O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 10 fevral kuni “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosini samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Davlat dasturida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, tibbiyot, ta’lim hamda boshqa gumanitar sohalarni rivojlantirishga qaratilgan 93 ta band bor. Videoselektor yig‘ilishida ularning eng muhimlariga to‘xtalib o‘tilib, ijrosini ta’minlash choralari belgilandi.
Bolalarni qo‘llab-quvvatlash fondini tashkil etib, unga byudjetdan 100 milliard so‘m ajratish, shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlari grantlarini jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Joriy yil 1 sentyabrga qadar mehribonlik uylarining muhtoj bitiruvchilarini uy-joy bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Yana bir qulaylik – bu yil 1 iyundan boshlab, pensiya tayinlashda 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish stajini shaxsning mehnat daftarchasidagi yozuvlar asosida, tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblash tartibi joriy etilmoqda. Buning natijasida, yil yakuniga qadar 100 ming, kelgusi yilda yana 200 ming fuqaro ortiqcha sarson bo‘lmay pensiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Joriy yilda byudjet hisobidan 22 ta bolalar bog‘chasi va 31 ta yangi maktab qurish, har bir tumanda fizika faniga ixtisoslashgan bittadan maktab tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Izoh qoldirish