Hokim yordamchilari – xalq orasida ("Qaroli" mahallasi)

Hokim yordamchilari – xalq orasida (

– Hokim yordamchilari instituti mamlakatimizdagi iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarning muhim bo‘g‘inlaridan biriga aylanib ulgurdi. Siz hokim yordamchisi lavozimining mohiyatini qanday tushunasiz?

2022 yilda hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan mamlakatimizda “mahallabay” ishlash tizimi hamda “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Asosiy maqsad mahallalardagi har bir xonadondagi muhit, aholining qiziqishi, iqtisodiy ahvoli va turmush tarzi bilan yaqindan tanishish, tadbirkorlikni boshlashi uchun yordam berish, yuzaga kelgan muammolarga tez fursatda yechim topilishiga ko‘maklashishdan iborat. Oddiy qilib aytganda, bizning vazifamiz faqat kredit ajratishda ko‘maklashish emas, balki, kambag‘al fuqarolarni ushbu holatdan chiqarish uchun kompleks yordam berishdir. Shuningdek, mahalladagi yetakchi tadbirkorlar bilan ham ushbu masalada har tomonlama hamkorlik qilishimiz zarur. Masalan, kambag‘al fuqaroni tadbirkorlik sub’yektlariga ishga joylashtirish yoki kasanachilik asosida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali. Bundan hamma yutadi!

– Kasbiy faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz, bu lavozimga qanday kelgansiz? Oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? Qaysi ko‘nikmalaringiz sizga yuklangan vazifalarni samarali bajarishga yordam bermoqda?

– O‘zim shu yerda tug‘ilib o‘sganman. Oliy ma’lumotliman. Shuningdek, Bank-moliya akademiyasida ham moliya yo‘nalishida tahsil oldim. Hokim yordamchisi lavozimiga o‘tishimdan ilgari Buxoro viloyati Jondor tumani “Agrobank” bo‘limida bank boshqaruvchisi o‘rinbosari bo‘lib ishlaganman. Bank sohasida faoliyat yuritganimda tadbirkorlar, oddiy fuqarolar bilan ko‘p ishlashga to‘g‘ri kelgan, ularning muammolari bilan yaxshi tanishman, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Ana shu tajriba menga yangi lavozimda ham qo‘l keldi.

– Mahallangizning joylashuvi, aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz? 2022 yilda mahallabay ishlash tizimi joriy etilganidan buyon o‘tkazilgan so‘rovlar natijasida aholining ijtimoiy tarkibi va farovonligi bo‘yicha qanday ma’lumotlar olindi?

– Mahalla tuman markazidan 15 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, o‘rta darajadagi mahalla hisoblanadi. Men mas’ul bo‘lgan “Qaroli” MFYda 1795 ta xonadon mavjud bo‘lib, 7126 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Mahalla hududi asosan, xonadonlardan iborat bo‘lib, aholining asosiy qismi hududdagi korxona, tashkilot va davlat tashkilotlarida ishlaydi. 2022 yilgacha mahallada jami 80 ta tadbirkorlik sub’yekti mavjud bo‘lgan. “Xonadonbay” o‘rganishlar natijasida tadbirkorlikka qiziqishi bor fuqarolarga davlatimiz tomonidan imtiyozli kreditlar hamda subsidiyalar berildi.

– So‘rovlar davomida aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, mahallangiz rivojining asosiy drayveri va ustuvor vazifalari nimalardan iborat edi? Bu lavozimda ishlaganingizning birinchi yilida aholining turmush sharoiti va farovonligini oshirish borasida nimalarga erishdingiz?

Mahallani rivojlantirishda tadbirkorlik yo‘nalishi yetakchi yo‘nalish sifatida tanlab olingan. Shuningdek, aholining bir qismi mavsumiy ishlar bilan ham shug‘ullanadi. Faoliyat boshlangan davrda ustuvor e’tibor aholini to‘g‘ri toifalarga ajratish, kambag‘al, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni aniqlashga qaratilgan bo‘lsa, endilikda individual dasturlar asosida tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirish va shu orqali mahallada istiqomat qiluvchilarning turmush farovonligini oshirish ishlariga urg‘u berilmoqda. Bu orqali, ishsizlarning bandligi ta’minlanib, ularning xohish-istagiga ko‘ra imtiyozli kreditlar va subsidiyalar ajratilmoqda.

– 2023 yildagi faoliyatingiz natijalari, uning yo‘nalishlari – ishsizlarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikni, aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha qanday yutuqlarga erishilgani haqida batafsil gapirib bersangiz.

– Fuqarolar bilan birgalikda ichki yo‘llarni asfalt qilishni rejalashtirib, tashabbusli byudjet loyihasining 2023 yil ikkinchi mavsumida o‘z tashabbusimizni kiritdik va mahalla ko‘chasining 2,9 km uzunlikdagi ichki yo‘llarini asfaltlash uchun 1 mlrd 360 mln so‘m mablag‘ yutib olindi.

