2020 yilning 25-30 iyul kunlari talabalar o‘rtasidagi Xalqaro matematika olimpiadasi (IMC- International Mathematical Competition) onlayn tarzda o‘tkaziladi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova xabar qildi.
Ushbu olimpiadada 46 ta davlatdan 546 nafar talabalar ishtirok etdi. Jumladan, AQShning Massachusets texnologiyalar instituti (Massachusetts Institute of Technology), Stenford Universiteti (Stanford University), Nyu-York Universiteti (New York University), Merilend universiteti (University of Maryland), Karnegi Mellon Universiteti (Carnegie Mellon University), Rossiyaning Sankt-Peterburg davlat universiteti, Moskva Fizika-texnika instituti , Iqtisodiyot Oliy maktabi, Tel Aviv University, shuningdek, Isroil davlatining Bar Ilan University , Germaniyaning Rheinische Friedrich-Wilhelms-Universität Bonn, Universität Leipzig, Georg-August-Universität Göttingen, Buyuk Britaniyaning University of Cambridge, University College London, Imperial College London, University of Manchester, University of Warwick, University of Leeds va boshqa nufuzli universitetlardan talabalar ishtirok etishdi.
Talabalarning xalqaro matematika olimpiadalarida munosib ishtirok etishi va iqtidorli talabalarni saralash maqsadida Matematika instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti hamkorlikda tashkil etgan “Mathematical olympiads of Uzbekistan for University Students” nomli onlayn loyiha doirasida iyun oyining oxirida 1200 dan ortiq ishtirokchilar orasidan 17 nafar talaba saralab olindi. 2020 yilning aprel oyidan shu kunga qadar talabalarni Karim Raximov (O‘zMU), Abror Pirnafasov (Ruhr-Universität Bochum, Germaniya) va Hakimboy Egamberganov (Universite de Paris, Fransiya) xalqaro olimpiadalarga tayyorlashdi.
Ushbu olimpiadada Qarshi davlat universitetidan 1 nafar, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidan 1 nafar, Buxoro davlat universitetidan 2 nafar, Guliston davlat universitetidan 2 nafar va O‘zbekiston Milliy universitetidan 11 nafar talaba 3 ta guruh bo‘lib ishtirok etdi. Karim Raximov (O‘zMU) guruhlar rahbari, G‘olib Botirov (Matematika instituti), Shohruh Ibragimov (O‘zMU) esa guruh rahbari o‘rinbosarlari sifatida qatnashdi. Talabalarimizning olimpiada ishtiroki uchun badal to‘lovi Matematika instituti huzuridagi Matematika fani va ta’limini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan amalga oshirildi.
Olimpiada natijalariga ko‘ra, Guliston davlat universiteti talabasi Abdushukur Ahadov va O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Shahzod Quroqboyev oltin medal, O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari Tolibjon Ismoilov va Maftuna Samatboyeva, O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Jahongir To‘rayev, O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Jasurbek Imomov, Buxoro davlat universiteti talabasi Sobir Boymurodov kumush medal, O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari Nilufar Rajabova, Doniyor Yazdanov, Davrbek Oltiboyev bronza medal, O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari Jahongir Tursunov va Xurshid Turg‘unboyev, Guliston davlat universiteti talabasi Olimjon Jalilov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi Abdumalik Abduqayumov faxriy yorliqqa sazovor bo‘ldilar.
O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi matematika sohasida ta’lim olayotgan va ilmiy-tadqiqot bilan shug‘ullanayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga mas’ul organ sifatida mazkur xalqaro olimpiadada g‘olib bo‘lgan talabalarni tabriklab, ularning o‘qituvchilari hamda ularni xalqaro olimpiadaga tayyorlagan jonkuyar ustozlar – Karim Raximov , Abror Pirnafasov va Hakimboy Egamberganovga o‘z minnatdorchiligini bildiradi
Izoh qoldirish