2021 yil 30 avgust kuni “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri va rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.
Konferensiya doirasida, jahon hamjamiyatiga, O‘zbekiston o‘tgan 30 yil davomida, ilgarigi iqtisodiyoti bir tomonlama shakllangan, qoloq respublikadan barcha sohalarda jadal rivojlanib, fuqarolarning hayot darajasi, siyosiy-ijtimoiy faolligi, ongu tafakkuri tobora yuksalib borayotgan, jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida uzoq-yaqindagi barcha mamlakatlar bilan do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini keng miqyosda olib borayotgan zamonaviy, ochiq va demokratik davlatga aylanganligi namoyish etiladi.
Konferensiyaning asosiy tashkilotchilari: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, hamda Madaniyat vazirligi.
Konferensiyani o‘tkazish joyi: “Xalqaro Forumlar saroyi”
Axborot ko‘magi: O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” Axborot agentligi.
Konferensiyaning maqsadi: O‘zbekistonning so‘nggi yillarda bosib o‘tgan rivojlanish yo‘lini, respublikada amalga oshirilayotgan yangilanish jarayonlarini tahlil qilish, ichki va tashqi siyosatning asosiy tendensiyalarini hamda O‘zbekistonni tizimli modernizatsiyalar va liberallashtirishning istiqboldagi yo‘nalishlarini muhokama qilish.
Konferensiyaning asosiy vazifalari:
xorijiy olimlar, ziyolilar va ekspertlar ishtirokida:
– “Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun” tamoyili asosida fuqarolarning ijtimoiy muammolarini hal etish, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash bo‘yicha O‘zbekistonda erishilayotgan natijalarni tahlil qilish;
– iqtisodiyotni liberallashtirish, iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sirlarni qisqartirish, valyuta bozorini erkinlashtirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish dasturlari, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha belgilangan tadbirlar natijalarini o‘rganish;
– ilm-fan taraqqiyoti va ta’lim sifatini oshirish sohasidagi islohotlar, yoshlarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularni munosib ish bilan ta’minlash, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga tayyorlash bo‘yicha davlat dasturlarining mohiyatini ochib berish;
– buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilish, O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri – uchinchi renessans poydevorini barpo etish borasida belgilab berilgan uzoq muddatli strategik vazifalarning ilmiy asoslarini muhokama qilish.
Konferensiyada turli mamlakatlardan tashrif buyuradigan 200 nafarga yaqin xorijiy hamda respublikamiz yetakchi olim va mutaxassislari, diplomatik korpus vakillari, ekspertlar, iqtisodchilar, davlat namoyondalari, yosh olimlar ishtirok etishadi.
Konferensiya ma’ruzalari, ilmiy maqolalar tezislari va ilmiy tavsiyalar to‘plami chop etiladi.
Izoh qoldirish