“Yashil makon” dasturi doirasida ham fuqarolar va homiylar tashabbusi bilan mahallaning bo‘sh turgan yerlariga mevali daraxtlar ekildi. Bundan tashqari, 2023 yilgi “Tashabbusli byudjet” loyihasining birinchi mavsumida ko‘chamizga transformator, beton tayanchlar hamda tungi yoritish chiroqlari zarur bo‘lganligi sababli 540 mln so‘m yutishga muvaffaq bo‘ldik.

– Joriy yilda mahallangizni rivojlantirish bo‘yicha qanday ustuvor vazifalar belgilandi? Bu yo‘nalishda yana qanday rejalaringiz bor? Hozirgacha nimaga erishildi va kelgusida nimalar qilish kerak?

– Bugunga kelib, “Qaroli” MFYda 58 ta MChJ, 148 ta yakka tadbirkorlik sub’yekti va 174 ta dehqon xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Mahallada savdo-sotiq do‘konlari, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shaxobchasi, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi ishlab turibdi. Shuningdek, hududda bir nechta xizmat ko‘rsatish korxonasi ham mavjud. Mahallada 4 ta oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilgan. Bundan tashqari, mahallaning bo‘sh turgan eski binosi ta’mirlanib, shu yerda yashovchi bolalar uchun to‘garaklar ochildi.

– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribangizga tayangan holda, sizning fikringizcha, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada?

O‘tgan vaqt davomida orttirilgan tajribadan, xatlov va tadqiq natijalaridan kelib chiqib aytish mumkinki, kambag‘allik ko‘pincha doimiy ishga ega emaslik, oilada doimiy parvarishga muhtoj kishilarning mavjudligi, biron bir biznes qilish uchun zarur uquv va malakaning yetishmasligi yoki yo‘qligi, ba’zida esa boqimandalik kayfiyatining ustunligidan kelib chiqadi. Qisqacha aytganda, har bir oilada kambag‘allikning o‘ziga xos sabablari bor.

– Aholining turmush darajasini oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirishda mahallalardagi mavjud infrastrukturaning ham ahamiyati katta. Bu borada qanday ishlar amalga oshirildi?

– Mahalla tumandagi 3-sektor hududiga kiradi. Mahallaning infratuzilmasi rivojlanishi aholi kayfiyatiga katta ta’sir qiladi. Shu ma’noda, sektor bilan birgalikda so‘nggi uch yilda 2,4 km uzunlikdagi ichki yo‘llar betonlashtirildi, 100 foiz xonadon toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 3 ta elektr podstansiyasi to‘liq ta’mirlandi. Xususan, 6 ta ko‘chaga tungi chiroqlar hamda ularni xavfsiz hududga aylantirish maqsadida 25 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatildi.

– Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan davringizda mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Shu vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi? Qanday qo‘llab-quvvatlash choralari va innovatsion usullar qo‘llanildi? Muvaffaqiyatli tadbirkorlik tashabbuslariga misollar keltirsangiz.

– Mahallada men kelishimdan oldin 12 ta tadbirkorlik sub’yekti faoliyat olib borgan bo‘lsa, hozirga kelib ularning soni 110 tadan oshdi. Shuningdek, 38 ta YaTT ochildi. Shulardan biri “Odilbek-Saidbek” MChJ bo‘lib, keramzit ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Bu yerda mahalla aholisi uchun 87 ta ish o‘rni tashkil etildi. Clean-Billur MChJda esa suyuq sovun ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, bu orqali 60 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi. Mahalladagi uchinchi yirik korxona “Buxoro Baraka plast” MChJdir. Ushbu korxonada penoblok, gazoblok kabi xaridorgir qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Bu yerda 40 yangi ish o‘rni tashkil etilgan. Mushtariybegim-Aziza MChJ tomonidan mahallada issiqxona xo‘jaligi tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda hozir 12 kishi ish bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, Xolmurod Family oilaviy korxonasi elektromontaj ishlari bilan shug‘ullanadi. Bu yerda 20 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, aholida tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish uchun ustoz-shogird an’anasidan ham foydalanyapmiz.

– Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularni vatanga qaytishga undash borasida mahallangizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Xorijda mehnat qilib, o‘z yurtiga qaytib kelgan fuqarolarga har tomonlama yordam berishga harakat qilyapmiz. Mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarimizni ishga joylashtirish, agar istagi bo‘lsa, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun ko‘mak berish diqqat markazida turibdi. Bugunga qadar 10 nafar shunday fuqaroga zarur yordam berildi.

– Mahallangiz aholisining amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati qanchalik o‘zgardi? Yaqin kelajakda o‘z oldingizga qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz?

– 2024 yilgi barcha rejalarimiz mahalla farovonligini oshirishga qaratilgan. Xususan, joriy yil oxirigacha hududda zamonaviy o‘quv markazi tashkil qilishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, “Yoshlar”, “Ayollar” va “Temir daftar”da turgan fuqarolarni moddiy-ma’naviy jihatdan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali ularning turmush farovonligini oshirishni maqsad qilganmiz. Bir so‘z bilan aytganda, hokim yordamchisi – xalq yordamchisidir!

Jamoliddin Turdimov, CERR

"Iqtisodiy sharh" jurnali №9/2024

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar