O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoat tarmoqlaridagi 9 oylik natijalar va yil yakunigacha bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Pandemiya oqibatlari sanoat ishlab chiqarish sur’atlariga ham ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Shu bois davlatimiz tomonidan har bir tarmoqni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rildi. Karantin davrida ham ishlab chiqarish davom etdi. Bularning natijasida sanoatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jiddiy yo‘qotishlarning oldi olindi.
E’tiborlisi, iqtisodiyotda yuqori qo‘shilgan qiymatni ta’minlovchi qayta ishlash sanoatida 9 oyda qariyb 3 foiz o‘sish qayd etildi. Xususan, elektr texnikasi ishlab chiqarish 25 foiz, to‘qimachilik mahsulotlari 12 foiz, metall rudalari qazish 7 foiz va qurilish materiallari 6 foizga o‘sdi.
Shuningdek, avtomobillar 1,5 baravar, elektr texnikasi mahsulotlari 1,3 barobar, to‘qimachilik tovarlari 16 foiz, mis sim 15 foiz ko‘p eksport qilindi.
Natijada yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati 0,4 foiz ijobiy darajada saqlab qolindi va byudjet daromadi 1,9 trillion so‘m ortig‘i bilan bajarilishiga erishildi.
Shu bilan bir qatorda, ayrim tarmoq va hududlarda ishlab chiqarishda qoloqlikka yo‘l qo‘yilgani oqibatida sanoat mahsulotlari bo‘yicha umumiy ko‘rsatkich 2,7 foizga kamaygan.
Yig‘ilishda bunga sabab bo‘lgan omillar tanqidiy tahlil qilinib, yil yakunigacha ishlab chiqarish hajmlarini ta’minlash chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, sanoat tarmoqlari va hududlarda yana qanday zaxiralar borligi, ularni ishga solish uchun nimalar qilish kerakligi batafsil muhokama qilindi. Pirovard maqsad – eksport, daromad, manfaat.
– Sanoat korxonalari boshqaruv tizimida muammolar bor. Mahsulotlar tannarxini tushirish kerak. Bu raqobat muhitini yaratishning muhim asosidir, – deya ta’kidladi Prezident.
Avval neft-gaz tarmog‘idagi ishlar tahlil qilindi. Qoloqlikka yo‘l qo‘ygan korxonalar faoliyati tanqidiy baholanib, rahbarlarning lavozimlariga loyiqlik masalasi ko‘rib chiqildi.
Yil yakuni bilan tabiiy gaz qazib olishni ko‘paytirish, ichki bozorga qo‘shimcha gaz yetkazib berish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, 740 ming tonna neft va kondensat qazib olish, 203 ming tonna suyultirilgan gaz va 125 ming tonna polietilen ishlab chiqarish vazifasi qo‘yildi.
“O‘zkimyosanoat” korxonalarida hali rezervlar mavjudligi, ishlab chiqarish hajmini oshirib, eksportga yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi. Qo‘qon superfosfat zavodining birinchi bosqichini modernizatsiya qilish, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida ammiak va karbamid kompleksini ishga tushirish choralari belgilandi.
“O‘zavtosanoat” boshqaruviga o‘tgan qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tarmog‘ida traktor va seyalkalar ishlab chiqarish 2 barobar kamaygani ko‘rsatib o‘tildi. IV chorakda avtomobillar ishlab chiqarishni 62 mingtaga yetkazib, 165 million dollarlik eksport qilish, butlovchi va ehtiyot qismlarni xorijiy bozorlarga sotishni yo‘lga qo‘yish zarurligi aytildi. Xalqaro ekspertlar bilan birga avtomobil sanoatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Qurilish materiallari, elektr texnikasi va yengil sanoatda ham hali ishlatilmagan zaxiralar bor.
Masalan, qurilish materiallari bo‘yicha yil yakunigacha 11 ta loyiha amalga oshiriladi. Bu orqali yangi mahsulotlar o‘zlashtirilib va mavjud korxonalar quvvati oshirilib, import o‘rnini qoplashga erishiladi.
Elektr texnikasi sanoatida 12 xil mahsulotni mahalliylashtirish loyihasi rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari ushbu quvvatlarni tezroq ishga tushirib, raqobatni ta’minlash, tovarlar narxini arzonlashtirib, eksportni kengaytirish muhimligini aytdi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga mavjud quvvatlarni to‘la ishga solish, 100 dan ziyod yangi korxonaga AQSh va Yevropada tan olingan xalqaro sertifikatlar olishda ko‘maklashib, ularni eksportga jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Bozor mexanizmlari to‘liq kirib bormagan tarmoqlarni transformatsiya qilish dolzarb bo‘lib bormoqda. Shu bois Prezidentimiz sanoat korxonalari faoliyatini takomillashtirish, xalqaro boshqaruv tizimini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Yig‘ilishda hududiy sanoat korxonalarida mavjud rezervlardan foydalanib, qo‘shimcha ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.
O‘tgan 9 oyda mahalliylashtirish borasida 55 ta hududiy loyiha ijrosi kechikkan, 144 ta loyiha bo‘yicha ishlab chiqarish hajmi ta’minlanmagan. Oqibatda 720 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlash imkoniyati yo‘qotilgan.
Tegishli vazirlik va hokimliklarga qoloqlikka yo‘l qo‘yilgan loyihalardagi muammolarni bartaraf etish, import o‘rnini bosuvchi yangi istiqbolli yo‘nalishlarni o‘rganib, mahalliylashtirish dasturiga kiritish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Umuman, qolgan uch oyda qiymati 7 milliard dollarlik 80 ta tarmoq va 44 ta hududiy yirik loyihani ishga tushirish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda ishlab chiqarishni kengaytirish orqali eksport hajmini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
– Bugun eksportchi korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvatlashni kengaytirish bo‘yicha farmonni imzoladim. Endi bunday korxonalar uchun yangi tashkil qilinayotgan Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi. Shu maqsadda jamg‘armaga 100 million dollar berilmoqda. Bu, o‘z navbatida, mahsulotlarni tashqi bozorlarga uzluksiz yetkazib berish uchun korxonalarning aylanma mablag‘lariga yo‘naltiriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bosh vazir o‘rinbosarlariga bu boradagi vazifalarni tezkor, samarali va manzilli hal qilib borib, yil yakuniga belgilangan ko‘rsatkichlarni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoq va hudud rahbarlari hisobot berdi.
Izoh qoldirish