O‘zbekistonda Yangi yil yilda korporativ bayram tadbirlarini tashkil etish taqiqlandi

O‘zbekistonda Yangi yil yilda korporativ bayram tadbirlarini tashkil etish taqiqlandi

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining bayonoti e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, komissiya qarori bilan vazirlik, idoralar, davlat ulushi bo‘lgan korxonalar va boshqa tashkilotlariga turli xil korporativ bayram tadbirlarini tashkil etish taqiqlanmoqda. Korporativlardan tejab qolingan mablag‘larni ta’lim, sog‘liqni saqlash, mehribonlik uylari va boshqa ijtimoiy sohalarga yo‘naltirish tavsiya etildi.️

Yuqoridagi cheklov restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish ob’yektlarida 30 kishidan oshmagan hamda sanitariya-gigiyena va karantin talablariga qat’iy rioya etgan holda bayram tadbirlarini o‘tkazishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari va oliy ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar, o‘quvchilar va talabalar ishtirokida yopiq binolarda turli bayram tadbirlari va kechalarini tashkil etish va o‘tkazish taqiqlandi.

Fuqarolarga yangi 2021 yil bayrami tadbirlarini oila davrasida o‘tkazish tavsiya etilsin, deyiladi bayonotda.

«Prezident archasi» bayram tadbirlari faqatgina mehribonlik uylari va bolalar shaharchalari tarbiyalanuvchilari uchun o‘tkazilishi belgilandi. Bunda tarbiyalanuvchilarning birgalikda bir maskanda istiqomat qilishi inobatga olingan.

Viloyatlar, tumanlar markazlari va shaharlarda ochiq osmon ostida archalar o‘rnatish tavsiya etilmoqda.

Vazirlik, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari hamda xo‘jalik birlashmalariga yangi 2021 yil bayrami tadbirlarini oila davrasida o‘tkazish uchun xodimlarga zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalarini hamda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish borasidagi xorijiy mamlakatlar ijobiy tajribasini inobatga olgan holda jamoat joylarida niqobdan foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish nazarda tutildi.

Maxsus komissiya jamoat joylarida ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobdan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha mas’ul idoralarga tegishli topshiriq berdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar