O‘zbekistonda yanvar oyi uchun beriladigan pensiya va nafaqa to‘lovlari dam olish kunlaridan keyin, 5−6 yanvar sanasidan boshlab tarqatiladi, deb xabar bermoqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati.
Prezident qaroriga muvofiq pensiya va nafaqalar to‘lovi har oyning birinchi bank ish kunidan boshlanib, oyning 27-sanasiga qadar kunlik grafik asosida (dam olish kunlaridan tashqari) MFY va fuqarolarning yashash manziliga yetkazish belgilangan.
Davlat rahbarining tegishli farmoniga asosan respublika bo‘ylab 31 dekabr va 1−4 yanvar kunlari barcha soha vakillari uchun dam olish kuni hisoblanadi.
«Shu munosabat bilan xalqimiz o‘rtasida tushunmovchiliklar yuzaga kelishining oldini olish hamda pensiya va nafaqa oluvchilarning ovoragarchiliklariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, yanvar oyi uchun pensiya va nafaqalar naqd pul shaklida tarqatilishi hamda bank kartalariga yuklanishi 5−6-yanvar sanasidan boshlab belgilangan muddatlargacha to‘lanishi ta’minlanadi», - deyiladi jamg‘arma xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Davlat byudjeti loyihasiga ko‘ra, 2022 yilda ish haqi, pensiya, stipendiya, nafaqalar miqdorlari oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Izoh qoldirish