Hokim yordamchilari – xalq orasida (“Shodlik” mahallasi)

Hokim yordamchilari – xalq orasida (“Shodlik” mahallasi)

– O‘zingiz haqida qisqacha ma’lumot bersangiz. Sizning kasbiy yo‘lingiz nimadan boshlangan? Ushbu vazifaga qanday keldingiz (oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz)?

– Mehnat faoliyatimni Sirdaryo viloyati G‘aznachilik boshqarmasida boshlaganman. U yerda davlat moliyasi, byudjet ijrosi va moliyaviy intizom sohasida keng tajriba to‘pladim. Keyinchalik Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallalarda yangi tizim – hokim yordamchilari instituti joriy etilganidan so‘ng, aholi bilan bevosita ishlash, ularning muammolarini joyida hal etish va tadbirkorlikni rivojlantirish jarayonida ishtirok etish istagi bilan ushbu vazifaga o‘tdim. Bugungi kunda asosiy maqsadim – mahallada har bir xonadon bilan ishlash, ishsiz fuqarolarni band qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va odamlarning daromadini oshirishga amaliy hissa qo‘shishdir. Bu vazifa katta mas’uliyat talab qiladi, ammo har bir ijobiy natija va insonlarning minnatdorchiligi yanada ko‘proq ishlashga undaydi.

– Mahallaning portretini qanday tasvirlagan bo‘lar edingiz? Mahallada kimlar istiqomat qiladi, nimadan daromad topadi (u yerdagi mavjud infrastruktura ob’yektlari, yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari, aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz)?

“Shodlik” mahallasi Guliston shahrining faol va rivojlanib borayotgan mahallalaridan biri hisoblanadi. Bu yerda turli kasb egalari, tadbirkorlar, yosh oilalar, keksa avlod va mehnat faxriylari istiqomat qiladi. Aholi asosan xizmat ko‘rsatish sohasi, savdo, kichik tadbirkorlik, davlat tashkilotlari va xususiy korxonalarda mehnat qiladi. Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan va oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar soni ham yildan yilga ortib bormoqda. Mahallada aholi uchun barcha zarur ijtimoiy infratuzilma shakllangan. Mahallada 17 ta ko‘cha mavjud bo‘lib, 5 ta tijorat banki, bitta davlat ta’lim muassasasi, 2 ta xususiy ta’lim muassasasi, 1 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 5 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 1 ta sog‘liqni saqlash boshqarmasi, qator sanoat korxonalari, 164 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yekti faoliyat yuritmoqda. Yo‘llar, ko‘chalarni obodonlashtirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Hokim yordamchisi sifatida asosiy vazifamiz har bir xonadonning imkoniyatlarini o‘rganish va ularning daromadini oshirishga ko‘maklashishdan iborat. Shu maqsadda fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, imtiyozli kredit va subsidiyalar olishga yo‘naltirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish ishlarini tizimli ravishda olib bormoqdamiz. Eng muhimi, har bir murojaatga manzilli yondashib, odamlarning muammosini joyida hal etishga harakat qilamiz.

– Ish faoliyatingiz boshida sizni eng ko‘p qiynagan holat nima edi va buni qanday bartaraf etdingiz?

Hokim yordamchisi sifatida ishni boshlaganimda eng katta qiyinchilik mahalladagi har bir xonadonning holati, ehtiyoji va imkoniyatlarini qisqa vaqt ichida chuqur o‘rganish bo‘ldi. Chunki har bir oilaning muammosi va sharoiti turlicha. Shuning uchun kabinetda o‘tirib emas, balki aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, xonadonlarga kirib borish, ularning fikrini eshitish orqali ish boshladik. Dastlab ayrim fuqarolarda yangi tizimga nisbatan ishonch to‘liq shakllanmagan edi. Ammo har bir murojaatga mas’uliyat bilan yondashib, amaliy natija ko‘rsatganimizdan keyin odamlarning ishonchi ortdi. Bugungi kunda aholi muammolarini yashirmay, bemalol murojaat bilan keladi va birgalikda yechim topishga harakat qilamiz. Menimcha, hokim yordamchisi uchun eng muhim omil – odamlarni eshitish, ular bilan doimiy muloqotda bo‘lish va har bir masalaga manzilli yondashishdir. Ana shu tamoyil ishimiz samaradorligini ta’minlamoqda.

– Siz bevosita tanishish, so‘rov va o‘rganishlar orqali mahallaning ahvolidan doimiy ravishda yaqindan xabardor bo‘lib turasiz. O‘rganishlar natijasida yangidan o‘tgan mahallangizda qanday iqtisodiy imkoniyatlar aniqlandi?

Har bir xonadon bilan muloqot qilish jarayonida mahallaning iqtisodiy salohiyatini yanada yaqindan ko‘rish imkoniga ega bo‘ldik. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, “Shodlik” mahallasida xizmat ko‘rsatish, savdo, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyatlar mavjud. Ayniqsa, tikuvchilik, pazandachilik, maishiy xizmatlar, avtoservis va boshqa servis yo‘nalishlariga qiziqish bildirgan fuqarolar ko‘p ekani aniqlandi.

Shuningdek, ayrim fuqarolarda tadbirkorlikni boshlash uchun yetarli tajriba va xohish bor, ammo moliyaviy ko‘mak yoki maslahatga ehtiyoj sezilardi. Biz ularni imtiyozli kreditlar, subsidiyalar, kasb-hunar o‘quvlari va davlat dasturlari bilan bog‘lash orqali o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashdik.

Bugungi kunda asosiy maqsadimiz – har bir xonadonning imkoniyatini daromad manbaiga aylantirish. Chunki mahallaning iqtisodiy rivoji, eng avvalo, har bir oilaning barqaror daromadiga bog‘liq.

– Mahallangiz rivojining asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri nima? Nega ushbu yo‘nalishlar tanlab olindi? Tanlangan yo‘nalishlarni tezkor rivojlantirish uchun nima ishlar qilinmoqda?

“Shodlik” mahallasining iqtisodiy o‘sishida asosiy drayver sifatida aholi imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda xizmat ko‘rsatish, kichik tadbirkorlik, oilaviy tadbirkorlik, chorvachilik, parrandachilik va kasanachilik yo‘nalishlarini belgilab olganmiz. Chunki mahallamizda ushbu sohalarni rivojlantirish uchun yetarli salohiyat, tajriba va mehnat resurslari mavjud.

Ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida tikuvchilik, hunarmandchilik, savdo va turli xizmat turlariga qiziqish yuqori ekanini o‘rganishlar davomida aniqladik. Shuning uchun ularni kasbga o‘qitish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun zarur ko‘maklar ko‘rsatish, imtiyozli kredit va subsidiyalardan samarali foydalanishlariga yordam berishga alohida e’tibor qaratyapmiz.

Bundan tashqari, har bir xonadonning imkoniyatini alohida o‘rganib, mavjud salohiyatdan kelib chiqqan holda individual yondashuv asosida ish olib boryapmiz. Kimdadir tadbirkorlikka qobiliyat bor, kimdadir kasb o‘rganish ehtiyoji mavjud – shu asosda ularni tegishli yo‘nalishlarga yo‘naltiryapmiz.

Biz uchun asosiy maqsad – mahallada faqat ish o‘rinlarini yaratish emas, balki aholining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash va har bir oilaning iqtisodiy faolligini oshirishdan iborat.

– Mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar mavjud? O‘tgan vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi?

Bu yo‘nalishda biz eng avvalo, har bir xonadonning salohiyatini o‘rganib, aholining qiziqishi, kasb-hunari va mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ularni tadbirkorlikka jalb etishga harakat qilyapmiz. Chunki mahallada xizmat ko‘rsatish, savdo, tikuvchilik, hunarmandchilik, oilaviy tadbirkorlik va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat boshlash uchun imkoniyatlar mavjud. Fuqarolarga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun imtiyozli kreditlar, subsidiyalar, kasbga o‘qitish va zarur maslahatlar berish orqali amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida bir qator fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Jumladan, tikuvchilik, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda o‘z faoliyatini boshlagan fuqarolar mavjud. Buning natijasida aholi orasida o‘zini o‘zi band qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish va oila daromadini oshirish imkoniyatlari kengaymoqda.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 25 nafar fuqaro doimiy ish o‘rniga joylashtirildi, 4 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi. Shuningdek, 89 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilish orqali daromad manbaiga ega bo‘ldi, 12 nafar fuqaro esa kasb-hunar o‘rganish uchun o‘quv kurslariga yo‘naltirildi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 35 ta tadbirkorlik loyihasi shakllantirilib, tijorat banklariga tavsiya etildi. Bu loyihalar asosida 9 nafar fuqaroga imtiyozli kredit ajratilishiga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.

Shuningdek, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va boshqa ijtimoiy dasturlar doirasida murojaatlar o‘rganildi. O‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan 45 nafar fuqaro bilan ish olib borildi va 10 ta oilaga tadbirkorlikni boshlash yoki rivojlantirish uchun amaliy yordam ko‘rsatildi.

Bu natijalarning zamirida har bir xonadonga individual yondashuv, odamlarning imkoniyatini to‘g‘ri baholash va ularni daromadli faoliyatga yo‘naltirish tamoyili yotadi. Biz uchun asosiy maqsad – aholi bandligini ta’minlash bilan birga, oilalarning barqaror daromad manbaini shakllantirishdir.

– Biror ehtiyojmand oilani yoki yosh tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab, ular hayotida aniq o‘zgarish qilgan holatni misol sifatida keltirib o‘ting.

Aholi bilan ishlash jarayonida har bir oilaning imkoniyati va ehtiyojini alohida o‘rganib chiqamiz. Biz uchun eng muhim jihat – fuqaroning muammosini vaqtinchalik hal qilish emas, balki unga doimiy daromad manbaini yaratishga ko‘maklashishdir.

Faoliyatimiz davomida shunday misollar ko‘p uchraydiki, ular qilingan ishlarning samarasini yaqqol ko‘rsatadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabrdagi PF–258-sonli Farmoniga muvofiq, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash doirasida Shodlik mahallasida yashovchi fuqaro Muxtorova Sabina A’zam qiziga tikuvchilik faoliyatini kengaytirish uchun 30,9 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilishiga amaliy ko‘mak berildi. Ushbu mablag‘ hisobidan zarur tikuv uskunalari xarid qilinib, fuqaro o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi va o‘zini o‘zi band qilishga erishdi. Eng muhimi, bugungi kunda u barqaror daromad manbaiga ega bo‘lib, oilasining iqtisodiy ahvolini yaxshilashga muvaffaq bo‘lmoqda. Ana shunday misollar bizning ishlarimiz aholi hayotida amaliy natija berayotganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, aholi bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirish maqsadida bir qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 30 sentyabrdagi VMQ-612-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga kreditlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom” talablari asosida Shodlik mahallasida yashovchi fuqaro Bozorboyeva Sarvinoz Alijon qiziga tikuvchilik faoliyatini kengaytirish maqsadida 10 mln. so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratilishiga ko‘maklashildi.

Natijada fuqaroning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun imkoniyat yaratildi, u o‘zini o‘zi band qilishga erishdi va oilasi uchun barqaror daromad manbaini shakllantirish imkoniga ega bo‘ldi.

Bunday ishlardan asosiy maqsad – ehtiyojmand oilalarni faqatgina qo‘llab-quvvatlash emas, balki ularga o‘z mehnati orqali daromad topishi, mustaqil faoliyat yuritishi va kelgusida kichik tadbirkorlik sub’yektiga aylanishi uchun sharoit yaratishdir.

– Sizning fikringizcha, hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima qilish kerak?

Kambag‘allikni qisqartirish – bu faqat moddiy yordam ko‘rsatish emas, balki insonlarga o‘z imkoniyatidan foydalanib, mustaqil daromad topishi uchun sharoit yaratishdir. Shuning uchun bu yo‘nalishda eng avvalo har bir oilaning holatini chuqur o‘rganish va ularga individual yondashish muhim, deb hisoblayman.

“Shodlik” mahallasida ham biz asosiy e’tiborni aholini kasbga o‘qitish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va yangi daromad manbalarini yaratishga qaratyapmiz. Chunki insonning o‘z mehnati orqali barqaror daromadga ega bo‘lishi – kambag‘allikdan chiqishning eng samarali yo‘lidir.

Buning uchun, avvalo, yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish, kichik biznes loyihalarini moliyalashtirish, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirish zarur.

Shu bilan birga, aholida tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularga faqat kredit ajratish emas, balki biznes yuritish bo‘yicha maslahat va amaliy ko‘mak berish ham muhim ahamiyatga ega.

Mening fikrimcha, har bir xonadonning ichki imkoniyatini ishga solish orqali biz nafaqat kambag‘allikni qisqartiramiz, balki mahallaning umumiy iqtisodiy faolligi va farovonligini ham oshirishga erishamiz.

– Odamlar sizni ko‘proq qaysi muammolar bo‘yicha izlashadi? Misol keltira olasizmi? Bu masalalar qanday hal etilmoqda?

