2021 yilda kuchli tiklanishdan so‘ng, jahon iqtisodiyoti yangi COVID-19 shtammlari tarqalishi tahdidlari, shuningdek, inflyasiya, qarz va daromadlar tengsizligining kuchayishi fonida aniq sekinlashuv davriga kirmoqda, bu esa rivojlanayotgan mamlakatlarning tiklanishiga xavf solishi mumkin.
2021 yilda O‘zbekiston YaIM o‘sishi 6,2%, Tojikiston 7,1% va Qozog‘iston 3,5% ga yetdi. Jahon banki O‘zbekiston YaIM 2022 yil va 2023 yillarda Markaziy Osiyoda eng ko‘p o‘sishini bashorat qilmoqda. 2022 va 2023 yillarda milliy iqtisodiyotning o‘sishi mos ravishda 5,6 va 5,8 foizni tashkil etishi prognoz qilindi.
Dunyo turli mamlakatlari bo‘ylab to‘xtatilgan iste’mol talabi qondirilayotgani va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash dasturlari bosqichma-bosqich to‘xtatilayotgani sababli, global iqtisodiy o‘sish 2021 yildagi 5,5 foizdan 2022 yilda 4,1 foizgacha va 2023 yilda 3,2 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda.
2021 yil Yevropa va Markaziy Osiyoda ishlab chiqarish hajmi 5,8 foizga o‘sgan, bu joriy yilning katta qismida ichki talab kutilganidan tezroq tiklanishidan darak beradi. Yevro hududida iqtisodiy faollikning kuchayishi va xomashyo narxlarining oshishi eksport va pul o‘tkazmalarini qo‘llab-quvvatlab, mintaqaning tiklanishiga yanada turtki berdi. Ma’lumotlar kuchliroq sur’atni ko‘rsatgan hamda Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarining taxminan 90 foizida 2021 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy o‘sish darajasining yuqoriga qarab qayta ko‘rib chiqilishiga yordam berdi.
Biroq, yaqinda chop etilgan ma’lumotlar pandemiya hozirgi to‘lqinining ta’siri salbiy bo‘lishini, shu jumladan mamlakatlar ichida harakatlanish cheklovlari kuchaytirilishi va xalqaro sayohatlar taqiqlanishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Yangi eksport buyurtmalari soni kamaydi, bu esa tashqi talab va ta’minotning zaiflashganini ko‘rsatadi. COVID-19 holatlari ko‘payishi, inflyasiya o‘sishi va siyosiy noaniqlik kuchayishi sababli iste’molchilarning ishonchi pasaymoqda. Mintaqadagi ko‘plab mamlakatlarning markaziy banklari pul-kredit siyosatini rag‘batlantiruvchi choralarni tezda to‘xtatmoqda.
Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish 2022 yilda 3 foizga sekinlashishi prognoz qilinmoqda, bu 2021 yildagi ko‘rsatkichning deyarli yarmi, sababi makroiqtisodiy siyosatning keskinlashishi va COVID-19’ning takroriy avj olishi, shu jumladan uning omikron shtammi talabga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Fiskal qo‘llab-quvvatlash choralarini yanada qisqartirish fonida 2023 yilda mintaqada iqtisodiy o‘sish sekinlashishi va 2,9 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Global miqyosda va yevrohududda iqtisodiy o‘sish sekinlashishi va xomashyo narxining pasayishi sababli tashqi talabni rag‘batlantirish 2023 yilda susayishi kutilmoqda. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 2023 yilda pandemiyadan oldingi tendensiyadan taxminan 1,5 foizga past bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Izoh qoldirish