Namangan viloyati Chust tumani hokimining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha Kamarsada mahallasidagi yordamchisi Ravshan Yuldashev bilan intervyu.
– 2022 yildan barcha mahallalarda hokim yordamchilari ish boshladilar. Siz uchun bu lavozimning mazmun-mohiyati nimada, uni qanday ko‘rasiz va tushunasiz?
– Avvalo, Prezidentimiz tomonidan mahallalarda hokim yordamchisi lavozimining ta’sis etilishi xayrli ish bo‘ldi. Bu shaxsan mening hayotimda yana bir sinov bo‘ldi, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki Prezidentimiz ta’birlari bilan aytganda, “Hokim yordamchisi lavozimi faqat to‘g‘ri va halol ishlab, o‘z salohiyati va imkoniyatlarini ko‘rsatish orqali yetuk milliy kadrlar zaxirasidan joy olish uchun katta maydondir”.
Bugun inson qadri uchun ko‘maklashish, ularga dalda bo‘lish, odamlarning dardiga quloq tutish orqali odamlar hayotini tubdan o‘zgartirish imkonini beradigan davr keldi deb o‘ylayman.
Shuning uchun hokim yordamchisi avvalambor tadbirkor, uddaburon va muammodan qochmaydigan inson bo‘lsagina, birovning ishonchiga kira oladi. Tadbirkor bo‘lish uchun avvalambor insonning o‘ziga ishonchi bo‘lishi kerak. Kambag‘allikdagi asosiy muammoni o‘rgansangiz ham uning tub mohiyatida ishonchsizlik turganligi ma’lum bo‘ladi. Lekin ishonch orqali ishsiz va kambag‘al insonni tadbirkor qilish imkonsiz, avvalo bunday insonlarga muhit yaratish ham muhim. Muhit deganda, atrofdagi mehnatkash, tadbirkor, boy insonlar guruhini nazarda tutish mumkin.
– O‘zingiz va ushbu lavozimga qanday kelgningiz haqida batafsilroq so‘zlab bering. Hokim yordamchisi bo‘lgan mahallangizdagi ishlar bilan avval qanchalar tanish edingiz? Avvalgi qaysi ish tajribangiz hokim yordamchilariga yuklatilgan vazifalarni hal qilishga imkon bermoqda?
– Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya institutini tamomlab, soha yo‘nalishida bir oz muddat ishladim. Harakatchanligim va ishchanligim natijasida avval Chust tuman hokimligi, keyin viloyat hokimliklari tasarrufidagi bir qator lavozimlarda faoliyat olib bordim. Avval ijtimoiy sohadagi vazifalar, keyinchalik mutaxassisligim bilan bog‘liq iqtisodiy sohalarda tashkilot va korxonalarda samarali ish tashkil etish hamda yangi ish o‘rinlarini barpo etish bo‘yicha yangiliklarni amalga oshirib keldim.
Tavsiya asosida 30 yoshimda viloyat yoshlar tashkiloti – sobiq “Kamolot” YoIH viloyat kengashi raisligiga saylandim. O‘z tashabbusim bilan Hukumat rahbarligida tashkil etilgan ishchi guruhga Namangan shahridagi ayrim samarasiz foydalanib kelingan ob’yektlarni, jumladan Boburshoh ko‘chasidagi madaniyat saroyini, “Yoshlar markazi” va Davlatobod tumanida tashlandiq holda turgan “Do‘stlik” parkini “Yoshlar bog‘i”ga aylantirish hamda yoshlar tasarrufiga o‘tkazish taklifini o‘rtaga tashladim. Sababi, hozirgacha yoshlar tashkilotining balansida yoshlar bilan uchrashadigan bino va madaniy tadbir o‘tkaziladigan joy yo‘q edi. Barcha binolar faqat ijaraga vaqtincha foydalanishga berilgan. Prezidentimiz bilan bo‘lgan uchrashuvda ushbu muammolar aytildi. Natijada juda katta mablag‘ evaziga Namangan yoshlar markazi va 20 gektar maydonga ega bo‘lgan yoshlar bog‘i barpo etilib, tashkilot balansiga o‘tkazib berildi.
Faoliyatimni 2011-2013 yillar davomida “Kamolot” YoIH Markaziy Kengashida davom ettirdim va Namangan tajribasi o‘laroq, respublika darajasida shu kabi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etdim. Bu loyihalardan ko‘zga ko‘ringani respublika bo‘yicha yoshlar turizmini rivojlantirish maqsadida bir necha yillar davomida “Sputnik” nomi bilan faoliyat ko‘rsatgan, hozirda esa “Kamolot-turne” nomi bilan atalgan korxonani yangidan tashkil etganim bo‘ldi, 10 yillar davomida faoliyatdan to‘xtab qolgan ushbu korxonani qayta tiklab, direktor lavozimida ishladim.
Keyingi faoliyatimni 2014 yildan Chust tumanida tadbirkorlik qilish bilan davom ettirdim. 2 ta yangi yo‘nalishda tadbirkorlik korxonalarini tashkil etib, jami 10 nafar ish o‘rni hisobiga qo‘shilgan qiymat yaratish bilan o‘z loyihalarimni amalga oshirdim. Eng samarali loyiham pavloniya ko‘chatchiligi bilan shug‘ullanish orqali tumanimizda 5 gektar suvsiz va toshloq yerda yashil tabiat tashkil etishga o‘z hissamni qo‘shish bo‘ldi.
Yuqorida keltirilgan vazifalardagi asosiy yutuqlarni birma-bir sanab o‘tishdan maqsad esa hozirgi mahallabay tashkil etilgan siyosiy jarayonda yana bir marta katta sahnada ishlarni davom ettirish fikri tug‘ilganligi va tajribadan foydalanib, Chust tumanining markazida joylashgan Kamarsada mahallasidagi imkoniyatlarni ko‘rsatib berish, oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga ko‘makchi bo‘lish, Prezidentimiz ta’birlari bilan aytganda, “odamlarni rozi qilishga kirishish”dan iborat.
Aynan shuning hisobiga yangi ish o‘rinlarini yaratuvchi loyihalarni kredit orqali moliyalashtirish birinchi navbatda turgan asosiy masalalar sirasiga kiradi. Shuningdek, markazda azaliy oqova suv bilan bog‘liq muammoni bartaraf etishdagi harakatlar hududdagi barcha infratuzilma ob’yektlari, madaniyat va istirohat bog‘i, savdo do‘konlari, bozor hududi va ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish ob’yektlari foydalanuvchilariga katta yangilik bo‘lishi mumkin.
– Mahallangiz haqida batafsil ma’lumot bering. U qayerda joylashgan, qishloqda yoki shahardami, kattaligi qanday, mahalla ahlining ishlashi uchun qanday yirik korxonalar mavjud, mahalla aholisi asosan qaysi faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi?
– Mahalla Chust tumani markazida (Chust shahar hokimligi maqomi berilgan hudud) joylashgan bo‘lib, maydoni 80 gektardan iborat, 600 ta xonadon, 1 200 ta oilada jami 3 500 nafar aholi istiqomat qiladi. 2 ta markaziy va 8 ta oraliq ko‘chada jami 10 ta ko‘cha hamda 5 ta mahalla bilan tutash joylashgan bo‘lib, markaz ko‘cha bo‘ylarida 150 dan ortiq tadbirkorga tegishli savdo va xizmat binolari mavjud. Shuningdek, 4 ta maktab, 30 ta davlat tashkilotlari ma’muriy binolari ham mahalla hududida joylashgan. Mahallaning aksariyat aholisi ushbu hududdagi markaziy dehqon bozori va Chust oshi bilan mashhur bo‘lgan Mavlono Lutfulloh nomidagi istirohat bog‘ida savdo va xizmatlar faoliyatida band bo‘lishadi.
Turistik xizmatlar va savdolar ham mahallaning drayver yo‘nalishiga aylanib bo‘lgan. Mavsumda kuniga ushbu mahalla hududiga 5 000 nafar atrofida turistlar tashrif buyuradi. Bu ko‘rsatkich mavsum mobaynida 450-500 ming nafar sayyohlarni kutib olish va kuzatish imkonini beradi. Albatta bu aholi xonadonlarida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ishlarini tashkil etishda daromad manbai bo‘lib hisoblanadi.
Mahalla aholisi shaxsiy tomorqasidan chiqqan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini asosan o‘zi iste’mol qiladi.
– Mahalla aholisi bilan aloqa o‘rnatish qiyin kechmadimi, sizni qanday kutib olishdi, aholi bilan qanday muloqot o‘rnatdingiz, muammolar yuzasidan qancha murojaatlar tushmoqda, axborot platformasi faoliyati hamda muammolarni hal etishda mahalla aholisi bilan yaqindan aloqa qay tarzda yo‘lga qo‘yilgan?
– Birinchi navbatda tadbirkorlar bilan ishladim va shu bilan birga mahalladagi barcha muammolarga kirishib ketdim. Eng asosiysi, mahalla vakillari yetakchi topganday ergashishni boshladi. Bu – quvonarli, sababi umidsizlik yo‘qolmoqda. Natija so‘ralmoqda, muammo aytilmoqda, ishonch qaytmoqda.
Masalan, mahalladagi muammo va shikoyatlardan xabardor etish uchun Telegram guruhi ochilgan. Shuningdek, ilovada tadbirkorlik bo‘yicha “Kamarsada mahallamiz” nomli guruhni ham tashkil qilganman, u faqat maslahat va takliflar uchun platforma vazifasini o‘taydi.
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ning aniq ro‘yxatini shakllantirishda shaxsan o‘zim boshchilik qildim. Avvalambor o‘ziga yordam bera olmaydigan 7 ta xonadondagi qarovsiz – ehtiyojmand, nazoratsiz oilalar yoki yakka-yolg‘iz fuqarolarni “Temir daftar”ga kiritib oldim. “Ayollar daftari”ga esa 62 nafar boshpanasiz yoki boquvchisini yo‘qotgan ayollarni kiritishga e’tibor qaratdik.
Ijtimoiy ko‘mak oluvchilar daftariga kiritilgan yoshlar boqimandaga aylanib qolmasligi uchun ularning ko‘plarini atrofimda ustoz-shogirddek olib yurdim. Yozgi maktab ta’tilida 3-4 nafar boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarning farzandlari ustoz-shogird an’analariga xos tarzda oilaga ko‘makchi qilib tarbiyalashga jalb etildi.
– Hokim yordamchisi sifatida mahallangizda qanday tadqiqot va so‘rovlar o‘tkazgansiz. Iltimos, ularning natijalari haqida bizga batafsil ma’lumot bering, nimalarni aniqladingiz? Hududda aholining qaysi ijtimoiy guruhlari ko‘pchilikni tashkil qiladi, qancha kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, tadbirkorlik qay darajada rivojlangan? Mahallangizning “ijtimoiy portreti”ni raqamlar bilan ko‘rsatish mumkinmi?
– Xonadonlar va oilalarni o‘rganish jarayonida o‘tgan davrda pandemiya ta’siri tufayli mahalladagi ishsizlik va boqimandalikning o‘ta yuqori darajada oshib ketgani, fuqarolarning bir-biri bilan hamda tadbirkorlarning bank bilan munosabatlarida uzilishlar yuzaga kelgani, me’yordan ortiq darajada maqsadsiz kreditlarning tarqatilgani mahallani umumiy og‘ir vaziyatga olib kelib qo‘yganligiga guvoh bo‘ldim. Deyarli har 3 ta yoki bir xonadondagi 3 oila 2 nafar a’zosining maqsadsiz kreditlar olishi pandemiya sharoitidan chiqish vaziyatini yanada og‘irlashtirib qo‘ygan.
Buning oqibatida iqtisodiy jinoyatlar va kelishmovchiliklar, banklar bilan murosasizlik, qarzdor fuqarolarning qarzdan qutilish choralarini bartaraf etish imkoni deyarli yo‘q edi. Ko‘pchilik xonadonlar avvalgi kreditni yangi kredit olish yo‘li bilan to‘lash holatiga o‘tib qolgani juda achinarli edi.
Muammoni yechishning birdan-bir yo‘li – fuqarolarni mehnatga qaytish orqali qarzdorlikni bartaraf etish mumkinligi yoki serdaromad ish bilan band etish choralarini ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Xususan, hokim yordamchilariga onlayn kredit olish arizalarini tushuntirish orqali rad etish hamda o‘rniga yangi yo‘nalishda ish tashkil etish choralari haqida batafsil ma’lumotlar berish bilan shug‘ullandim. Kredit olish uchun topshirilgan jami 80 ta onlayn arizalarning aksariyati naqdlashtirish yoki maqsadsiz shaxsiy ehtiyoj uchun sarflanishi ma’lum bo‘lgach, shundan 12 nafar fuqaroga aniq maqsad sari tavsiya berildi.
Yana mahalladagi muammoli vaziyatlardan biri har 2 ta xonadonning birida kuzatiladigan holat bo‘lib, bu bir oila yashashi mumkin bo‘lgan sharoitda 2 yoki 3 oilaning yashashi, ayrim xonadonlarda esa 4 tagacha oila istiqomat qilishi turli mudhish voqealarga sabab bo‘lmoqda. Achinarlisi, o‘tgan yili tumanda sodir etilgan 4 ta qotillikning 2 tasi, tuman bo‘yicha jami firibgarlik jinoyatlarining 1/3 qismi mahallamiz ulushiga teng ekanligidir. Eng yomoni shundaki, bu muammo ortidan ayollar ajrashib, 2-3 nafar farzandi bilan ota uyiga qaytib kelyapti va yakka turmushlilik har 4 xonadonning birida ko‘zga tashlanmoqda. Chunki hech kim uydan yakka tartibda uy-joy qilib chiqishni xohlamaydi, markazda yashagisi keladi.
Bu borada esa viloyat hokimi bilan uchrashuv jarayonida mahalladagi bo‘sh va samarasiz maydonlar o‘rnida ko‘p qavatli uy-joylarni barpo etish, subsidiya kvotalarini ko‘paytirishga amaliy yordam so‘rab murojaat qilindi va nazoratga olindi. Mahallada umuman uy-joyga ega bo‘lmagan 30 oilaga 2022 yil yakuniga qadar bepul uy-joy ajratish bo‘yicha viloyat hokimining tegishli qarori qabul qilinishi juda samarali ish bo‘ldi.
– Aytingchi, mahalla ahlini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida qanday ishlar amalga oshirildi? Ishingizda kambag‘al uy xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash uchun qanday innovatsion va tayyor usullarni qo‘lladingiz? Ushbu uy xo‘jaliklari bilan ishlash natijalari haqida batafsil ma’lumot bering.
– Bu eng qiyin va qiziq vazifa. O‘tgan 6 oy mobaynida aholini kambag‘allikdan chiqarish qiyin masala, lekin drayver belgilash mumkin bo‘lgan sharoit yaratildi. Xonadonlarni o‘rganish jarayonida 2 nafar yosh vakilning harakatlari va tashabbuslari shaxsan meni qiziqtirib qo‘ydi.
Birinchi loyiha doirasida xonadon sharoitida bedana boqish va kuniga 100 ming so‘m sof foyda olish loyihasi. Qahramonimiz G‘iyosiddin o‘z uyida o‘tirib, ijtimoiy tarmoqdan inkubator yasashni o‘rganib olibdi va o‘z qo‘li bilan 400 ta bedana tuxumi ochtiradigan ajoyib biznes o‘ylab topgan. O‘zi dastlab ochtirgan bedana tuxumlari hozirda tuxumga kirgan va kuniga 200 dona tuxumning donasini 350 so‘mdan jami 70 ming so‘mga sotmoqda. Bu uning asosiy daromadi emas, balki inkubatori orqali bir oyda aholidan 800 ming so‘mgacha pul tushirmoqda. Bu degani, bir loyiha orqali xonadon barcha xarajatlardan tashqari bir oyda 3 mln so‘m daromad topmoqda.
Ikkinchi loyiha qahramoni Shohjahon Safayev 17 yoshli bo‘lishiga qaramay, o‘z xonadonida 500 dona baliq boqish uchun 3x4 hajmda hovuz qilgan va sinovdan o‘tkazgan. Natija yomon emas, bir mavsumda 500 ta baliq boqishdan o‘rtacha 10 mln daromad olgan. Bu maktab bitiruvchisi uchun yaxshigina natija.
Bu baliq inkubatsiyasini qurish va kambag‘al oilalarga arzon lichinka yetkazib berish loyihasi bo‘lib, u bitta xonadonda bor-yo‘g‘i 2000 so‘mlik 500 dona Afrika laqqa balig‘i lichinkasini 1 mln so‘mga yetkazib berish orqali o‘sha xonadonda 6 oyda 12-15 mln so‘m sof foyda olish imkoniyatini beradi. Bu albatta katta tajriba ham, xarajat ham talab etmaydi, yemish ham qimmat va noyob emas. Buning uchun 3/4 hajmda 2 metr chuqurlikdagi suvni yangilash imkoni bo‘lgan hovuz bo‘lsa kifoya.
Yuqoridagi har ikki loyiha kamxarj hamda betalofat oddiy biznesdir. Buning uchun biz odamlarni o‘sha xonadonga 2-3 marta yetaklab borsak bo‘ldi, qolganini o‘zlari qiziqib, o‘rganib olishadi.
Xonadon sharoitida bedana va baliq boqish loyihasiga yana 1 yoki 2 loyihani qo‘shsak, albatta bir kambag‘al oilani 1 yilda o‘rta emas, boy xonadon tarkibiga kiritish mumkin bo‘ladi.
Baliqchi oila vakiliga hozirda inkubatoriyani tayyor holga keltirishda 330 ming dona Afrika laqqasi lichinkalarini sotib olish uchun 33 mln so‘m kredit rasmiylashtirildi. Shu xonadonning loyihasi orqali kamida 2000 xonadon lichinka bilan ta’minlanib, baliqchi xonadonlarga aylantirish imkoni yartilishi kutilyapti, xonadonning o‘zi bu ishdan 1 mlrd so‘m daromad olishini va bu xonadondan tarqatilgan lichinkalar tayyor baliq xoliga kelgandan so‘ng aholi tumanda 10 mlrd so‘m yalpi daromad topishini prognoz qilish mumkin.
Bu kabi loyihalar hamda yangi yo‘nalishda turizm va xizmatlar, xonadonda ochilgan restoran va kafelar, dasturlovchi talabalarni onlayn o‘qitish biznesi kabi yangi loyihalar ishlab chiqish ishlari rejaga kiritildi.
– Mahallaning barqaror rivojlanishida transport, energetika, kommunal, ijtimoiy va boshqa infratuzilmalarning mavjudligi va holati muhim ahamiyatga ega. Bu borada mahallangizdagi muammolarni qanday tavsiflab bera olasiz va ularni hal etish, mahallangizni obodonlashtirish borasida qanday ishlar olib boryapsiz?
– Mahallaning azaliy muammolaridan biri tadbirkorlik sub’yektlarining va aholining aksariyat bahorgi mavsumda yog‘ingarchilik paytida irrigatsiya tizimining nosozligi natijasida sel va toshqin zararlari muammosi bo‘lsa, kanalizatsiya tizimining umuman yo‘qligi oqibatida esa ekologik vaziyatning yildan-yilga og‘irlashib borishi Chust tumaniga keluvchi mehmonlarga xizmat ko‘rsatishda bir qator noqulayliklar tug‘dirib, ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘lar edi. Bu borada ham Prezidentimiz tomonidan Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki mablag‘lari hisobiga 70 mln dollarlik kredit ajratilib, joylarda mahalla hamda jamoatchilik ishtiroki, nazorati ostida ushbu mablag‘lardan samarali foydalanish uchun bir qator takliflar ishlab chiqildi. 5,5 km uzunlikda yangi oqova suv tarmog‘ining qurilishi hamda 1,5 km uzunlikda toza ichimlik suvi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha aniq takliflar loyihachilarga taqdim etildi. Buning natijasida 50 ga yaqin xonadonda sel va toshqindan aziyat chekuvchi oilalarning muammosi hal etilishi hamda bog‘ning sanitariya-gigiyenik holatini yaxshilash rejalashtirilgan.
Kamarsada mahallasidagi Maysali ko‘chasi fuqarolari, aniqrog‘i oqsoqollari shaxsan bir muammo bilan menga murojaat qilishdi. Gap shundaki, ko‘cha boshi serqatnov va ko‘chadan katta yo‘lga chiqish transport oqimi kattaligi sababli o‘ta mushkul. Buning natijasida avtohalokatlar, ayniqsa, maktab o‘quvchilari ishtirokida ko‘ngilsiz holatlar bo‘layotgani murojaatdan ma’lum bo‘ldi. Eng qizig‘i, ushbu masala tumanning oldingi rahbarlari darajasigacha olib chiqilgan, biroq yechilmagan. Avval aholining takliflarini eshitdim va sektor rahbari (Ichki ishlar bo‘limi) qabulida muhokama qilish va yechim topish jarayonida barcha mas’ullar masala muhokamasiga qo‘shildi. Masala ijobiy hal etildi. Bunga yordam sifatida infratuzilma tashkilotlaridan simyog‘ochlar yangilanib, tungi yoritgichlar o‘rnatib berildi.
– Faoliyatingiz davomida mahallada nimalar o‘zgardi, aholining bunga munosabati qanday? Ularning hokim yordamchilari institutiga va umuman “mahallabay” tizimiga ishonchi ortdimi?
– Mahallada dastlab ishga kirishish jarayonida fuqarolarning davlat xizmatlaridan noroziligini davlat xizmatchisi bilan bir muammo yechilishidan umidsizligi ko‘rsatib qo‘yar edi, fuqarolar bilan davlat o‘rtasida hokim yordamchisidek ko‘prik zarurligini Prezidentimiz to‘liq anglay olganlar. Pastdagi buyruqbozlik, korrupsiyaga barham berish borasida mana shu ko‘prik samara berishi uchun qaror qabul qilganliklarini 8 oylik natijadan odamlarning ishonchi qaytganidan ko‘rish mumkin. Fuqarolarning oddiy masalasi murakkab muammoga aylanib ketishi mumkinligi, kichik masalaga beparvolik xonadonlarni parokanda qilib yuborishini o‘tgan davr xulosalari ko‘rsatdi.
Lekin bu tizimdan norozilar va tizimga qarshilar ham yetarli. Yaqqol misol, bank xodimlari va rahbariyatining kreditlarni chiqarmay, byurokratik vajlarni o‘ylab topib chalg‘itishi hisobiga juda ko‘p fuqarolar nazdida hokim yordamchisi aybdordek bo‘lib qolmoqda. Keyinchalik bu masala ham tartibga tushdi, lekin baribir muammo to‘la-to‘kis bartaraf etilmasdan kelmoqda.
Shuningdek, hozirgi tizimda xato va kamchiliklar mavjud. Misol uchun, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi ish tizimini muvofiqlashtiruvchi baza yo‘qligi sababli mahalla fuqarolarining muammolarini muvofiqlashtiruvchi tizim to‘xtadi. Masalan, kotib shtatini yo‘lga qo‘yish orqali kunlik amalga oshirilgan ishlarni rasmiylashtirish va elektron bazaga kiritib borish, jumladan navbat tizimini tartibga solish bo‘yicha mahalla platformasini ishga tushirish mumkin.
Mahalladagi fuqarolar juda ko‘p marotaba telefon orqali bir masala yoki muammo bo‘yicha murojaat qilishadi. Qaysidir murojaat o‘rinli, qaysidir biri o‘rinsiz bo‘lishi mumkin. Hokim yordamchisi hokimiyat vakili sifatida barcha muammolarni eshitishi zarur bo‘lmoqda. Misol tariqasida, bir xonadonga kirilsa, bu yerdan bir soat oralig‘ida chiqib ketishning iloji yo‘q.
Hozirda 50 foiz xonadon to‘liq o‘rganilgan bo‘lsa, 30 foiz xonadonning asosiy vakili bilan to‘liq aloqada bo‘lish imkoni yo‘qligi (doimiy ish bilan band) va qolgan xonadonlar vakillari uyiga borishimizni kutmay, mahalla idorasiga qidirib kelishi juda katta yig‘ilib qolgan muammolar mavjudligini ko‘rsatib qo‘ydi.
– Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?
– Bu sohadagi holatga baho berish juda qiyin yoki bartaraf etish juda ko‘p yillarni talab etadi. Yaqqol misol, kredit, yer ajratish, subsidiya berish tartibiga e’tibor bersak-da, bu holat qaytarilishi to‘xtamayapti. Ayniqsa, kreditlash va moliyalashtirish masalasi bank tizimidan mahallaga olinmas yoki qat’iy jazo tartibi yo‘lga qo‘yilmas ekan, jinoyatlar ortib boraveradi. Chunki oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishida beriladigan kreditlar onlayn mahalla platformasi orqali barcha masalalar, ya’ni ariza berish, tavsiya berish, tavsiyaga shartnoma tuzish, uning uchun davlat xizmatlari orqali elektron kalit olish, shartnoma bo‘yicha monitoring o‘tkazish va platformaga joylash, olinadigan tovarlarni shartnoma hisob-fakturasi orqali tasdiqlash, dalolatnoma rasmiylashtirish, dalolatnomani hokim, uning yordamchisi tomonidan tasdiqlash va shu kabilar tadbirkorni o‘ta qiyin va og‘ir vaziyatga tushirib qo‘ymoqda. Bu innovatsiya tadbirkorga foyda keltirish o‘rniga ma’naviy zarar yetkazmoqda. Taklifim – shuncha ovoragarchilik o‘rniga birgina bank plastik kartasi orqali uning hisobiga naqd pul chiqarilsa, bu muammo hal bo‘lishi mumkin.
Yana bitta masala, auksion orqali beriladigan tomorqa yerlari ajratishda ham tushunmovchiliklar juda ko‘p, yerga qiziqqan insonga 10 sotix yer kamlik qiladi. Bu vakolatni mutlaq belgilashni hokim yordamchisi ixtiyoriga berish kerak. Aksincha, bu tuman va viloyat hokimligi darajasida belgilab qo‘yiladigan bo‘lsa, yerga nisbatan munosabat o‘zgarishsiz qolaveradi.
Shuningdek, biznes takliflarni saralovchi dasturni yaratish zaruriyati ham mavjud. Mahalla doirasida kambag‘allikka qarshi nega aynan faqat quyon, sigir, qo‘y tarqatib kurashish kerak? Nega turizm va xizmatlar, uy-restoran va kafelar, dasturchilarni onlayn o‘qitish biznesi kabi yangi loyihalar ishlab chiqilmayapti? Shu masalalarni ham jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak.
Izoh qoldirish