Prezident Sayxunobodda nimalar haqida gapirdi, rahbarlarning lavozimidan olinishining sababi nima?

Prezident Sayxunobodda nimalar haqida gapirdi, rahbarlarning lavozimidan olinishining sababi nima?

Sayxunobod tumanida Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Yig‘ilish avvalida davlatimiz rahbari nega aynan shu tumanga kelganini izohladi.

Sayxunobod aholisi yaxshi yashashga, daromadli bo‘lishga, bolalarini o‘qitishga intilayotgani, lekin tumandagi og‘ir iqtisodiy ahvol bunga to‘sqinlik qilayotgani qayd etildi.

Tadbirkorlik, bandlik, kambag‘allikdan chiqarishga katta-katta mablag‘lar ajratilayotganiga qaramay, Sayxunoboddagi 19 ta mahallada yashaydigan 83 ming aholini qanchasiga bu imkoniyatlar yetib borayapti, degan savol ochiq qolmoqda.

Shuning uchun bugungi yig‘ilish tomorqa va uy xo‘jaliklarini rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishda nafaqat Sayxunobod, balki butun mamlakatimiz uchun tub burilish yasaydi.

Joylardagi va respublika darajasidagi rahbarlar Sayxunoboddagi ahvolni yaxshilashga e’tibor qaratmagani, pastga tushib ishlamagani, faqat yig‘ilish o‘tkazish bilan cheklangani tanqid qilindi.

Misol uchun, tumanda 2 ming 400 ta ishsiz bor, kambag‘allik darajasi – 14 foiz, mahalliy byudjet tushumi 27 milliard so‘m, xarajati 67 milliard so‘m.

“Bir so‘z bilan aytganda, Sayxunobodda tadbirkorlik o‘smayapti, Yangi O‘zbekiston nafasi sezilmayapti”, dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, Sayxunobod tumani hokimi va uning birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, o‘rniga zamonaviy rahbarlar qo‘yildi.

Bugungi yig‘ilish 14 ta hudud, 208 ta tuman va shahar hokimlari, ularni o‘rinbosarlari, banklar, “mahalla yettiligi” uchun saboq bo‘lishi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari tumandagi muammolarni sanab, ularning yechimlarini belgilab berdi.

Eng avvalo, tumanda tadbirkorlikni rivojlantirishda banklarning o‘rni sezilmayotgani qayd etildi. Vaholanki, davlat ularga katta resurslar ajratmoqda.

O‘tgan yili mahalladagi tadbirkorlik uchun Sayxunobodga 120 milliard so‘m berilgan. Tuman tadbirkorlari o‘tgan yil soliqdan 85 milliard so‘mlik imtiyoz olgan.

Lekin bu mablag‘lar ish o‘rinlariga aylanmayotgani, kambag‘allikni qisqartirishga ta’siri sezilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Xususiy sektorda yaratilgan rasmiy ish o‘rni bor-yo‘g‘i 968 taga ko‘paygan.

Ya’ni, banklar faqat qaytimni o‘ylab, oson yo‘l bilan resurslarni doimiy mijoziga berayapti. “Men ham tadbirkor bo‘lay, mahallada ish o‘rni yaratay”, degan oddiy odamlar chetda qolib ketayapti. Ularga tayyor loyiha paketlari berilmayapti.

Sayxunobodda 2023 yilda ishlab chiqarish hajmi deyarli o‘smagan.

Mutasaddilar korxonalarga aylanma uchun pul berib, mahsulotni ko‘paytirishga e’tiborsiz bo‘lgani qayd etildi.

Bugungi kunda tumanda 1 million so‘mlik mahsulot yaratish uchun o‘rtacha 126 kilovatt-soat elektr sarflanayapti. Bu – viloyatni qolgan tumanlaridan 2 karra ko‘p.

Sababi – 19 ta mahalladan 16 tasida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan birorta ishlab chiqarish yo‘q.

Vaholanki, tumandagi tayyor infratuzilmasi bor 16 ta bino va inshoot qimmatligi uchun bir yildan buyon sotilmay tashlandiq yotibdi. Yana uzoq yillardan beri bo‘sh turgan 5 ta ob’yekt auksionga chiqarilmagan.

Tumandagi birorta mahallada xom ashyoni yetkazish, borini qayta ishlash, odamlarni mahsulot ishlab chiqarishga o‘rgatish va kooperatsiya qilish bo‘yicha tayinli ish olib borilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Bu borada mahalliy sanoatga mas’ul 13 ta uyushma Sayxunobodga 2023 yilda biror marta kelmagan. Bu yil uchun ham reja qilmagan.

Tumanni eng katta zaxirasi ham, imkoniyati ham – yer. Masalan, Sayxunobod – aholi tomorqasi 20 sotixdan ortiq bo‘lgan 26 ta tumandan biri. Lekin buning 10 foizi ishlatilyapti, asosiy ekin – beda bilan makka bo‘lib qolgan.

