Hokim yordamchilari - xalq orasida ("Arabxona" mahallasi)

Hokim yordamchilari - xalq orasida (

Mamlakatimizda ilk bor “mahallabay” tizimi hamda hokim yordamchisi lavozimi joriy etildi. Siz uchun bu lavozimning mazmun-mohiyati nimada, uni qanday tushunasiz?

— Hokim yordamchilari davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan joriy qilingan “mahallabay” ishlash tizimining ilk qaldirg‘ochlari bo‘ldi, desam adashmayman. Hokim yordamchisining bor say’-harakati mahalla aholisining bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali mahalla iqtisodiyotini rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishdan iborat. Umuman aytganda esa hokim yordamchilarining asosiy vazifasi quyi bo‘g‘inda fuqarolarning muammolari bilan bevosita shug‘ullanish, pirovardida xalqning turmush darajasini yaxshilashni maqsad qiladi.

O‘zingiz haqingizda batafsilroq gapirib bering. Ayol ekanligingiz sizga qo‘yilgan vazifalarni bajarishda qiyinchilik tug‘dirmayaptimi?

— Men Jo‘rayeva Lola Olimovna, 1985 yil 21 mart kuni Kogon shahar Beruniy mahallasida ziyolilar oilasida tug‘ilganman. Dastlab qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji, so‘ng Buxoro davlat universitetida iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishni tamomladim. Mehnat faoliyatimni Kogon shahar xalq ta’limi bo‘limida boshlab, keyinchalik Kogon tuman hokimligida bosh hisobchi lavozimida ishlaganman. Bundan tashqari, iqtisodiyot fani bo‘yicha umumta’lim maktablari o‘quvchilari hamda kasb-hunar kollejlari talabalariga saboq berganman.

Bugun hokim yordamchisi lavozimining mashaqqatini nafaqat erkaklar, balki ayollar ham birdek his etmoqda. Albatta, hokim yordamchisi lavozimi ayol kishi uchun biroz mashaqqatli. Men mazkur lavozimning mas’uliyat va zahmatini to‘liq his etgan holda qabul qildim. O‘ylaymanki, o‘zimga taqdim etilgan mana shu imkoniyat tufayli xalqimni qiynayotgan muammolarga yechim topishga, ularning farovon turmush kechirishiga o‘z hissamni qo‘shaman.

Ishni nimadan boshladingiz? Mahallangizning “ijtimoiy portreti”ni raqam va misollar orqali qayd etib o‘tsangiz.

— Hokim yordamchisi sifatidagi faoliyatimni mahalladagi iqtisodiy holatni aniqlashdan boshlaganman. Fuqarolarning gender tarkibi, xohish-istaklari, ixtisoslashuvini o‘rganib, mahalla iqtisodiyotini ko‘tarish bo‘yicha o‘z rejamni ishlab chiqqanman.

Menga biriktirilgan mahalla 50 ta ko‘p qavatli uylardan iborat. Unda 946 ta xonadon, 949 ta oila mavjud bo‘lib, 2 518 nafar aholi istiqomat qiladi. Umumiy xotin-qizlar soni 1 841 nafarni, yoshlar esa 878 nafarni tashkil etadi. Mahallamizning drayver yo‘nalishi – xizmat ko‘rsatish sohasi. Bugungi kunda mahalla xududida 30 dan ortiq xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari mavjud. Lider tadbirkorlarimiz “Zafar Omad” MChJga tegishli umumiy ovqatlanish, shuningdek, “Billur servis Buxara” xususiy korxonasiga tegishli xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridir. Bundan tashqari, mahallamiz hududida hunarmand ayollar ham ko‘p. Hududda tomorqa yerlar mavjud bo‘lmaganligi sababli aholi, asosan, yollanma ishchi kuchi sifatida daromad topadi. Mahalla hududida yirik sanoat korxonalari mavjud emas.

Aholi bilan qay tarzda muloqot qilyapsiz, murojaatlar ko‘pmi? Ular asosan qanday masalalar yuzasidan murojaat qilyapti? Muammolar qay tartibda hal etilyapti?

— Ta’kidlab o‘tish joizki, mahalladagi har bir oila o‘zgacha olam. Uning o‘ziga xos dunyoqarashi, urf-odatlari, mentaliteti mavjud. Shularni inobatga olgan holda har bir fuqaro bilan alohida yondashuv asosida muloqot qilishga to‘g‘ri keladi. Yuzaga kelgan muammolarni mahalladagi boshqa mas’ullar bilan birgalikda bartaraf etish yo‘llarini aniqlab, zarur choralarni ko‘ramiz. Viloyat va respublika darajasida ko‘rib chiqiladigan murojaatlarning aksariyatini “online-mahalla.uz” platformasiga joylashtirib boraman. Fuqarolarning hamda hududda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarning muammolariga manzilli va sifatli yechim topish uchun mazkur platformada jismoniy va yuridik shaxslar nomidan murojaatlar tegishliligi bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborish imkoniyati mavjud. Aholimiz tomonidan ijtimoiy infratuzilma borasida mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha yuborilgan murojaatlarining aksariyati bugungi kunda o‘z yechimini topgan. O‘z mehnat faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolarimiz ham ko‘p. Ularning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda subsidiyalar yoxud imtiyozli kreditlar ajratish ishlari mahallaning o‘zidan chiqmay, hokim yordamchisining ko‘magi asosida “onlayn” tarzda amalga oshirilib kelinmoqda. Mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashmoqchi bo‘lgan fuqarolarimiz bandligini ta’minlash maqsadida shahar bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda vakansiyalari mavjud korxona va tashkilotlar to‘g‘risida ma’lumotlarni e’lon qilish orqali hududiy mehnat yarmarkalari tashkil etilyapti.

Mahalla aholisining, ayniqsa, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash borasidagi ishlaringiz haqida gapirib bersangiz.

— Mahallada ishsizlar bilan doimiy muloqot yo‘lga qo‘yilib, ularni ishga joylashtirish choralari ko‘rilyapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, ishsiz erkaklarga nisbatan ishsiz ayollar ko‘pchilikni tashkil etadi, bizning mahallamizda ham shunday. Ishsiz ayollarni ish bilan, tadbirkorlik faoliyati bilan band qilish jarayonlarini olib borishda o‘zimning ham ayol kishi bo‘lganim ancha qo‘l keldi. Ayollarga dardkash bo‘lib, ularning oilaviy holatini yaqindan o‘rganib, imkoniyatlarini inobatga olgan holda kerakli tavsiya va yo‘nalishlarni bermoqdaman.

Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj “Ayollar daftari”, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”da turuvchi fuqarolarimizga mavjud moliyaviy ko‘mak instrumentlaridan samarali foydalangan holda yordam berish orqali ularni daromadli mehnat faoliyati bilan band qilish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, hozirgi kunda mahallada 77 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlangan, 89 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro sifatida davlat soliq inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 43 nafar fuqaroga kasb-hunar va tadbirkorlik yo‘nalishida o‘qishga tavsiya berildi. Ularning aksariyati bugungi kunda maxsus sertifikatlarga ega bo‘lib, shu orqali bandligi ta’minlandi.

Fuqarolarimizni doimiy ish joylariga joylashtirish mexanizmida ham o‘ziga xoslik mavjud. Bo‘sh ish o‘rni mavjud bo‘lgan davlat va xususiy sektor tashkilotlariga avval o‘zim borib, ishning mazmuni, talablari, mavjud sharoitlarni o‘rganib chiqaman, keyinchalik yo‘nalishlar asosida ishlash istagi borlarni mazkur korxonalarga ekskursiyaga olib boraman. Fuqarolar joyida mehnat sharoitlarini, ish ko‘lamini va boshqa masalalarni o‘rgangan holda berilayotgan taklif ma’qul bo‘lgan taqdirda, ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi ishbay yoxud vaqtbay tarzda imzolanadi. Ishni boshlagandan so‘ng ham fuqarolarimizning ishda qo‘nimliligini nazorat qilib borayapman.

Tavsiyalarim asosida 21 ta oilaviy tadbirkorlik loyihasini amalga oshirish uchun 730 mln so‘m imtiyozli kredit ajratildi. “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da turuvchi 16 nafar ayolga tikuvchilik, qandolatchilik, hunarmandchilik yo‘nalishida faoliyat olib borishlari uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish yuzasidan subsidiyaga tavsiyalar berildi.

Mahallamiz hududida faoliyat ko‘rsatgan 12 nafar hunarmand ayol bugungi kunga kelib 13 nafarga ko‘paydi va hozirda jami 25 nafarni tashkil etyapti. Bir nafar lider hunarmand ayol Bashorat Najimova hisobot davri ichida 5 nafar ishsiz xotin-qizlarni hunarga o‘rgatdi, yana 6 nafarini hozirgi paytda kasb-hunarga o‘rgatib kelyapti. Mazkur hunarmand ayolimiz milliy liboslar tayyorlash yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat olib boradi. Tadbirkorga 2022 yil 11 maydagi Vazirlar Mahkamasining 252-sonli qaroriga asosan “Ustoz-shogird” tizimi bo‘yicha subsidiya ajratilgan. Bashorat Najimovaning sobiq shogirdlari bugungi kunda mustaqil hunarmand sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va o‘z faoliyatini boshlab, oilasiga qo‘shimcha daromad olib kelyapti.

Jumladan, Xalqlar Do‘stligi ko‘chasi 7-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Dilnoza Islomova milliy liboslar tayyorlash yo‘nalishida hunar egallaganidan so‘ng, Buxoro shahar markaziy bozorida savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan kelishuv asosida ayollar milliy liboslarini tayyorlab, sotib kelmoqda. Ushbu faoliyat mazkur fuqaroga har oy o‘rtacha bir necha mln so‘m daromad keltirmoqda.

Shuningdek, fuqaro Muqaddas Hasanova zardo‘zlik buyumlarini tayyorlash yo‘nalishida o‘z faoliyatini boshladi, uning ham daromadi yomon emas.

