14 iyun kuni Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirokida brifingda O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligida quriladigan GES haqida batafsil ma’lumot berildi.
- O‘tgan besh yil davomida Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi boshqa sohalar qatori gidroenergetika sohasida ham hamkorlik sifat nuqtai-nazaridan ijobiy tomonga o‘zgardi. Tojikiston xududidagi Zarafshon daryosida GES qurish masalasini o‘rganishga ikki mamlakat rahbarlari 2018 yilda topshiriq bergan edilar. Prezidentimizning Tojikistonga bu galgi tashrifi doirasida aniq bir hujjat - Zarafshon daryosida ikkita GES qurish loyihasi bo‘yicha qo‘shma aksiyadorlik jamiyati tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi. Jamiyatga yuklatiladigan vazifa mazkur loyihani amalga oshirish uchun tegishli barcha o‘rganishlar o‘tkazish hamda loyihani texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi. Hozircha bu inshootlar qurilishining smetasi haqida gapirishga erta, avval texnik va iqtisodiy asoslar o‘rganib chiqilib, keyin bir to‘xtamga kelish mumkin. GES qurilishi natijasida 1 milliard 400 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘ladi. O‘zbekistonning o‘z ehtiyojlari uchun Tojikistondan qo‘shimcha elektr energiyasini yetkazib berish imkoniyatlari yanada kengayadi, o‘z navbatida, Tojikistonda ham elektr ta’minoti yaxshilanadi. Tojikistonga qilingan tashrif davomida har ikki davlat rahbarlari tomonidan bitimning ijrosiga o‘sha kundan e’tiboran kirishish lozimligi haqida tegishli vazirliklarga jiddiy topshiriq berilgan.
Shuningdek, Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga qilgan tashrifi chog‘ida ikki mamlakat Prezidentlari o‘rtasida tuzilgan transport sohasidagi hamkorlik bo‘yicha erishilgan kelishuvlarga to‘xtalib o‘tdi.
- Davlatimiz rahbarining Tojikistonga tashrifi doirasida transport va tranzit sohalarida keng hamkorlik qilishga kelishib olindi. Jumladan, ikki mamlakat transport vazirlari tomonidan O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali yuklar tranziti to‘g‘risida bitim imzolandi. Shuningdek, O‘zbekiston va Tojikiston transport va tranzit sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, temir yo‘l, avtomobil va havo transportida tashishlarni ko‘paytirish uchun bundan buyon ham qulay sharoit yaratishga kelishib olindi. Jumladan, avtomobil transporti qatnovlari kengaytiriladi, avtobuslar qatnovi va temir yo‘l orqali yo‘lovchilarni tashish qayta tiklanadi. Yuk tashishlar uchun preferensiyalar taqdim etish davom ettiriladi.
Izoh qoldirish