Hokim yordamchisi sifatida faoliyatimiz davomida fuqarolar bilan doimiy muloqotda bo‘lib, ularning murojaatlarini o‘rganib boramiz. Aholi, asosan, bandlik masalasi, tadbirkorlikni boshlash uchun moliyaviy ko‘mak, kredit olish, kasbga o‘qish, ijtimoiy yordam va turli maishiy masalalar bo‘yicha murojaat qiladi.

Har bir murojaatga individual yondashib, avvalo muammoning sababini o‘rganamiz va uni hal etish uchun tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qilamiz. Masalan, ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash bo‘yicha ularning kasbi, qiziqishi va imkoniyatlaridan kelib chiqib, bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, o‘zini o‘zi band qilish yoki kasb-hunarga o‘qitish choralarini ko‘ryapmiz.

Shuningdek, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarga biznes g‘oyasini shakllantirish, loyihasini tayyorlash, imtiyozli kredit va subsidiyalardan foydalanish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

Misol uchun, “Shodlik” mahallasida tikuvchilik yo‘nalishida faoliyat boshlash istagida bo‘lgan fuqarolarning murojaatlari o‘rganilib, ularga imtiyozli kredit mablag‘lari olishda ko‘mak berildi. Natijada ular o‘zini o‘zi band qilish va oilaviy daromadini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Biz uchun eng asosiy vazifa – fuqaroning murojaatini eshitish emas, balki uning yechimigacha yetib borish va amaliy natija bilan ta’minlashdir.

– Ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha mahallada qanday innovatsion yondashuvlardan foydalanildi? Chet elda ishlayotgan fuqarolarni qaytarish va o‘z yurtida tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha qanday ishlar qilinmoqda?

Ishsizlikni qisqartirishda asosiy yondashuvimiz – har bir fuqaroga individual yondashish va uning imkoniyatidan kelib chiqib yo‘naltirishdan iborat. Biz ishsiz fuqarolarni shunchaki ish bilan ta’minlash emas, balki ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlashga harakat qilamiz.

Shu maqsadda mahallada xonadonbay o‘rganishlar olib borilib, ishsiz fuqarolarning kasbi, tajribasi, qiziqishi va imkoniyatlari tahlil qilinmoqda. Natijada ayrim fuqarolar doimiy ish o‘rinlariga joylashtirilmoqda, ayrimlari o‘zini o‘zi band qilishga yo‘naltirilmoqda, boshqalari esa kasb-hunarga o‘qitilmoqda.

Jumladan, amalga oshirilgan ishlar natijasida “Shodlik” mahallasida 25 nafar fuqaro doimiy ish o‘rniga joylashtirildi, 4 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi, 89 nafar fuqaro va chet eldan qaytgan 14 fuqaro o‘zini o‘zi band qildi hamda 12 nafar fuqaro kasb-hunar o‘qishlariga yo‘naltirildi.

Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar bilan ham alohida ish olib borilyapti. Ular bilan muloqotlar o‘tkazilib, o‘z yurtida ham munosib daromad topish imkoniyatlari, tadbirkorlik dasturlari, imtiyozli kreditlar va boshqa qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida tushuntirishlar berilmoqda.

Asosiy maqsadimiz – mehnat migratsiyasidagi fuqarolarimizning tajribasi va salohiyatidan samarali foydalanib, ularni yurtimizda yangi ish o‘rinlari yaratadigan faol tadbirkorlarga aylantirishdir.

– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?

Hokim yordamchisi instituti – bu aholi bilan davlat o‘rtasidagi eng yaqin va samarali bog‘lovchi tizimlardan biri, deb hisoblayman. Chunki biz har kuni xonadonlar bilan ishlaymiz, odamlarning muammolari, imkoniyatlari va ehtiyojlarini joyida o‘rganamiz.

Faoliyat samaradorligini yanada oshirish uchun, avvalo, mahallada aniq ma’lumotlar bilan ishlash, har bir xonadonning iqtisodiy imkoniyatini tahlil qilish va natijador loyihalarni ko‘paytirish muhim. Shuningdek, hokim yordamchilarining malakasini muntazam oshirish, tadbirkorlik, moliya, investitsiya va zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish ham katta ahamiyatga ega.

Mening fikrimcha, hokim yordamchisiga eng katta yordam – bu tegishli tashkilotlar bilan samarali hamkorlik qilish imkoniyati va aholi muammolarini tezkor hal etish uchun zarur mexanizmlarni yanada takomillashtirishdir. Chunki mahalladagi har bir masalani o‘z vaqtida hal qilish uchun barcha mutasaddi tashkilotlarning hamjihatlikdagi harakati muhim.

Bizga bildirilgan ishonch va yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, asosiy maqsadimiz – aholi daromadini oshirish, ishsizlikni kamaytirish va mahallaning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shishdir.

– Agar sizda byudjet, vaqt va resurslar bo‘yicha hech qanday cheklov bo‘lmasa, mahallangizda qaysi loyihani amalga oshirgan bo‘lardingiz?

Agar imkoniyatlar cheklanmagan bo‘lsa, avvalo Shodlik mahallasida aholining bandligini ta’minlash va doimiy daromad manbaini yaratishga qaratilgan yirik loyihani amalga oshirgan bo‘lardim.

Bu, eng avvalo, zamonaviy kichik sanoat va xizmat ko‘rsatish markazini tashkil etish bo‘lardi. Ushbu markazda yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, ularga ishlash va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur sharoitlar yaratilardi. Ayniqsa, tikuvchilik, hunarmandchilik, xizmat ko‘rsatish va kichik ishlab chiqarish yo‘nalishlarini rivojlantirish orqali ko‘plab aholi vakillarini ish bilan ta’minlash imkoniyati yaratilar edi. Shu bilan birga, yosh tadbirkorlar uchun maslahat, o‘quv va amaliy ko‘mak berish tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lar edi.

Chunki mahallaning eng katta boyligi – bu uning aholisi. Agar insonlarga o‘z qobiliyatini namoyon qilish, mehnat qilish va daromad topish uchun imkoniyat yaratilsa, mahalla ham, hudud ham jadal rivojlanadi.

Mening asosiy maqsadim – “Shodlik” mahallasini nafaqat yashash uchun qulay, balki ishlash, tadbirkorlik qilish va yangi imkoniyatlar yaratish mumkin bo‘lgan namunaviy mahallaga aylantirishdir.

– O‘zbekiston Prezidentining mahalla institutini rivojlantirishga qaratilgan tashabbusi “quyidan yuqoriga” tamoyili asosida ishlash tizimiga o‘tish uchun poydevor bo‘ldi. Siz hokim yordamchisi sifatida ushbu islohotning mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi ahamiyatini qanday baholaysiz? Ilgarigi yondashuvlar bilan solishtirganda, ish uslubida qanday prinsipial o‘zgarishlar bo‘ldi?

Mahallabay ishlash tizimi va “quyidan yuqoriga” tamoyili asosidagi yondashuvning eng katta ahamiyati shundaki, bugun muammolarni yuqoridan belgilab emas, balki aholi bilan bevosita muloqot qilish orqali aniqlash va yechimini topish imkoniyati yaratildi.

Hokim yordamchisi sifatida biz har bir xonadonga kirib, aholining haqiqiy holatini, ehtiyojini va imkoniyatini o‘rganamiz. Kimga ish kerak, kimda tadbirkorlik qilish istagi bor, kimga kasb o‘rganish yoki moliyaviy ko‘mak zarur – barchasi manzilli ravishda aniqlanadi.

Ilgarigi yondashuvlarda ko‘proq umumiy dasturlar asosida ish olib borilgan bo‘lsa, bugungi tizimda har bir oila va har bir fuqaroga individual yondashuv shakllandi. Ya’ni asosiy e’tibor muammoni qayd etishga emas, uning amaliy yechimiga qaratilmoqda.

Bu tizim bizga mahallaning ichki imkoniyatlarini to‘liq ko‘rish, aholining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va mavjud resurslarni samarali yo‘naltirish imkonini bermoqda.

Mening fikrimcha, mahalla qanchalik kuchli va faol bo‘lsa, jamiyat ham shunchalik barqaror rivojlanadi. Shuning uchun bugungi vazifamiz – har bir xonadon bilan ishlash, odamlarning daromadini oshirish va ularning hayot sifatini yaxshilashdan iborat.

– O‘tgan yilda mahallangizda mahallabay tizimi doirasida qaysi aniq masalalar hal etildi? Xususan, bandlikni ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani yaxshilash yoki xonadonlar bilan ishlash yo‘nalishlarida qanday natijalarga erishildi?

O‘tgan yil davomida “Shodlik” mahallasida mahallabay ishlash tizimi asosida asosiy e’tibor aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish va ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.

Avvalo, ishsiz fuqarolar bilan manzilli ish olib borildi. Natijada 16 nafar fuqaro doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi, 3 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi, 44 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi hamda 10 nafar fuqaro kasb-hunar o‘qishlariga yo‘naltirildi.

Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 40 ta loyiha shakllantirilib, tijorat banklariga tavsiya etildi. Ushbu ishlar natijasida 19 nafar fuqaroga imtiyozli kredit ajratilishiga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan ham alohida ish olib borildi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va boshqa ijtimoiy dasturlar doirasida fuqarolarning murojaatlari o‘rganilib, ehtiyojmand oilalarga amaliy yordamlar ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, xonadonbay o‘rganishlar orqali har bir oilaning imkoniyati, muammosi va takliflari tahlil qilinib, ularni daromadli mehnatga jalb qilish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlar tizimli ravishda olib borildi.

Eng asosiy natija – odamlar bilan ishlashda yangi yondashuv shakllandi. Har bir xonadon o‘z muammosi bilan emas, balki o‘z imkoniyati bilan ham o‘rganiladi. Bu esa aholi farovonligini oshirish va mahallaning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

– Joriy yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan, oldingizga qo‘yilgan ustuvor vazifalar va asosiy yo‘nalishlar nimalardan iborat? Joriy yilda mahalla aholisi infratuzilmani rivojlantirish va aholi bilan manzilli ishlash borasida qaysi o‘zgarishlarni eng avvalo his qilishi kerak, deb o‘ylaysiz?

“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida bizning oldimizga qo‘yilgan asosiy vazifa – mahallada aholi uchun yanada qulay sharoit yaratish, ularning daromadini oshirish va har bir xonadon bilan manzilli ishlashni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.

“Shodlik” mahallasida ham bu yil asosiy e’tiborni aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlar hamda xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratyapmiz.

Infratuzilma yo‘nalishida esa aholi uchun muhim bo‘lgan masalalar – obodonlashtirish, yo‘llar holatini yaxshilash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish va yashash sharoitlarini yanada yaxshilashga e’tibor qaratiladi.

Eng muhimi, aholi bu o‘zgarishlarni kundalik hayotida his qilishi kerak. Ya’ni odamlar murojaat qilganda natija ko‘rishi, ishsiz fuqarolar bandlik imkoniyatiga ega bo‘lishi, tadbirkorlik qilish istagidagi insonlarga amaliy yordam ko‘rsatilishi lozim.

Biz bu yil ham har bir xonadonning imkoniyatini o‘rganib, ularni daromadli faoliyatga jalb qilish, mahallaning iqtisodiy salohiyatini oshirish va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettiramiz.

– 2026 yilda o‘z oldingizga mahallangizni rivojlantirish bo‘yicha qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz? Siz ishlayotgan mahalla 5 yildan keyin qanday bo‘ladi deb o‘ylaysiz?

2026 yildagi asosiy maqsadimiz – “Shodlik” mahallasining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish, aholi bandligini ta’minlash va har bir xonadonning daromad manbaini kengaytirishdan iborat.

Buning uchun birinchi navbatda ishsiz fuqarolar bilan manzilli ishlashni davom ettiramiz, ularni kasb-hunarga o‘qitish, doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish, o‘zini o‘zi band qilish va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha ishlarni yanada kuchaytiramiz.

Shuningdek, mahallada oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi loyihalarni shakllantirish, yoshlar va xotin-qizlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratamiz.

Kelajakda “Shodlik” mahallasini aholisi faol, tadbirkorligi rivojlangan, har bir xonadonda barqaror daromad manbai mavjud bo‘lgan, yashash uchun yanada qulay va obod mahalla sifatida ko‘rishni istaymiz.

Besh yildan keyin mahallamizda ishsizlik darajasi yanada qisqargan, yangi tadbirkorlik sub’yektlari ko‘paygan, yoshlar va xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilgan, eng muhimi, aholi o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni his qiladigan muhit shakllangan bo‘lishini maqsad qilganmiz.

Biz ishimizning asosiy mezoni sifatida raqamlarni emas, balki insonlarning roziligi va ularning hayotidagi aniq ijobiy o‘zgarishlarni ko‘ramiz.

Jamolliddin Turdimov

"Iqtisodiy sharh" jurnali №7/2026

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar