Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2 dekabr kuni qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish va aholini uy-joy bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Yig‘ilishda davlat rahbari odamlarga oson bo‘lishi uchun yangi uylar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ularni rasmiylashtirish, subsidiya va kredit ajratish xizmatlarini bir joyda tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
“Maqsadli ipoteka omonati” mexanizmi joriy etilishi belgilandi. Bunda “xaridor – bank – quruvchi” o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Xaridor bank orqali quruvchini moliyalashtiradi, bank esa uyning xaridorga vaqtida topshirilishiga kafil bo‘ladi.
Shuningdek, pudratchilarga qurilishi tugallanmagan, tom qismi yopilgan ko‘p kvartirali uy-joylarni kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yishga ruxsat beriladi. Tadbirkorlik jamg‘armasi tomonidan qurilish tashkilotlariga kafillik va kompensatsiya to‘lash muddati uzaytiriladi.
Reytingi yuqori bo‘lgan pudratchi tashkilotlarga yerni auksiondan sotib olish to‘lovining avval 30 foizini, qolgan summani esa 12 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Mutasaddilarga ushbu qulayliklarni hayotga tatbiq etish, aholi va tadbirkorlarga keng tushuntirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.
Bosh prokuraturaga qurilish narxlarini asossiz oshirish, raqobatni buzish, tasdiqlangan loyihalarni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ymaslik ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Yig‘ilishda qurilish materiallari narxini arzonlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bunda klaster usuli samarali ekani qayd etildi.
Masalan, Toshkent va Navoiy viloyatlarida shunday klasterlar tashkil etilgan bo‘lib, qurilish konstruksiyalarining 80 foizini o‘zida ishlab chiqaradi va pudrat ishlarini ham o‘zi bajaradi. Natijada uyning 1 kvadrat metri tannarxi 3,5 million so‘m bo‘lmoqda. Bu boshqa quruvchi korxonalarnikiga nisbatan 20 foiz arzon.
Shu bois har bir hududda qurilish klasterlari tashkil etish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
– Infratuzilma xarajatlarini qisqartirish uchun bu klasterlarni mavjud xomashyo yoki yirik korxonalar atrofida tashkil etish kerak. Masalan, G‘ozg‘onda tashkil etilgan klaster samarasini ko‘rsatdi. Xuddi shunday, O‘zbekiston tumanida 11 ta sement, gipsokarton, gazoblok, temir-beton, metall buyumlar, quruq qorishmalar korxonalari ishga tushirilmoqda. Ularning yonida logistika, ilm va innovatsiya markazlari, zamonaviy laboratoriya tashkil etib, bozorni o‘rganishni birlashtirsa, eksport va ichki bozorlarda raqobatdosh klaster paydo bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xorijiy ekspertlar xulosasiga ko‘ra, bunday imkoniyat Forish, Sariosiyo, Buloqboshi, Qorovulbozor, Paxtachi, Chust, Ohangaron kabi tumanlarda ham bor. Shu bois mutasaddilarga 24 ta tumanni qurilish materiallariga ixtisoslashtirib, loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Kelgusi yilda mazkur tumanlarda geologiya ishlarini o‘tkazishga 100 milliard so‘m, yangi tashkil etiladigan klasterlar infratuzilmasiga 200 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Shuningdek, qurilish klasterlariga aylanma mablag‘ uchun 10 milliard so‘mdan revolver kreditlar, zamonaviy texnika va uskunalar sotib olish uchun 2 million dollarlik uzoq muddatli kreditlar hamda 2 yilga bojxona imtiyozlari beriladigan bo‘ldi.
Ma’lumki, qurilish sifati va muddati ko‘p jihatdan ishlatilayotgan materiallarga bog‘liq. Lekin bugungi kunda yurtimizda zamonaviy qurilish materiallarini qo‘llash 25 foizga ham yetmaydi. Aslida, zamonaviy materiallarni ishlatish hisobiga qurilish muddatini 30 foizga, tannarxni esa 20 foizga kamaytirish mumkin.
Qurilish vazirligiga innovatsion, energiya tejamkor materiallarni shaharsozlik me’yor va qoidalariga kiritish, uy-joylar barpo etishda ulardan foydalanishni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Arxitektura va qurilish yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarini transformatsiya qilish, malakali kadrlar tayyorlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.
Izoh qoldirish