Pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 4 039,2 ming nafarga yetdi

Pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 4 039,2 ming nafarga yetdi

O‘zbekistonda pensiya va nafaqa oluvchilar soni 4 milliondan oshdi, bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalar soni 1,5 milliondan ko‘proq. Bu haqda AOKAda Pensiya jamg‘armasi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Bugungi kunda Pensiya jamg‘armasi tomonidan har oyda 4 mln. nafardan ortiq pensiya va nafaqa oluvchilar hamda 1,5 mln. nafardan ortiq kam ta’minlangan oilalarga yoki 6,4 mln. nafar fuqaroga bolalar nafaqasi va moddiy yordam ta’minoti amalga oshirilmoqda. Ya’ni, Jamg‘arma tomonidan respublika aholisining 29 foiziga har oyda xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.

Pensiya jamg‘armasi tomonidan 2021 yilda 391,9 ming nafar fuqaroga pensiya va nafaqalar tayinlandi (shundan, 314,5 ming nafariga pensiya va 77,4 ming nafariga nafaqa) hamda 2022 yil 1 yanvar holatiga pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 4 039,2 ming nafarga yetdi (shundan, 3 588,4 ming nafari pensiya va 450,8 ming nafari nafaqa oluvchilar).

Jamg‘armaning 2021 yilgi daromadlari prognoz ko‘rsatkichlari 26 569,0 mlrd.so‘m yoki 105,0% ga bajarildi.

2021 yilda pensiya to‘lovlari uchun 36 621,3 mlrd. so‘m hamda nafaqa va kompensatsiya to‘lovlari 4 199,7 mlrd. so‘m ajratildi. Har oyda pensiya va nafaqa to‘lovlari uchun talab etilgan mablag‘lar belgilangan muddatlarda moliyalashtirilishi hamda to‘lanishi ta’minlandi. To‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida davlat byudjetidan 10 744,2 mlrd.so‘m transfert ajratildi.

2021 yilning dekabr oyida pensiyalarning o‘rtacha miqdori 922,9 ming so‘mni tashkil qilib, yil boshiga nisbatan 111,0 ming so‘mga yoki 14 foizga ko‘paygan. Nafaqalarning bir oylik o‘rtacha miqdori 576,9 ming so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 115,1 ming so‘mga yoki 25 foizga ko‘paydi.

Pensiya va nafaqa oluvchilarga hisoblangan pensiya (nafaqa) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali bilish uchun “pensiyabotuz” boti amaliyotga joriy etildi.

Natijada, Pensiya jamg‘armasi tomonidan 2021 yil davomida 2,2 mln. nafar fuqarolarga interaktiv va masofadan xizmatlar ko‘rsatildi. Bu ayniqsa, pandemiya sharoitida fuqarolarga qulaylik yaratdi.

Pandemiya davrida fuqarolarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

- 2021 yil 1 fevral holatiga 4,9 ming nafar fuqaroning pensiya va nafaqa ishlaridan aniqlangan ortiqcha to‘lov summasining jami 12 mlrd. so‘mlik qarzdorlik summalari hisobdan chiqarildi;

- 2021 yil avgust oyida 280,8 ming boquvchisini yo‘qotgan va nogiron farzandi bor oilalarga bir martalik (500 ming so‘mdan) moddiy yordam to‘lanib, Jamg‘arma hisobidan 181,1 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi;

- 2021 yil dekabr oyida 283,9 ming boquvchisini yo‘qotgan va nogiron farzandi bor oilalarga bir martalik (800 ming so‘mdan) moddiy yordam to‘lanib, Respublika byudjeti hisobidan 221,4 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi.

2022 yildagi asosiy vazifalar:

Erishilgan natijalar bilan birgalikda tizimda bir qator kamchilik va muammolar mavjud. Buni 2021 yilda Pensiya jamg‘armasiga kelgan 237 mingdan ortiq fuqarolarning murojaatlaridan bilish mumkin.

Ushbu murojaatlar tahlili va takliflarga muvofiq Jamg‘arma 2022 yilda o‘z oldiga quyidagi vazifalarni belgilab olgan.

1. 2022 yil mart oyidan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilani aniqlashda minimal iste’mol xarajatlaridan foydalanishni joriy etish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF-58-son Farmoniga muvofiq, 2022 yil 1 martdan boshlab:

- ishlamaydigan va pensiya olmaydigan Afg‘onistondagi urushda o‘z baynalmilal burchlarini bajarganlarga uy-joy kommunal to‘lovlari uchun kompensatsiya to‘lovini joriy etish;

- yoshi 100 ga to‘lgan va undan oshgan ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslar uchun har oyda – pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov to‘lash.

“Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyili asosida davlat xizmatlari qamrovi va tezkorligini oshirish, ularning ko‘rsatilishida aholining barcha qatlamlari manfaatlarini inobatga olinishini ta’minlash maqsadida:

- 2022 yil 1 iyuldan boshlab pensiyalarni birgina pasport asosida tayinlash tizimini yo‘lga qo‘yish;

- 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab bolalikdan nogironligi bo‘lgan bolalarga nafaqalarni ariza talab etilmagan holda "proaktiv" tarzda tayinlash xizmatini amaliyotini yo‘lga qo‘yish.

4.“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi tomonidan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash to‘g‘risidagi arizalarni elektron ko‘rinishda onlayn rejimida qabul qilish tizimini yo‘lga qo‘yish.

5. Pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oylik ish haqining maksimal chegarasini bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobaridan 12 barobarga oshirish bo‘yicha Qonun loyihasini Oliy Majlisga kiritish.

6. Pensiya qonunchiligining mohiyati hamda tizimdagi o‘zgarishlar haqida fuqarolar o‘rtasida targ‘ibot va tushuntirish ishlarini faol davom ettirish, joylarda sayyor uchrashuvlar o‘tkazish hamda ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritish ishlarini tashkil etish ishlarini davom ettirish.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar