O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 mart kuni davlat tashrifi bilan Pokistonga yetib bordi. Islomobod shahridagi aeroportda davlatimiz rahbarini Pokiston Bosh vaziri Imron Xon kutib oldi, deb xabar qiladi Prezident matbuot xizmati.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga molik masalalar yuzasidan fikr almashilar ekan, tomonlarning pozitsiyasi bir xil yoki o‘xshash ekani tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar.
Unda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, turizm, madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
– Qadimiy buyuk Ipak yo‘lida joylashgan O‘zbekiston va Pokiston xalqlarini azaldan umumiy tarix, o‘xshash til va boy ma’naviy meros bog‘lab turadi. Biz bugun bu ko‘hna an’analarni qayta tiklayapmiz. Davlatlararo munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganidan mamnunmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari yaqin istiqbolda o‘zaro savdo hajmini 500 million dollar, kelgusida esa 1 milliard dollarga chiqarish imkoniyati borligini ta’kidlab, bu boradagi muhim yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.
Avvalo, sanoat sohalarida kooperatsiya dasturini, savdo aylanmasi tarkibini kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Ikkinchi muhim yo‘nalish – mamlakatlarimiz va mintaqalarimiz o‘rtasida multimodal transport, yuk va havo tashuvlari bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish. Yaqinda Tranzit va savdo bitimi kuchga kirdi, muntazam yuk tashuvlari uchun asos yaratildi.
Prezidentimiz transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish muhimligini yana bir bor ta’kidladi.
– “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li bizning umumiy kelajagimizdir. Bu yo‘l bitsa, Pokistonni Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan, O‘zbekistonni Karachi, Gvadar va Qosim portlariga olib chiqadigan eng yaqin, arzon va xavfsiz yo‘lakni yaratamiz. Bu temir yo‘l mintaqalarimiz qiyofasini butunlay o‘zgartirib yuboradi, – deya ta’kidladi O‘zbekiston rahbari.
Muzokarada ushbu loyihani yanada ilgari surish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Doimiy aviaqatnovlarni qayta tiklash istiqbollari muhokama qilindi.
Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar ham rivojlanmoqda. Jumladan, Namangan viloyati va Panjob muzofoti ishbilarmonlari ko‘plab loyihalarni amalga oshirmoqda. Kelgusida Surxondaryo viloyati bilan Xayber-Paxtunxva provinsiyasi va boshqa hududlarda ham ana shunday samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Prezidentimiz ziyoratlarni tizimli tashkil etish maqsadida qo‘shma guruh tuzish, ikki mamlakat Turizm vazirliklarining vakolatxonalarini ochishni taklif qildi.
Uchrashuvda ilm-fan, ekologiya, oliy ta’lim, san’at, kino, sport sohalaridagi aloqalarga ham e’tibor qaratildi.
Hukumatlararo komissiya hamraislari, vazirlar erishilgan kelishuv va kelgusidagi rejalar haqida axborot berdi. Shavkat Mirziyoyev va Imron Xon ularning takliflarini qo‘llab-quvvatlab, tegishli ko‘rsatmalar berdi.
– O‘ylaymanki, bugungi ochiq va sermahsul muloqotlarimiz, imzolanadigan hujjatlar strategik sherikligimizning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini ochadi. Eng asosiysi, biz – ikki birodar bir-birimizni yaxshi tushunamiz. Biz qo‘ygan katta marralarga erishish uchun Hukumatlarimiz doimiy muloqotda bo‘lishlari zarur, – dedi Prezidentimiz.
Islomoboddagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Imron Xon O‘zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha kelgusi qadamlar to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.
Shuningdek, hukumatlar va idoralar o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risida, atrof-muhitni asrash, ziyorat turizmi, temir yo‘l sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar, Surxondaryo viloyati bilan Xayber-Paxtunxva provinsiyasi, Toshkent shahri bilan Islomobod shahri o‘rtasida shartnomalar kabi 10 ga yaqin hujjat imzolandi.
Bundan tashqari farmatsevtika, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, bank-moliya va boshqa asosiy yo‘nalishlarda kooperatsiyani kengaytirish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi.
Tashrif arafasida o‘tkazilgan ishbilarmonlik tadbirlari natijasida umumiy qiymati 800 million dollarlik 60 ta yangi investitsiya va savdo kelishuvlari imzolandi.
Tomonlar Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashga qaratilgan yirik qo‘shma transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga kelishib oldilar.
Pokiston hududi orqali xalqaro dengiz portlariga chiquvchi “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” strategik temir yo‘lini qurish ishlarini yaqin muddatlarda boshlash muhimligi alohida ta’kidlandi.
‑ “Asr loyihasi” deb atalayotgan “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul - Peshovar” temir yo‘li nafaqat mamlakatlarimiz, balki keng mintaqalarimiz xalqlari umumiy ravnaqiga hissa qo‘shadi, deb ishonamiz, – deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish