Ko‘chmas mulk bozori tahlili shuni ko‘rsatdiki, bir oy ichida O‘zbekistonda uy-joy savdosi 30%ga oshgan. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari buni joriy yilning avgust oyida ipoteka kreditlash hajmining keskin o‘sishi bilan izohlashmoqda, bu esa o‘z navbatida barcha hududlarda sotuvlarning ijobiy dinamikasiga ta’sir ko‘rsatdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozoridagi talab o‘zgarishlari doimiy ravishda tahlil qilib kelinmoqda.
2022 yil avgust oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni 26,5 mingtani tashkil etdi, bu joriy yilning iyul oyiga (20,3 ming) nisbatan 30%ga (+6,2 ming) ko‘p.
Yil boshidan buyon uy-joy savdosining o‘sishi 8,5%ni (172,7 ming) tashkil etdi.
1-rasm. Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni o‘zgarishi
Avgust oyida ipoteka kreditlash hajmining iyul oyiga nisbatan 37%ga keskin o‘sishi (1,1 trln. so‘mdan 1,5 trln. so‘mgacha) barcha hududlarda savdo hajmining ijobiy dinamikasiga ta’sir ko‘rsatdi.
Qoraqalpog‘istonda 2,3 barobar, Samarqand 75% va Jizzax viloyatlarida 41% yuqori o‘sish sur’atlari qayd etildi.
2021 yil avgust oyi bilan taqqoslaganda ko‘chmas mulk oldi-sotdi bo‘yicha shartnomalar soni 22%ga (4,7 mingta) oshdi .
Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlarning o‘zgarishi
Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yil avgust oyida ikkilamchi bozorda uy-joy o‘rtacha narxlari o‘sishi oyiga 0,5%ni tashkil etdi (iyun oyida – 2,7%, iyul oyida-2,5%).
Uy-joy narxining sezilarli o‘sishi Xorazm – 6,1%, Qashqadaryo – 1,9% va Farg‘ona -1,8% viloyatlarida kuzatilmoqda.
2-rasm. Toshkent shahri va viloyat administrativ markazlarida ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar o‘zgarishi (1 kv metr uchun AQSh dollarida)
Uy-joy narxining pasayishi Surxondaryo – 5,3%, Andijon – 2,1%, Sirdaryo - 1,2% va Navoiy -1,1% viloyatlarida qayd etildi.
Toshkent shahrida ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlar o‘sishi biroz sekinlashdi va 1,4%ni tashkil etdi (iyun oyida 2,4%, iyul oyida 2,9%). Uy-joy narxining eng katta o‘sishi Chilonzor, Olmazor va Shayxontohur tumanlarida qayd etildi. Sergeli tumanida narxlarning pasayishi kuzatildi.
3-rasm. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni
Shu bilan birga, yil boshidan buyon poytaxtda uy-joy o‘rtacha narxlari 13%ga (respublika bo‘yicha 7%) oshdi, bu uy-joyga bo‘lgan talabning, shu jumladan, chet el fuqarolarining kirib kelishi ortib borayotganidan dalolat beradi.
tel: (78) 150 02 02 (417)
Izoh qoldirish