Senat navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan masalalardan biri “Fuqarolar davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun bo‘ldi.
Qonun bilan 2023 yil 1 yanvaridan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqi maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdori 10 barobaridan 12 barobariga oshirish nazarda tutilyapti.
Senatorlar qayd etishicha, kiritilayotgan o‘zgartishga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarga pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi pensiyani hisoblash bazaviy miqdori 12 baravaridan ortiq bo‘lmagan, ya’ni 3 888 000 so‘m miqdoridagi o‘rtacha oylik ish haqidan hisobga olish belgilanmoqda.
Natijada, 352 ming nafar fuqaro pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilinib, o‘rtacha oylik pensiya miqdori 400 ming so‘mgacha oshadi. Shulardan, 304 ming nafari yoshga doir pensiya oluvchilar, 25,2 ming nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar va 23 ming nafari boquvchisini yo‘qotgan shaxslardir.
Qonunga muvofiq ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda Pensiya jamg‘armasidan qo‘shimcha ravishda 1,5 trillion so‘mdan ortiq miqdordagi mablag‘lar talab etiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh qoldirish