Bundan tashqari, ayollarimizga qulaylik yaratish maqsadida qo‘shni mahalladan konditer mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi lider tadbirkorni bo‘sh turgan ob’yektga qulay joylashuv taklifi asosida jalb qildim. Hozirgi paytda mazkur tadbirkor tomonidan “Asalari” nomli konditer sexi ochilib, 4 nafar ishsiz xotin-qizlarimiz ish bilan ta’minlandi va 6 nafariga bepul asosda hunar o‘rgatib kelinmoqda. Joriy yilning dekabr oyida mazkur sexni kengaytirish hisobiga hududda yangi tadbirkorlik sub’yekti tashkil etilib, ishchi o‘rinlari ko‘paydi.

Mahalladagi kambag‘allikka olib kelayotgan asosiy muammolar va sabablar nimada? Muammolarni hal etish uchun, sizningcha, yana nimalar qilish kerak?

— Kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yo‘li mavjud imkoniyatlardan va resurslardan samarali foydalana olish deb bilaman. Kambag‘allik darajasini o‘lchash metodlari va nisbatlari turlicha. Fuqarolarimizning turmush darajasini oshirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy himoyasini ta’minlash borasida mahalladagi mas’ullar bilan birgalikda faoliyat olib boramiz. Avvalambor, kambag‘allikning sababini o‘rganish va uni bartaraf etish choralari ko‘riladi. Keyinchalik esa kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanadi. Bugungi kungacha bo‘lgan monitoring ma’lumotlariga asosan, kambag‘allikka duchor bo‘lgan oilalarning aksariyati – nogironligi mavjud shaxslar, nafaqaxo‘rlar va bola parvarishi bilan shug‘ullanuvchi ayollar mavjud oilalar ekanligi ma’lum bo‘ldi. Kambag‘allikni qisqartirish borasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarning negizida “Inson qadri” yotadi. Ishsiz va ehtiyojmand fuqarolar uchun ajratiladigan subsidiyalar, moddiy yordamlar, imtiyozli kreditlar bunga yaqqol misol bo‘lishi mumkin. Ishsiz fuqarolarni bepul asosda mehnat bozorida katta talabga ega bo‘lgan kasb-hunar turlariga o‘qitish tizimining mavjudligi ham aholining bandligi va shu bilan bir qatorda, daromadini oshirishga qaratilgan harakatdir.

2023 yilga mo‘ljallagan rejalar va yangi loyihalaringiz to‘g‘risida qisqacha ma’lumot bersangiz.

— Kelgusi faoliyatim davomida mahallamiz “drayveri”, ya’ni xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishni rejalashtirganmiz. Buning uchun mahallada mavjud imkoniyatlar va resurslardan foydalangan holda zamonaviy (innovatsion) xizmat ko‘rsatish turlarini, misol uchun, klining xizmatlari, onlayn muzey, foto studiyalar, psixologik kabinetlar, yangi turistik xizmatlar kabilarni joriy qilish orqali mahallamiz iqtisodiyotini rivojlantirib, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilgan konsepsiyani hayotga tatbiq etishni maqsad qilib qo‘yganman.

Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?

— Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga qarshi jiddiy kurashish zarur. Shu bilan birga, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik uchun fuqarolar va mas’ullar orasida oshkoralik va ochiqlik bo‘lishi kerak. Amalga oshirilayotgan barcha ishlar va chora-tadbirlar haqida mahalla faollari, umuman, aholi oldida hisobotlar berib boriladi. Shuningdek, mahalladagi sektor rahbari, Xalq qabulxonasi, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari bilan birga sayyor qabullar o‘tkaziladi. Bu ishlar ham aholining huquqiy ongini yuksaltirishga va pirovardida korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Mahallangizda siz qilayotgan ishingizga munosabat qanday? Faoliyatingizni yanada samaraliroq davom ettirishingiz uchun qanday ko‘makka ehtiyoj sezyapsiz?

— O‘z ustimda yanada ko‘proq ishlash, yangi yo‘nalishlarda ilm olish, tadbirkorlik borasida ko‘proq tajriba almashish ehtiyojini sezaman. Tez fursatlarda rivojlanayotgan zamonda yurtboshimiz tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun tinimsiz mehnat qilishni o‘z burchim deb bilaman. Yaqinda ayollarning muammolarini hal etishda olib borgan ishlarimiz sababli respublika miqyosida hokim yordamchilari ichida barchaga namuna ko‘rsatgan, deya “Eng yaxshi hokim yordamchisi” nominatsiyasiga loyiq ko‘rildim va “Prezident sovg‘asi” – yangi avtomobil egasi bo‘ldim. Bu men uchun katta rag‘batdir. Bugun erishayotgan yaxshi natijalarim va yutuqlarim birgina meniki emas. Mahallamiz ahlining menga bildirayotgan ishonchi, qilayotgan duolarining samarasi deb bilaman. Mahallamiz aholisining qo‘llab-quvvatlashi, samimiy, iliq tilaklari, xursandchiligini ko‘rib o‘zimni baxtiyor his etdim. Xalqqa naf keltirish – oliy baxt!

Jamoliddin Turdimov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" №1/2023
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar