Qamashi tumanining bir nechta oilasi o‘z xo‘jaligini kengaytirish va shu orqali daromadlarini oshirish uchun yangi imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Tumanidagi tomorqa yer egalariga beg‘araz yordam sifatida 14 ta yangi issiqxonani topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Yordam FAO va va Global ekologik jamg‘armaning «Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish» loyihasining global koronavirus inqiroziga qarshi ijtimoiy-iqtisodiy choralar doirasida amalga oshirildi.
«Ushbu yordamni ko‘rsatishga qaror qilish orqali qishloq xo‘jaligini ishlab chiqarish xarajatlarini iqtisod qilishni, pandemiya va karantin davrida o‘z-o‘zini oziq-ovqat bilan ta’minlashni, shuningdek, butun dunyoda virus bilan bo‘lgan eng og‘ir vaziyat tugaganidan keyin tomorqa yer egalariga rivojlanish imkoniyatlarini taqdim etishni maqsad qildik», - dedi loyihaning mintaqaviy koordinatori Maxmud Shaumarov.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda karantin davrida ma’lum qiyinchiliklarga duch kelgan qishloq aholisini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 31 ta suv nasoslari, 10 ta moto-kultivator, shuningdek 30 ming dona pomidor, bodring, baqlajon, qalampir ko‘chatlari va 10,750 kg mineral o‘g‘itni Buxoro viloyatining Buxoro tumani hamda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani aholisini qo‘llab quvvatlash maqsadida yetkazib berildi. Ayni kunlarda CACILM-2 loyihasi qishloq aholisiga yordam berishni davom ettirmoqda va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Issiqxonalarni qabul qilish va topshirish dalolatnomasini imzolash marosimi Qamashi tumani hokimligida bo‘lib o‘tdi. Hujjatga ko‘ra, «Sarkash», «Badaxshon» va «Loyqasoy» qishloq fuqarolar yig‘inlarining 14 xonadonlarida yangi issiqxonalar o‘rnatildi.
«FAO tomonidan ko‘rsatilgan yordam temir daftarda ro‘yxatda bo‘lgan kam ta’minlangan oilalar, shuningdek karantin paytida ishsiz bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar tanlab olingan. O‘tgan yil davomida FAOning tumanimizda olib borayotgan loyihasi tufayli bir qator ijobiy natijalarga erishildi. Biz eng chekka aholi punktlari aholisini ish bilan ta’minlash va daromadlarini ko‘paytirish, ularning turmush darajasini oshirish maqsadida hamkorlikni rivojlantirishda davom etamiz» - dedi Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani hokimi Botir Tog‘ayev.
Keyinchalik, hokimiyat vakillari va FAO mutaxassislari yangi issiqxonalarni o‘rnatish jarayoni bilan tanishdilar, shaxsiy tomorqa egalari bilan suhbatlashdilar.
«Issiqxona qulay va zamonaviy. Unda turli xil ziravorlar, kashnich va sarimsoq kabi ekinlarni ekdik. Umid qilamizki, yil davomida turli ekinlarni yetishtirib yaxshigina daromad olishimiz mumkin. Agar harakat qilinsa, 10-15 million so‘m foyda ko‘ramiz degan umiddaman. Keyinchalik biz bodring va pomidor yetishtiramiz. Yordam uchun minnatdorlik bildiramiz, mening oilam juda ham xursand. Bu bizning ro‘zgorimiz uchun juda katta yordam», - deydi yangi kichik issiqxonalardan birining egasi Muzaffar Jovqiyev.
FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan yana 20 ta yangi kichik issiqxonani topshirish marosimi ham tez orada Buxoro viloyatining Buxoro tumanida bo‘lib o‘tadi.
Izoh qoldirish