Markaziy bank prognozi: 2021 yilda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi 4,5-5,5 foizni tashkil etadi

Markaziy bank prognozi: 2021 yilda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi 4,5-5,5 foizni tashkil etadi

2020 yil IV choragi va yanvar oyining birinchi yarmidagi ko‘rsatkichlarni hisobga olganda, makroiqtisodiy sharoitlar Markaziy bankning bazaviy prognozlariga muvofiq shakllanmoqda, deyiladi bank matbuot xizmati xabarida.

2021 yil uchun prognozlar

2020 yildagi ko‘rsatilgan fiskal rag‘batlantirish va pul-kredit sharoitlarining nisbatan yumshatilishi ta’siri 2021 yilning birinchi yarmida talab tomondan iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Bunda 2021 yilda YaIMning real o‘sishi 4,5-5,5 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

2021 va undan keyingi yillarda iqtisodiyotning real sektorida raqobatni rivojlantirishga, investitsion muhit va infratuzilmani yaxshilashga yo‘naltirilgan tarkibiy o‘zgarishlar va iqtisodiy islohotlar iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan bo‘ladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021 yilda iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari hajmi nominal YaIM o‘sishiga mutanosib bo‘ladi va 16-20 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Tartibga solinadigan narxlarning o‘zgarishsiz qolishi va inflyasiya omillarining muvozanatlashishi hisobiga 2021 yil yakuni bo‘yicha inflyasiya darajasining 9,0-10,0 foizga qadar yanada pasayishi kutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, asosiy stavkani pasaytirish bo‘yicha ilgari qabul qilingan qarorlarning to‘liq transmissiyasi, shuningdek, pul-kredit sharoitlarining nisbatan yumshatilishiga iqtisodiyotning moslashuvi ma’lum vaqtni talab qiladi.

Markaziy bank baholashlariga ko‘ra, pul-kredit siyosatining joriy “nisbatan qat’iy” sharoitlari 2021 yilning birinchi yarmida iqtisodiy o‘sishning bazaviy prognozlarini qo‘llab-quvvatlash va pul bozorida ijobiy real foiz stavkalarni (3-4 foiz darajasida) ta’minlash uchun yetarli hisoblanadi.

Ehtimoliy xatarlar

Yaqin oylarda iqtisodiyotda inflyasiyani oshiruvchi xatarlarning kuchayish ehtimoli pastligicha qolmoqda.

Shu bilan birga, inflyasiyaning bir martalik omillarining vujudga kelish ehtimoli va inflyasion kutilmalarning yuqori darajada saqlanib qolishi bilan bog‘liq xatarlar mavjud.

Yaqin istiqbolda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi xatarlardan biri sifatida qolmoqda. Proteksionistik siyosat, eksportyorlar tomonidan asosiy oziq-ovqat tovarlari eksporti bo‘yicha cheklov choralarining (kvota va tariflar) kiritilishi asosiy oziq-ovqat tovarlari importining qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.

Shu sababli, oziq-ovqat bozorlari barqarorligini oshirish ko‘p jihatdan respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash kompleks strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishga bog‘liq bo‘ladi. Ichki bozorni zaruriy tovarlar hajmi bilan ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rish, shu jumladan, bazaviy oziq-ovqat tovarlari importi geografiyasini diversifikatsiya qilish va konsentratsiyalashuvini qisqartirish muhim ahamiyatga ega.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar