Qashqadaryo viloyatining 2022 yil yanvar-mart oylaridagi xizmat ko‘rsatish sohasi ko‘rsatkichlari tahlili

Qashqadaryo viloyatining 2022 yil yanvar-mart oylaridagi xizmat ko‘rsatish sohasi ko‘rsatkichlari tahlili

Viloyatda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 3 353,7 mlrd so‘mni tashkil qilgan holda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 112,5%ga oshgan. Alohida ta’kidlash lozimki, viloyatda ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi yildan yilga o‘sish ko‘rsatkichini qayd etib kelmoqda.

Xizmatlar hajmining respublika ko‘rsatkichidagi ulushi 4,5% bo‘lib, hududlar orasida 7-o‘rinni egallagan.

Viloyatda jami yaratilgan yalpi hududiy mahsulot (YaHM) tarkibida xizmatlar ko‘rsatish sohasining ulushi 40,1%ni tashkil qilgan.

2022 yil yanvar-mart oylarida jami xizmatlar tarkibida savdo (30,7%), moliya (19,5%) va transport (19%) xizmatlarining ulushi yuqori bo‘lgan bo‘lsa, me’morchilik, muhandislik va texnik (1%), sog‘liqni saqlash (1,3%), ko‘chmas mulk, ijara va lizing (2,4%), yashash va ovqatlanish (2,9%), kompyuter, maishiy tovarlarni ta’mirlash va shaxsiy xizmatlar (3,4%), ta’lim (4,5%), axborot va aloqa (4,9%) xizmatlarining ulushi past bo‘lgan. Shuningdek, joriy holatga ko‘ra viloyatda ijara va lizing (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 82,4%) xizmatlaridan tashqari barcha xizmat turlari bo‘yicha o‘sishga erishilgan. Eng yuqori o‘sish sur’ati moliya (135,2%) va axborot va aloqa (118,6%) xizmatlari sohalarida kuzatilgan.

Viloyat bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar hajmida Qarshi shahri (34%) va Shahrisabz (6,9%) tumanlarining ulushi o‘rtachadan yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan. Shuningdek, Koson (6,2%), Kitob, Chiroqchi (6%), Muborak, Shahrisabz shahri (5,5%), Yakkabog‘ (5%), Qarshi (4,7%), G‘uzor (4,3%), Qamashi (4%), Nishon (3,7%), Kasbi, Dehqonobod (3%), Mirishkor (2,3%) tumanlarining viloyat jami xizmatlardagi ulushi past bo‘lgan.

Xususan, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan viloyatning barcha hududlarida xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha o‘sish ko‘rsatkichlariga erishilgan. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Qarshi (118,2%), Shahrisabz (117,5%) shaharlari va Shahrisabz tumani (117,4%)da kuzatilgan.

Xizmatlar sohasi bo‘yicha viloyatning barcha tuman (shahar)larida o‘sish sur’atlari ta’minlanganiga qaramasdan, jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi bo‘yicha Respublika hududlarida orasida viloyat ko‘rsatkichi hamon pastligicha qolmoqda. Xususan, viloyatda 1 chorak holatga ko‘ra jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi 981,8 ming so‘m (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 110,1%)ni tashkil etgan holda Respublika hududlari orasida 14-o‘rinni egallagan.

Jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi bo‘yicha Qarshi shahri (viloyatning o‘rtacha ko‘rsatkichidan 4,1 baravar yuqori), Muborak tumani (2,1 baravar) va Shahrisabz shahri (1,3 baravar) va Shahrisabz tumani(102%)ning ko‘rsatkichlari viloyat o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqoridir.

Nishon (viloyat o‘rtacha ko‘rsatkichidan 21,0%ga past), Kitob (24%), Koson (29%), G‘uzor (30%), Dehqonobod (34%), Mirishkor (35%), Yakkabog‘ (37%), Qarshi (38%), Kasbi (viloyat ko‘rsatkichidan qariyib 2 baravar), Qamashi, Chiroqchi (2,1 barobar) tumanlarida jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar xajmi nisbatan ancha pastdir.

Viloyatda demografik o‘sishning yuqoriligi (har yili o‘rtacha qariyib 100,0 ming nafar tug‘ilish) ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmini va ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha bir qator vazifalarni amalga oshirishni talab etadi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-104 sonli Qarorida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator amaliy chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu qarorga muvofiq:

-viloyatning Kitob, Shahrisabz, Qamashi tumanlarida mehmonxona (joylashtirish), savdo, umumiy ovqatlanish, ko‘ngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi;

-viloyat tuman (shahar)laridagi 18 ta markaziy ko‘chalari maxsus xizmat ko‘rsatish ko‘chalariga aylantiriladi;

-Koson tumanidagi “Do‘stlik MFY” va Yakkabog‘ tumanidagi “Ayg‘irko‘l MFY” dagi "Yangi O‘zbekiston" massivlarida 101 ta yangi xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini tashkil etiladi;

-Qarshi shahridagi “Qarliqxona MFY” (1,1 ga yer maydoni) va Qarshi tumani “Ravot MFY” hududida yirik savdo komplekslari va hududiy savdo-logistika markazlari tashkil etiladi;

-G‘uzor, Kitob va Muborak tumanlaridan o‘tgan xalqaro yo‘llar bo‘yida xizmat ko‘rsatish ob’yektlari tashkil etiladi;

-Qarshi va Shahrisabz shaharlarida nodavlat umumta’lim muassasalarini qurish uchun jami 4 ga, Koson, Chiroqchi, Qarshi, G‘uzor tumanlari va Qarshi shahrida jami 5 ga yer maydoni nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish uchun ye-auksionga chiqariladi;

-2022 yilda xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida viloyat uchun 40,0 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

Ushbu vazifalarni bajarish orqali 2022 yilda viloyatda xizmat ko‘rsatish xajmi 20268,9 mlrd so‘mga yetadi va sohada 150% o‘sish ko‘rsatkichi qayd etiladi. Yangidan tashkil etilishi ko‘zda tutilayotgan 10032 ta xizmat ko‘rsatish ob’yektlari orqali 56 ming nafar fuqarolarning bandligi ta’minlanadi.

Furqat Islomov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Qashqadaryo filiali yetakchi ilmiy xodimi
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar