Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 sentyabr kuni ta’lim, madaniyat va tibbiyot sohalaridagi bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 23 iyundagi qaroriga muvofiq “Yangi O‘zbekiston” universitetiga asos solingan edi. Qarorda universitet uchun zamonaviy o‘quv kampusi bunyod etilishi belgilangan.
Shu maqsadda turkiyalik muhandislar bilan birgalikda loyiha ishlab chiqilgan.
Tadbirda ushbu loyihaning asosiy jihatlari, bo‘lajak binoda yaratiladigan sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
Taqdimotda yangi kutubxona loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Bu ma’naviyat uyi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida barpo etiladi. Uning tashqi ko‘rinishi yurtimizdagi qadimiy obidalarga uyg‘un tarzda loyihalashtirilgan. Ulkan kitob fondini saqlash, mutolaa, madaniy hordiq chiqarish, turli tadbirlar o‘tkazish bilan bog‘liq barcha jihatlar inobatga olingan.
Davlatimiz rahbari shu yil 14 may kuni Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markaziga borib, sharoitlarni ko‘zdan kechirgan edi. Ushbu markaz uchun yangi bino qurish vazifasi qo‘yilib, Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi hududidan yer ajratildi.
Xorijiy tibbiyot muassasalarining ilg‘or tajribasi, shifokor va bemorlar uchun barcha sharoitlar hisobga olinib, loyiha ishlab chiqildi.
Yangi bino 10 qavat bo‘lib, birinchi qavatda maslahat poliklinikasi va qabul bo‘limi joylashadi. Yuqori qavatlarda 650 statsionar va 100 ambulator o‘ringa ega davolash bo‘limlari bo‘ladi. Shuningdek, bu yerda Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti kafedralari, magistratura, ordinatura uchun ham sharoitlar yaratiladi.
Binoning 3 qavatli yerosti qismida radiologiya va nur terapiya bo‘limlari, zamonaviy kompyuter tomografiya, magnit rezonans tomografiya, raqamli rentgen uskunalari va boshqa zamonaviy diagnostika bo‘limlari joylashtiriladi.
Davlatimiz rahbari qurilishlarni xalqaro standartlar asosida, sifatli amalga oshirish, binolarga xizmat ko‘rsatadigan texnik xodimlarni hozirdan tayyorlab borish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Izoh qoldirish