Xalq deputatlari Toshkent shahri Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida murakkab va tahlikali zamonda yashayotganimiz, Yaqin Sharqdagi va asosiy hamkorlarimiz o‘rtasidagi mojarolar yechim topmayotganini, shu jumladan Moskva viloyatidagi mudhish terakt oqibatida xalqaro vaziyat yanada jiddiy tus olayotganini qayd etdi.
Bunday murakkab sharoitda iqtisodiyotimizga, aholi daromadlariga salbiy ta’sirni kamaytirish eng muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlandi. Buning uchun mahallaning iqtisodiy zaminini mustahkamlash, odamlar daromadini ko‘paytirish uchun mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish zarurligi qayd etildi.
Prezident poytaxtda hali ishga solinmagan imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi. Jumladan, 979 ta yer uchastkasini auksionga chiqarish, qishloq xo‘jaligidan sanoat va aholi punkti toifasiga o‘tgan 175 gektar yerlarni tadbirkorlarga berish orqali yangi loyihalarni amalga oshirish mumkin.
Poytaxtdagi korxona va tashkilotlarda mavjud 98 ming bo‘sh ish o‘rni – aholi bandligini ta’minlash uchun ishga solinmagan imkoniyatlardan biri. Bundan tashqari, Yangihayot tumanida 764 gektar yerda tashkil etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida yana o‘n minglab ish o‘rni yaratish imkoniyati bor.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi
Prezident Toshkent shahri hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Shavkat Buronovich Umurzoqov nomzodini tavsiya etdi.
Shahar hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Shavkat Umurzoqov Toshkent shahri hokimi etib tasdiqlandi.
Davlatimiz rahbari xalq vakillari bildirgan bu yuksak ishonch yangi hokimdan katta mas’uliyat, tinimsiz mehnat va fidoyilikni talab qilishini ta’kidladi.
Yangi hokim o‘z o‘rinbosarlari, tuman hokimlari, sektor va bank rahbarlari, “mahalla yettiligi” bilan poytaxt aholisi uchun munosib sharoit yaratish, investitsiya olib kelib, yangi-yangi yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirish, shaharni yanada obod qilish, bir so‘z bilan aytganda, odamlar rozi bo‘lishi uchun yangicha yondashuv asosida katta marralarni olib, qattiq ishlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezident aholi daromadini oshirish bo‘yicha qanday ishlash zarurligini Yunusobod tumani misolida tushuntirdi
So‘nggi yetti-sakkiz yilda poytaxtda, shu jumladan Yunusobodda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Masalan, bu davrda tumanga 1 milliard 700 million dollar xorijiy investitsiya kiritildi, korxona, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari 3,5 mingtaga, ish o‘rinlari 20 mingtaga ko‘paydi.
Tumanda 6 ming xonadonli yangi uy-joylar qurildi, 8 mingta yangi o‘quvchi o‘rni tashkil qilindi, 3 ta oliygoh ochildi. Xususiy bog‘cha, maktab va shifoxonalar soni bo‘yicha ham Yunusobod poytaxtdagi yetakchi tumanlardan biriga aylandi.
Shu bilan birga, Yunusobodni chekka qismi bilan poytaxtning markaziy qismidagi mahalla o‘rtasidagi farq juda katta ekani, aholi daromadi va yaratilgan sharoit bo‘yicha vaziyat bir xil emasligi ta’kidlandi.
Masalan, tumandagi ayrim oilalar oylik daromadini faqat kun kechirishga sarflayapti. Ular o‘zi va farzandlari kelajagiga investitsiya kiritish uchun mablag‘ ajrata olmaydi.
Iqtisodiy kompleks tashkilotlarida bu borada tahlil yo‘qligi, turli moliyaviy instrumentlar orqali bu oilalar daromadini oshirishni o‘ylab ko‘rmagani qayd etildi.
Prezident poytaxtdagi 12 ta tuman bir-biri bilan tutashib ketgani, ularni iqtisodiy chegarasi yo‘qligi bois tadbirkorlarga sharoit yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha boshqacha yondashuv kerakligini ta’kidladi.
Shu bois, banklar filiallari faqat mijozni hisob raqamiga xizmat ko‘rsatuvchi emas, balki o‘zining yirik mijozlari va tumandagi mahallalarni bog‘laydigan ko‘prik bo‘lishi muhimligi qayd etildi.
Misol uchun, faoliyatini kengaytirish hamda aylanma mablag‘ uchun kredit olish va ish o‘rni yaratishga tayyor mijozlar ko‘p. Banklar zamonaviy fikrlab, shunday mijozlar bilan ishlashi, ularni yiriklashtirishga ko‘maklashishi maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
Bank filiallari tadbirkor mijozlarga kredit berayotganda fuqarolarni ishga olish sharti bilan kredit foizini kamaytiradigan tizimni joriy qilish taklif qilindi.
Yangi tizimga ko‘ra, endilikda banklar tadbirkorlar ish o‘rni yaratganidan keyin ularga berilgan kredit foizini tushirib boradi.
Hokim yordamchilari esa ishsizlarni tadbirkorni talabi asosida o‘qitadi.
Yunusobod poytaxtni eng qulay qismida joylashgani uchun kredit olmasdan, o‘z sarmoyasini kiritib, ish o‘rni yaratishga intilayotgan tashabbuskorlar juda ko‘p. Lekin, ularni eng qiynaydigan masala – tumanda bo‘sh joy topish.
Masalan, Amir Temur shoh ko‘chasi so‘nggi yetti yilda tadbirkorlar uchun eng jozibador ko‘chaga, hududni o‘sish nuqtasiga aylandi. Lekin ko‘chani 6 kilometr qismida eskirgan qiyofadagi 3-4 qavatli 8 ta davlat idoralari joylashgan.
Bu binolarni yerosti avtoturargohi bor ko‘p qavatli savdo, xizmat va ovqatlanish ob’yektlari, ofis va mehmonxona shaklida qayta qurish sharti bilan loyihalar amalga oshirilsa, tadbirkorlar va ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish mumkinligi qayd etildi.
Shunday loyihalarni bank filiallari o‘rnida hamda davlat tashkilotlari egallab turgan 24,5 gektar negizida ham amalga oshirish mumkin.
Prezident yer o‘ta cheklangan sharoitda bor infratuzilmani vertikal o‘stirish orqali sanoat va savdoni rivojlantirish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.
Masalan, yirik bozorlarni qavat-qavat usulda kengaytirish, Yunusobod kichik sanoat zonasidagi binolarni 3-4 qavat qilib qayta qurish hisobiga qo‘shimcha maydonlarni hosil qilish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.
Vazirlar Mahkamasiga unumli foydalanilmayotgan davlat ob’yektlarini xatlovdan o‘tkazib, ularni o‘rnida sanoat va xizmatlarda yuqori daromadli ish o‘rni yaratadigan loyihalarni joylashtirish dasturini tasdiqlash topshirildi.
Ijtimoiy sohada xususiy sheriklik loyihalarini ko‘paytirish orqali ham ish o‘rinlarini yaratish mumkinligi ta’kidlandi.
Masalan, tumandagi 7-sonli shahar shifoxonasi uchun 200 o‘rinli yangi bino qurish cho‘zilib kelayapti. Yangi bino ishga tushsa, undan bo‘shaydigan 4,7 gektarda xususiy sheriklik asosida koreyalik investorlar 160 million dollarlik 420 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli klinika qurish tashabbusini bergan.
Mutasaddilarga shahar shifoxonasi qurilishini jadallashtirishga ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, tumandagi 44 ta maktabni o‘tgan yili 4 ming 400 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lib, 1 mingtasi IELTSdan yuqori ball olgan. Ulardan 3,5 mingtasi yoki 78 foizi oliygohlarga kirgan.
Bunday natijaning sabablaridan biri – maktablarni 2-3 tadan sinf xonasi shartnoma asosida xususiy o‘quv markazlariga darsdan keyin foydalanish uchun berilgan.
Bu tajribani kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Yunusobodda o‘tkazilgan bir hafta o‘rganish davomida 600 million dollar investitsiya jalb qilish, 35 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish uchun imkoniyatlar aniqlangani qayd etildi.
Ushbu salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun iqtisodiy kompleks rahbariyatiga yangi yondashuv asosida aniq loyihalarni ishlab chiqish va joylashtirish vazifasi qo‘yildi.
Shahar hokimiga xorijdagi yirik shaharlarning sanoat, infratuzilma, tadbirkorlik, kommunal sohalaridagi ijobiy tajribasini Toshkentda joriy qilish topshirildi.
Davlatimiz rahbari yana bir muhim masalaga to‘xtalib o‘tdi
Tabiat uyg‘ongan bugungi kunlarda hamma joylarda mevali va manzarali daraxtlar, gul, rayhon ko‘chatlari ekish jadal ketmoqda.
Toshkent shahridagi 585 ta mahallada ham daraxt va gullar ekish, hududni obodonlashtirish, sharoiti og‘ir oilalar, yolg‘iz qariyalar, imkoniyati cheklangan odamlarni holidan xabar olib, ularni ko‘nglini ko‘tarish muhimligi ta’kidlandi.
Shu ma’noda, davlatimiz rahbari mahallalar o‘rtasida tanlov o‘tkazib, yil yakuni bilan eng namunali mahallaga Prezident sovg‘asi sifatida elektromobil sovg‘a qilish tashabbusini bildirdi.
Yig‘ilish davomida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti, jamoatchilik vakillarining fikr va takliflari tinglandi.
Izoh qoldirish