Sayxunobodning 19 kilometr hududidan Sirdaryo oqib o‘tgani uchun, “suv tekin” degan tushuncha o‘rnashib qolgan.

Tumanda 89 ta sholichilik fermer xo‘jaligida na lazerli tekislagich, na hisob-kitob bor. Shu o‘rinda, tumandagi 3 ming gektar sholi maydonlarida hosildorlik gektariga atigi 50 sentnerni tashkil qilmoqda.

Kanallarni betonlash rejasi 61 foizga bajarilgan, xolos. Bu viloyatdagi eng yomon ko‘rsatkich.

Prezident aytilgan muammolarning yechimlarini belgilab berdi.

Eng avvalo, Sayxunobodda 17 mingta xonadonda tomorqani ishga solish, kichik sanoat va xizmatlarni yo‘lga qo‘yish orqali, aholini daromadli qilish vazifasi qo‘yildi.

Mas’ullar 19 ta mahalla va 794 ta ko‘chani nomma-nom bo‘lib olib, bu yil tadbirkorlik uchun beriladigan 200 milliard so‘m hisobidan ularni har biriga texnik iqtisodiy asos ishlab chiqadi.

Bunda, mahallani “drayver” yo‘nalishidan kelib chiqib, tumandagi 17 mingta xonadon kesimida tomorqada qancha, sanoatda qancha, savdo va xizmatlarda qancha aholi band bo‘lishi aniq ko‘rsatiladi.

Sayxunobodda ilk bor yangi tajriba qilinib, 19 ta mahallani har biriga 1 tadan mini traktor, 4 tadan moto-kultivator olib berildi.

Endilikda har bir mahalladagi hokim yordamchisi “1 sotix tomorqadan kamida 1-2 million so‘m daromad” degan mezon asosida aholi uchun biznes reja ishlab chiqadi. Mahalladagi agronomlar bilan birga olib berilgan texnikalar hisobidan tomorqa yerlarini haydash va ekin ekish xizmatlarini ko‘rsatadi.

Sayxunobod tajribasi butun respublikada ommalashtiradi.

Sotib olish tizimini yo‘lga qo‘yish Sayxunobodda ham, boshqa tumanlarda ham eng asosiy masala.

Shu maqsadda tumanda eksportga ko‘maklashuvchi korxona ochilib, ustaviga 1 milliard so‘m kiritiladi.

Bu korxona 4 ming xonadonga serhosil qovoq, mosh, loviya, rozmarin, brokkoli, timyan urug‘ini yetkazadi, yetishtirilgan mahsulotni sotib olib, eksport qiladi.

Bundan tashqari, mahallada sotib olishni yo‘lga qo‘ygan eksportchi, ilg‘or tadbirkorlarga 300 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha grant beriladi.

Tumandagi 19 ta mahallaning har birida istagi bor aholiga namunaviy intensiv bog‘ qilib beriladi.

Shuningdek, xonadonlar kooperatsiya asosida eskportchi bilan bog‘lab beriladi, 2 ming tonnalik saqlash, saralash va qayta ishlash kompleksi tashkil etiladi.

Tumandagi 98 kilometr kanallar va drenaj tarmoqlari atrofidagi 100 gektar bo‘sh yerlar kooperatsiya asosida 500 ta xonadonga terak ekish uchun bo‘lib beriladi.

Sayxunobodda sanoat usulida yiliga atigi 60 ming parranda yetishtirilmoqda. Bu – viloyat ko‘rsatkichini 1 foiziga ham yetmaydi.

Shu bois, tumanda 4 ta yirik parrandachilik fermasi ishga tushiriladi va 2 ming xonadon bilan kooperatsiya yo‘lga qo‘yiladi.

Parranda korxonalari 2 mingta xonadonga 500 tadan 2 mingtagacha jo‘ja tarqatib, xonadonda sanoat usulida yiliga o‘rtacha 6 marta mahsulot olishni tashkil qiladi. Ular ozuqani ham o‘zi yetkazadi, boqishni ham o‘rgatadi, parvarishiga ham ko‘maklashadi.

Natijada xonadonlarda yiliga 10 million parranda boqilib, shuni o‘zidan tumanda yiliga qo‘shimcha 22 ming tonna parranda go‘shti yetishtiriladi.

Sirdaryo daryosining 19 kilometri “O‘rikzor” va “Yangihayot” mahallalaridan oqib o‘tadi. Tumanda 125 gektar tabiiy, 580 gektar sun’iy suv havzasi bo‘lsada, imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayapti.

Shu munosabat bilan “O‘rikzor” va “Yangihayot” mahallalaridagi 500 ta xonadonga basseyn qurib, baliqchilik bilan shug‘ullanishga ko‘maklashiladi.

Samarasiz 200 gektar sun’iy suv havzalari 300 ta xonadonga baliq yetishtirish uchun bo‘lib beriladi. Bunga 100 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.

Tumandagi xonadonlarning yarmida chorva boqiladi.

“Do‘stlik” mahallasida 50 dan ortiq odam chorvani yanada ko‘paytirish niyatida, lekin ularga ozuqaga yer berish, kredit olishda yordam berilmayapti. Tumanda hozir tashlandiq yotgan 400 gektar yer bo‘lsada, bu yerlar shunday xohishi bor odamlarga berilmagan.

Endilikda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida qoramol, qo‘y va echki olish uchun 33 million so‘m imtiyozli kredit garovsiz, naqd pulda beriladi. Bu orqali tumandagi 1,5 ming xonadonga chorvani ko‘paytirish uchun sharoit yaratiladi.

Qayd etilgan 400 gektarni 800 ta xonadonga bo‘lib berish topshirildi.

Tumanda kuniga o‘rtacha 300 tonna sut olinib, aholi tomonidan boshqa tumanlarga borib sotilayapti.

Shu munosabat bilan Xorazm tajribasi asosida “Sintob”, “Paxtaobod”, “Olg‘a bos”, “Do‘stlik” mahallalarida sutni yig‘ish shoxobchalarini ishga tushirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, “Olg‘a bos” mahallasida kuniga 3-4 tonna sutni qayta ishlash sexi foydalanishga topshiriladi.

Sayxunoboddagi xonadonlarda kichik ishlab chiqarishni tashkil qilishga ko‘maklashish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tumandagi bir necha yillardan buyon bo‘sh turgan 21 ta ob’yektga investorlarni jalb qilishning yangi mexanizmi joriy etiladi.

Kamida 100 million dollarlik sanoat loyihalari boshlanib, “Farovon” mahallasida uzoq vaqt tashlandiq bo‘lib turgan 35 gektar maydonda kichik sanoat zonasi tashkil qilinadi.

Tumanda tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilashga 60 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Mutasaddilarga tadbirkorlarning infratuzilma bilan bog‘liq masalalarni hal qilish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Sayxunobod hududidan o‘tgan A-373 avtomobil yo‘lidan har kuni 20 mingdan ziyod avtomobil o‘tadi.

Bu imkoniyatni ishga solish uchun “O‘rikzor”, “Guliston”, “Nurli yo‘l”, “Baxmalsoy”, “Farovon” mahallalaridagi 9 gektar maydonda 40 ta xizmat ko‘rsatish ob’yekti, 1 ta mehmonxona va 1 ta logistika markazi ishga tushiriladi.

Prezident yig‘ilganlar e’tiborini Sayxunobodda o‘tgan yili birorta ko‘p qavatli uy qurilmaganiga, vaholanki hozirni o‘zida 1 mingga yaqin aholi uy-joy olish istagida yurganiga qaratdi.

“Turon” mahallasidagi sobiq mashina-traktor parkiga tegishli bo‘sh yerda 10 ta ko‘p qavatli uy qurilishini boshlashga ko‘rsatma berildi.

Bu uylarda yashaydigan aholi uchun 180 o‘rinli yangi bog‘cha va 35-maktabda 330 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv bloki barpo etiladi. Shu yerni o‘zida ish o‘rni yaratish uchun tikuvchilik korxonalari tashkil qilinadi.

Sayxunobodda ham yashirin iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish va ish o‘rinlarini rasmiylashtirish bo‘yicha ishlarni faollashtirish lozimligi qayd etildi.

Bunda, mahalla hududidagi tadbirkorlar "soya"dan chiqib, rasmiy ish o‘rnini ko‘paytirsa, daromad solig‘idan qo‘shimcha tushumning 50 foizi o‘sha mahalla ixtiyorida qoladi.

Tumandagi mol-mulk va yer soliqlarining 10 foizi ham mahalla byudjetida qoladi.

Umuman, Sayxunobodda yo‘lga qo‘yilayotgan tajriba hisobiga har bir mahalla, har bir ko‘cha, har bir xonadon qamrab olinmoqda.

Sayxunobod misolida oilalarni daromadli qilish, investitsiya jalb qilish bo‘yicha yangi tizimni respublikaning barcha 9 ming 452 ta mahallasida yo‘lga qo‘yish yuzasidan iqtisodiy kompleks rahbarlariga, banklar, hokimlar va ularni birinchi o‘rinbosarlariga aniq topshiriqlar berildi.

Bu ishlar qanday tashkil qilinayotganiga qarab, ushbu rahbarlar faoliyatiga baho berilishi qayd etildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoq va hududlar rahbarlarining hisoboti tinglandi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar