Infografika: O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik

Infografika: O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi so‘nggi 9 yillik savdo iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni tahlil qildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Ikki davlat munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.

Ikki mamlakat Prezidentlari raisligida “Oliy davlatlararo kengash” tashkil etildi. U O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirishda muhim mexanizmga aylandi.

O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro savdo erkin savdo rejimi asosida amalga oshiriladi.

2017–2025 yillarda O‘zbekistonning Ozarbayjon bilan tovar aylanmasi 9,5 barobar oshib, 32,5 mln dollardan 307,3 mln dollarga yetdi. Eksport 8,2 barobar oshib, 27,6 mln dollardan 227,3 mln dollarga, import esa 16,3 barobar oshib, 4,9 mln dollardan 80 mln dollarga yetdi.

2025 yilda O‘zbekistonning Ozarbayjonga eksporti va importining tovar tarkibi quyidagi yo‘nalishlardan iborat bo‘ldi:

Eksport hajmi jami 227,3 mln dollarni tashkil etdi. Jumladan, sanoat mahsulotlari 63,4 mln dollar (eksportning 28%), mashina va transport uskunalari 49,3 mln dollar (22%), oziq-ovqat mahsulotlari 36,3 mln dollar (16%), ichimliklar va tamaki mahsulotlari 34,3 mln dollar (15%), tayyor buyumlar 11 mln dollar (5%), kimyo mahsulotlari 5,1 mln dollar (2,2%), shuningdek xizmatlar 22,5 mln dollar (10%)ni tashkil qildi.

Import hajmi jami 80,0 mln dollarni tashkil etdi. Jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 43,2 mln dollar (importning 54%), sanoat mahsulotlari — 17,4 mln dollar (22%), mashina va transport uskunalari 5,8 mln dollar (7,3%), kimyo mahsulotlari 5,4 mln dollar (6,8%), nooziq-ovqat xomashyosi 1,3 mln dollar (1,6%), mineral yoqilg‘i va moylash materiallari 1,2 mln dollar (1,5%), shuningdek xizmatlar 4,3 mln dollar (5,4%)ni tashkil qildi.

Investitsiyaviy hamkorlik

Investitsiyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. 2023 yilda ustav kapitali 500 mln dollar bo‘lgan Ozarbayjon – O‘zbekiston Investitsiya kompaniyasi tashkil etildi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 442 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning soni 2017 yilga nisbatan 6,2 barobarga oshgan.

2025 yilda Ozarbayjonning O‘zbekistonga kiritgan investitsiyalari hajmi 173,7 mln dollarni tashkil etdi. 2017 yilda bu ko‘rsatkich atigi 0,1 mln dollar bo‘lgan. Ozarbayjondan O‘zbekistonga kiritilgan jami to‘plangan investitsiyalar hajmi 318,6 mln dollarga yetdi.

Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi korxonalar asosan qurilish, qayta ishlash sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston kapitali ham Ozarbayjon bozorida o‘z ishtirokini kengaytirmoqda. Jumladan, avtomobillar va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etilgan.

Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi transport sohasidir. O‘zbekiston tovarlarni Yevropaga yetkazib berishda Ozarbayjonning transport logistika imkoniyatlaridan samarali foydalanishga qiziqish bildirmoqda. Bu borada Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi, ya’ni O‘rta koridor muhim ahamiyatga ega.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar sektor

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar