Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan O‘zbekistondagi tijorat banklarda jismoniy shaxslarga birlamchi bozordan avtotransport vositalarini xarid qilish uchun qulay avtokreditlar reytingi (2021 yil noyabr) aniqlandi. Mazkur reytingni tuzishda kredit shartlari – boshlang‘ich to‘lovi, foiz stavkasi, imtiyozli davri, kredit muddati va miqdori kabi omillar inobatga olingan.
Hozirda 32 ta tijorat bankidan faqat 24 tasi birlamchi bozordan avtotransport vositalarini xarid qilish uchun kreditlar taklif qilmoqda.
Hozirgi kunda birlamchi bozordan avtotransport vositalarini xarid qilish uchun «TBC Bank», «Uzagroeksportbank», «Anorbank», «Universal bank», «Kapital bank», «Xay-Tek bank», «O‘zKDB bank», «Madad invest bank» banklar tomonidan kreditlar taklif etilmayapti.
Reyting natijalariga ko‘ra, jismoniy shaxslarga taklif etiladigan qulay avtokreditlar bo‘yicha reytingda “Invest Finans bank” 1-o‘rinni egaladi. Ushbu bank yillik foiz stavkasi (25%) bo‘yicha 18-o‘rindan joy olganiga qaramay, boshlang‘ich to‘lov (25%), imtiyozli davri (6 oy), hamda kredit miqdori (500 mln. so‘mgacha) bo‘yicha yetakchiligi umumiy reytingda 1-o‘rinni egallashini ta’minladi.
Umumiy reytingda «O‘zsanoatqurilishbank» 2-o‘rinni egalladi. Ushbu bankdan avtokredit olish shartlari, ya’ni boshlang‘ich to‘lov – 30% (13-o‘rin), foiz stavkasi – 23% (5-o‘rin), imtiyozli davr – 6 oy (1-o‘rin), kredit miqdori – 500 mln. so‘mgacha (1-o‘rin) hamda kredit muddati – 36 oy (25-o‘rin) bankning top-3 banklar qatorida e’tirof etilishiga sabab bo‘ldi.
Reytingda 3-o‘rinni «O‘zmilliybank» egalladi. Ushbu bank tomonidan quyidagi shartlarda avtokreditlar taqdim etilmoqda: yillik foiz stavka – 24% (11-o‘rin), imtiyozli davr – 3 oy (3-o‘rin), boshlang‘ich to‘lovi – 30% (13-o‘rin), kredit muddati – 60 oy (1-o‘rin) va kreditning maksimal qiymati – 500 mln. so‘m.
Umumiy reytingda “Ravnaq bank” 35-o‘rinda joylashganiga sabab ushbu bank mijozlarga quyidagi shartlar asosida avtokretilar taklif qilmoqda: yillik foiz stavka – 28% (35-o‘rin), boshlang‘ich to‘lovi – 30% (13-o‘rin), kredit muddati – 36 oy (25-o‘rin) va kreditning maksimal qiymati – 500 mln. so‘m.
Natijalarga ko‘ra, umumiy reytingda 36-o‘rinda joylashgan “Savdogar bank” avtokreditlar ajratish uchun quyidagi shartlarni belgilagan, boshlang‘ich to‘lovi – 30% (13-o‘rin), yillik foiz stavkasi – 27% (29-o‘rin), kredit muddati – 30 oy (37-o‘rin) va kredit qiymati 500 mln. so‘mgacha.
Reytingda 37-o‘rinni egallagan “Turkiston bank” avtokredit olish uchun bankga murojat qilgan mijozlarga qo‘yidagi shartlarda: boshlang‘ich to‘lovi – 30% (13-o‘rin), yillik foiz stavkasi – 28% (35-o‘rin), kreditni qoplash uchun ajratiladigan muddat – 36 oy (25-o‘rin), va shu bilan birga kredit uchun beriladigan qiymat 300 mln. so‘mgacha (37-o‘rin) kreditlar ajratmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, jismoniy shaxslarga birlamchi bozordan avtotransport vositalarini xarid qilish uchun avtokreditlar bo‘yicha eng past stavkani «Poytaxt bank» (22%), «Ipak yo‘li bank» (22%) va «Ipoteka bank» (22%) taqdim etayotgan bo‘lsa, eng yuqori stavka Davr bank (30%) tomonidan taklif etilmoqda.
*Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi metodikasi bo‘yicha hisob-kitoblar amalga oshirildi
Ma’lumot uchun: Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, shu yilning iyun oyigacha, tijorat banklari tomonidan avtotransport vositalarini xarid qilish uchun 3 445,6 mlrd. so‘m miqdorida kreditlar ajratilgan.
Ma’lumotlar tijorat banklarining veb saytlaridan va bank ilovalaridan olingan bo‘lib kredit shartlari o‘zgarishi mumkin. Batafsil ma’lumot uchun bankning veb-saytiga tashrif buyurishingiz mumkin.
Avtokreditlar tahlili 2021 yil 5 noyabr kuni yangilandi.
Muhammadjon Rashidov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish