“Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–167-son, 15.03.2022 y.) qabul qilindi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.
Qarorga muvofiq, “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyilini qaror toptirishdagi tashabbuskor nuroniylar moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanadi.
Xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi uchun mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanadi.
Hujjatda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni taqiqlash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
2022 yil 1 apreldan:
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtiriladi;
- sharoiti og‘ir va kam ta’minlangan keksalarga retseptga asosan 3 oylik ehtiyoj asosida dorilar, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanadi;
- og‘ir tashxisli kasal hamda nogiron keksalarga shifokorlar retseptlariga muvofiq, 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarining 50 foizigacha summasi kompensatsiya qilinadi;
- keksalarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun abonement xarajatlari qoplanadi;
- davlat teatrlari va muzeylariga keksalar uchun chipta narxlari to‘liq qoplab beriladi.
2022 yil 1 sentyabrgacha keksalarga oid ma’lumot va yangiliklar ularning mobil telefon raqamlariga SMS orqali ma’lum qilib boriladi.
Shuningdek, 2022 yil 1 sentyabrga qadar xalqaro tajribadan kelib chiqib, mamlakatda faol qarish indeksini joriy etish belgilandi.
Izoh qoldirish