azexport, Raqamli savdo markazi hamda azranking.az, monitoring.az va EnterpriseAzerbaijan.com portallarining tajribasi bilan tanishdi.
Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiy islohotlar va kommunikatsiyalar tahlili markazi tomonidan tashkil etilgan tashrifdan maqsad O‘zbekiston delegatsiyasining Prezident Ilhom Aliyev rahbarligida amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli iqtisodiy islohotlarni rivojlantirish modelini o‘rganishdan iborat.
Izoh qoldirish